“Sea Breeze Uzbekistan” boʻyicha jamoatchilik eshituvi oʻtkaziladi
Tadbir turistik majmua qurilishining atrof-muhitga taʼsirini baholashga bagʻishlanadi.

“Sea Breeze Uzbekistan” turistik majmuasi boʻyicha jamoatchilik eshituvi oʻtkaziladi.
2026 yil 23 yanvar kuni soat 10:00da Boʻstonliq tumani hokimligi binosida (Toshkent viloyati, Gʻazalkent shahri, Mustaqillik koʻchasi, 14-uy) “Sea Breeze Uzbekistan” turistik majmuasi qurilishi loyihasi boʻyicha atrof-muhitga taʼsirni baholash yuzasidan jamoatchilik eshituvi boʻlib oʻtadi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi xabar berdi.
Loyiha Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida, Chorvoq suv omborining sharqiy qirgʻogʻi hududida joylashgan boʻlib, zamonaviy turistik infratuzilmani barpo etishni nazarda tutadi.
Mazkur jamoatchilik eshituvlari loyihasi doirasida:
• hududni rejalashtirish va qurilish yechimlari;
• atmosfera havosi, suv va tuproqqa boʻladigan taʼsir;
• chiqindilarni boshqarish;
• yashil hududlar va suv obʼektlarini muhofaza qilish;
• ekologik xavfsizlik choralari va monitoring masalalarini muhokama qilish maqsadida tashkil etilmoqda.
"Loyiha hujjatlari Oʻzbekistonning amaldagi ekologik qonunchiligi talablariga muvofiq ishlab chiqilgan.
Loyiha boʻyicha taklif va mulohazalaringizni jamoatchilik eshituvlari davomida yoki yozma shaklda taqdim etishingizni soʻraymiz", deyiladi xabarda.