Alisher Qodirov dabdabali toʻy qiluvchilardan soliq undirishni taklif etdi
Har bir mehmon uchun soliq hisoblanishi kerakligini aytgan siyosatchi hashamatli toʻylarni "ogʻriqli illatlaridan biri" deb atadi.

Oʻzbekistonda dabdabali toʻylarni tartibga solish maqsadida aholiga buni illat ekanini singdirish yoki cheklov sifatida "hashamat soligʻi"ni joriy etish taklif etildi.
Bu haqda 16 yanvar kuni "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi tomonidan oʻtkazilgan matbuot anjumanida partiya raisi Alisher Qodirov taʼkidladi.
"Partiyamizning dabdabali toʻylar borasida oʻz qarashi bor va bundan kechganimiz yoʻq, bu bizning prinsipial yondashuvimiz. Xalqimizning oʻzi tushunib yetishi kerakki, xoʻjakoʻrsinga — kimlargadir nimanidir isbotlash uchun sarf qilish zamoni ortda qoldi. Koʻrpaga qarab oyoq uzatish kerak, degan naqlni xalqimiz toʻgʻri tushunishi lozim. Hech kim bir-biriga koʻrsatish uchun toʻy qilishi kerak emas. Daromadimizni faqat toʻylarga isrof qilish millatimizning ogʻriqli illatlaridan biri ekanini har doim taʼkidlab kelganmiz", dedi Qodirov.
Siyosatchiga koʻra, toʻyga kelgan har bir mehmon uchun soliq hisoblanishi kerak.
" Hashamatni xohlayapsizmi, uning soligʻini ham hashamatli qilib toʻlang. Masalan, 10 ming odamni chaqirib toʻy qilmoqchimisiz? Toʻyda odam boshiga qarab soliq hisoblansin. 10 ming odamning soligʻini toʻlab qoʻying-da, keyin shuncha mehmon bilan toʻy qilavering", — deydi partiya raisi.
2021 yilda Alisher Qodirov saylov arafasida migrantlardan ham soliq undirish taklifini bildirgandi.