Toshkent viloyati hududlarida tezkor-qidiruv tadbirlari oʻtkazildi
Oʻnga yaqin fuqaroning yashash xonadonlaridan jami 17,5 tonna tarkibida qimmatbaho metall boʻlgan qum va toshlar va narkotiklar topildi.

Jinoyatchilikka qarshi tezkor tadbirlar oʻtkazildi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi va viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari hamkorligida kriminogen vaziyatni sogʻlomlashtirish hamda qimmatbaho metallar noqonuniy savdosiga aloqador jinoiy guruhlar faoliyatiga chek qoʻyish maqsadida Ohangaron tumani, Angren va Olmaliq shaharlarida tezkor-qidiruv tadbirlari amalga oshirildi.
Natijada, 9 nafar fuqaroning yashash xonadonlaridan jami 17,5 tonna tarkibida qimmatbaho metall boʻlgan qum va toshlar, ularga ishlov berishda foydalaniladigan asbob-uskunalar, 135 g oltin, 25 g “marixuana” giyohvandlik vositasi, 1 dona ov quroli va 42 dona oʻq-dori protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Hozirda ashyoviy dalillar ekspertizaga yuborilib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.