Sanoat korxonalarini poytaxtdan tashqariga koʻchirish boshlandi
Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida yiliga oʻrtacha 226,7 tonna zararli moddalar atmosferaga chiqarilishining oldi olinishi mmaʼlum qilingan.

Sanoat korxonalarini poytaxtdan tashqariga koʻchirish boshlandi.
Prezidentning 2025 yil 30 yanvardagi “Oʻzbekiston-2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida"gi 16-sonli Farmoniga muvofiq, mamlakatda ekologik jihatdan xavfli va energiya sarfi yuqori boʻlgan ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish hamda ularni bosqichma-bosqich shaharlar tashqarisiga koʻchirish boʻyicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Maxsus komissiya tomonidan sanoat korxonalari poytaxt hududidan tashqariga koʻchirilmoqda. Bir sanoat korxonasini koʻchirish shaharda yiliga 226 tonnadan ortiq tashlamani qisqartirish imkonini beradi.
Mazkur hujjatda mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda Toshkent va Nukus shaharlari, shuningdek, viloyat markazlaridan asbest va sement sanoati, charm-poyabzal hamda parrandachilik ishlab chiqarishlari, qora va rangli metallurgiya, shuningdek, energiya isteʼmoli yuqori boʻlgan boshqa tarmoqlarga mansub korxonalarni koʻchirish boʻyicha asoslantirilgan takliflar ishlab chiqish nazarda tutilgan.
Xususan, Toshkent shahrida faoliyati ushbu talablarga mos keladigan 87 ta korxona mavjud boʻlib, ularni koʻchirish mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish va texnologik jarayonlarni zamonaviy ekologik standartlarga muvofiqlashtirish sharti bilan bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Maxsus komissiya tomonidan sanoat obʼektlarida doimiy ravishda reyd tekshiruvlari oʻtkazilmoqda.
Jumladan, Toshkent shahrining Yangihayot tumani Janubiy sanoat zonasida ikkilamchi rangli metallarni yigʻish, qayta ishlash va ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Oʻzvtorsvetmet” AJ faoliyati tekshirildi. Mazkur korxona ekologik xavflilikning I toifasiga mansub obʼekt hisoblanadi.
2025 yil oktabr oyida oʻtkazilgan tekshiruv natijalariga koʻra, atrof-muhitni ifloslantirish holatlari aniqlangan. Korxonaga majburiy koʻrsatma berilib, yetkazilgan ekologik zarar uchun 18 milliard 91 million 717 ming 137 soʻm miqdorida kompensatsiya hisoblandi.
Maxsus komissiya qarori hamda Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi koʻrsatmalariga asosan, atrof-muhitga salbiy taʼsirning oldini olish maqsadida korxona Jizzax viloyatidagi sanoat zonasiga koʻchiriladi va Yangihayot tumani hududida ishlab chiqarish faoliyatini toʻxtatadi.
Kompensatsiya toʻlovlari boʻyicha berilgan imtiyozlar hisobidan eskirgan va ekologik jihatdan zararli eritish pechlari utilizatsiya qilinadi hamda korxona faoliyatini zamonaviy ekologik talablarga toʻliq javob beradigan, texnologik jihatdan takomillashgan uskunalarda davom ettiradi.
Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida yiliga oʻrtacha 226,7 tonna zararli moddalar atmosferaga chiqarilishining oldi olinishi kutilmoqda.