Koʻp kitob oʻqigan xodimga pul mukofoti beriladi
Eng koʻp kitob oʻqigan top-100 talikka kiradigan oʻquvchi va talabalarning har biriga BHMning 25 baravari miqdorida pul beriladi.

Eng koʻp kitob oʻqigan xodimga pul mukofoti beriladi.
Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va aholi oʻrtasida kitob oʻqishga qiziqishni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–9-son, 15.01.2026 y.) qabul qilindi.
Qarorni qabul qilishdan koʻzlangan asosiy maqsad 2026 – 2030 yillarda aholining kitobxonlik darajasi (1 odam oʻqiydigan kitob soni)ni yiliga oʻrtacha 10 ta kitobga yetkazish etib belgilandi.
Farmonga koʻra, barcha vazirlik va idoralarda:
- 2026 yil 1 martga qadar tegishli soha boʻyicha tavsiya etiladigan kasbiy faoliyatga oid adabiyotlar roʻyxati shakllantiriladi;
- har yili kamida 3 tadan kasbiy faoliyatga oid xorijiy adabiyotlarni mahalliy nashriyotlar orqali oʻzbek tiliga tarjima qilib, malakali mutaxassislar ishtirokida ularni izohlar, lugʻat va misollar bilan boyitish amaliyoti joriy etiladi;
- 2026 yil 1 aprelga qadar oʻzida va tizimidagi tashkilotlarda “Kitob burchagi” tashkil etiladi va xodimlar uchun har oyda “Kitob oʻqish soati” yoʻlga qoʻyiladi;
- kitobxonlik boʻyicha ichki reyting tizimi joriy etiladi;
- tanlov asosida eng koʻp kitob oʻqigan xodimga 1 oylik ish haqi miqdorida pul mukofoti beriladi.
Shuningdek, eng koʻp kitob oʻqigan top-100 talikka kiradigan oʻquvchi va talabalarning har biriga BHMning 25 baravari miqdorida pul mukofoti beriladi.