Bandlik vazirligi: qurilishlarda mehnat xavfsizligi boʻyicha jiddiy muammolar mavjud
2025 yilda baxtsiz hodisalar soni 234 taga yetgan, halok boʻlgan ishchilar soni 99 nafarni tashkil etgan. Bu 2024 yildan sezilarli miqdorda koʻp.

Oʻzbekistonda qurilish obʼektlarida mehnat xavfsizligini taʼminlash masalasi yildan-yilga keskinlashib bormoqda. Bu haqda Bandlik vazirligi xabar berdi.
2024 yilda qurilish sohasida 204 ta mehnat faoliyati bilan bogʻliq baxtsiz hodisa qayd etilgan, ushbu hodisalar oqibatida 71 nafar ishchi vafot etgan.
2025 yilda esa holat yanada yomonlashgan: baxtsiz hodisalar soni 234 taga yetgan, halok boʻlgan ishchilar soni 99 nafarni tashkil etgan. Yaʼni, hodisalar soni ham, oʻlim bilan tugayotgan holatlar ham oʻsish tendensiyasiga ega.
Bu esa qurilishda mehnat xavfsizligi bilan bogʻliq jiddiy muammolar mavjudligini yaqqol koʻrsatadi.
Baxtsiz hodisalarning aksariyati quyidagi omillar bilan bogʻliq:
-mehnat xavfsizligi talablariga amal qilmaslik;
-ishchilarni shaxsiy himoya vositalari bilan toʻliq taʼminlamaslik;
-qurilish maydonlarida doimiy nazoratning yoʻqligi;
-tashkilot rahbarlarining shaxsiy javobgarlikni his qilmasligi.
"Eng xavotirli jihat — koʻplab hodisalar oldindan bashorat qilinadigan, oldini olish mumkin boʻlgan holatlar ekanligidir.
Ayanchli savol: qurilish tashkilotlari rahbarlari mehnat xavfsizligiga jiddiy munosabatda boʻlishi uchun yana qancha ishchi halok boʻlishi kerak?
Nazorat organlari profilaktik ishlarni kuchaytirishi, jiddiy choralar koʻrish uchun yana qancha oila otadan, oʻgʻildan, oila boquvchisidan ayrilishi kerak?", deya savol qoʻyadi vazirlik.
Qurilish sohasida: profilaktik nazoratni kuchaytirish, xavfli obʼektlarni tizimli monitoring qilish, qonun buzilishlariga nisbatan muqarrar javobgarlikni taʼminlash, inson hayotiga befarq munosabatda boʻlgan rahbarlarga qatʼiy chora koʻrish dolzarb vazifaga aylanishi lozim, deya taʼkidlanadi xabarda.