Trampning Yevropaga boj tahdidi jahon bozorlarini larzaga soldi
Geosiyosiy xavflarning kuchayishi qimmatbaho metallar narxini yangi rekord darajalarga olib chiqishi mumkin.

Geosiyosiy keskinlikning kuchayishi investorlarni xavfsiz aktivlarga yoʻnaltirib, oltin va kumush narxlarining oshishiga turtki bermoqda.
AQSh prezidenti Donald Trampning 1 fevraldan boshlab Daniya, Norvegiya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Finlyandiyadan import qilinadigan tovarlarga 10 foizlik yangi bojlar joriy etishni, 1 iyundan esa ularni 25 foizgacha oshirishni rejalashtirmoqda.
Bu qaror bozorlar va Yevropa biznes doiralari orasida jiddiy xavotir uygʻotmoqda.
IG brokerlik kompaniyasining hafta oxiri savdolariga koʻra, 19 yanvar kuni London fond birjasi qayta ochilganda aksiyalar narxi pasayishi kutilmoqda. Geosiyosiy xavflarning kuchayishi esa qimmatbaho metallar narxini yangi rekord darajalarga olib chiqishi mumkin. 20 yanvar qayta ochiladigan Uoll-strit ham pasayish tomon harakatlanishi ehtimol qilinmoqda.
IG kompaniyasining bozor tahlilchisi Toni Sikamorga koʻra, soʻnggi keskinlik NATO ittifoqlarining yemirilishi ehtimoli va Yevropaning bir qator davlatlari bilan oʻtgan yili tuzilgan savdo kelishuvlarining izdan chiqishi borasidagi xavotirlarni kuchaytirdi. Bu aksiyalarda tavakkalchilikdan qochish kayfiyatini kuchaytirib, oltin va kumushga boʻlgan xavfsiz aktivlar sifatidagi talabni oshirmoqda.
IG hafta oxiri bozori maʼlumotlariga koʻra, Buyuk Britaniyaning FTSE 100 indeksi dushanba kuni 0,9 foizga pasayishi kutilmoqda. Weekend Wall Street bozori esa AQShning 30 ta yirik kompaniyasini qamrab oluvchi Dow Jones sanoat indeksining 0,5 foizga tushishini koʻrsatmoqda.
IG’ning hafta oxiri qimmatbaho metallar bozorida oltin narxi 0,6 foizga oshib, bir unsiya uchun 4 625 dollarga yetdi va oʻtgan haftada qayd etilgan 4 642 dollarlik rekordga yaqinlashdi. Kumushning spot narxi esa 0,5 foizga koʻtarilib, bir unsiya uchun 90,41 dollarni tashkil etdi.
17 yanvar kuni Yevropa yetakchilari, jumladan Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen Trampning bu qarorini tanqid qilib, u NATO mudofaa ittifoqiga putur yetkazishi mumkinligini taʼkidladilar.
Wealth Club’ning bosh investitsiya strategisti Suzanna Striterga koʻra, Trampning yangi siyosati yangi iqtisodiy betartiblikni qoʻzgʻatdi va Buyuk Britaniya iqtisodiyoti uchun orqaga qadam boʻldi.
"Bu allaqachon murakkab muzokaralardan oʻtib, tarif bitimlarining dastlabki bosqichiga erishgan siyosatchilar uchun bosh ogʻrigʻiga aylanuvchi holatdir. AQSh bozoriga mahsulot sotayotgan kompaniyalar va ularning mijozlari uchun esa bu yana murakkab qarorlar qabul qilish zaruratini tugʻdiradi.
Ular hozirgi bojlarni oʻzlashtirishga zoʻrgʻa ulgurayotgan edi, endi esa qoʻshimcha yukni yutib yuborishga imkon qolmaydi. Shu bois yangi bojlar oxir-oqibat amerikalik isteʼmolchilar zimmasiga tushishi ehtimol", — dedi u.
Yakshanba kuni Yevropa biznes uyushmalari Yevropa Ittifoqini AQShga nisbatan qatʼiyroq pozitsiya egallashga chaqira boshlagani ham kuzatildi. Germaniyaning mashinasozlik uyushmasi — VDMA Yevropa Komissiyasini AQShga qarshi majburiy choralar mexanizmidan foydalanish imkoniyatini koʻrib chiqishga chaqirdi.
" Yevropa Ittifoqi bu safar yon bersa, bu AQSh prezidentini yana asossiz talablar qoʻyishga va yangi bojlar bilan tahdid qilishga undaydi" — dedi VDMA prezidenti Bertram Kavlat kechagi bayonotida.
Germaniya avtomobil sanoati uyushmasi prezidenti Xildegard Myuller esa ushbu qoʻshimcha bojlarning Germaniya va umuman Yevropa sanoati uchun nihoyatda katta xarajatlar keltirib chiqarishini taʼkidladi.
Britaniya Savdo palatalari savdo siyosati boʻyicha rahbari Uilyam Beyn AQShga eksport qilinadigan mahsulotlarga yangi bojlar joriy etilishi britaniyalik eksportchilar uchun yana bir yomon xabar boʻlishini aytdi. U Buyuk Britaniya hukumatini oʻtgan yili AQSh bilan tuzilgan, ammo oʻtgan oy muzlatib qoʻyilgan savdo bitimini amalga oshirishga undadi.