platina.uz
Jamiyat

Prezident xorijiy davlatlarda oʻtkazilayotgan turli reydlarda muhojirlar huquqlari buzilayotganiga toʻxtaldi

Vatandoshlar ishlayotgan qurilish maydoniga, yotoqxonaga, talabalar auditoriyasiga borib, ularning muammosini oʻrganib, yechimi boʻyicha ishlashi shartligi qayd etildi. Shvetsiya, Daniya va Norvegiya ishga joʻnatish masalasi koʻrildi. 

Prezident xorijiy davlatlarda oʻtkazilayotgan turli reydlarda muhojirlar  huquqlari buzilayotganiga toʻxtaldi

Tahlillarga koʻra, bugungi kunda Shvetsiya, Daniya va Norvegiyada 300 ming ishchilarga ehtiyoj bor.

Norvegiyalik ish beruvchilar bu yilning oʻzida 3 ming fuqaroni oʻzlari oʻqitib, ularga Yevropa standartlari asosida sertifikat berishga tayyor. Yoki Shvetsiya grant ajratib, ijtimoiy xodimlarni tayyorlash va joriy yilning oʻzida 500 nafarini ishga olish taklifini bermoqda.

Mutasaddilarga Shvetsiya, Daniya va Norvegiya bilan kelishuvga erishib, fuqarolarimizni yuqori daromadli ish oʻrinlariga yuborish muhimligi taʼkidlandi.

Umuman, Shvetsiya va Latviyadagi elchilar bilan birgalikda Nordik davlatlar bilan tashqi mehnat migratsiyasi borasida hamkorlik dasturini ishlab chiqish topshirildi.

Fuqarolarimizning xorijiy davlatlarda oʻtkazilayotgan turli reydlarda huquqlari buzilayotgani haqidagi xabarlar jamoatchilikda jiddiy norozilik uygʻotmoqda.

Aksariyat holatlarda Tashqi ishlar vazirligi rasmiy nota berish bilangina cheklanib qolmoqda.

“Elchi va konsullar har bir holat yuzasidan malakali yuridik yordam koʻrsatib, xorijdagi fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilishi shart”, – dedi Prezidentimiz.

Bundan tashqari, xorijdagi yoshlarimiz yoki talabalarning turli oqimlarga qoʻshilib qolayotgani barchani jiddiy tashvishga solishi kerakligi taʼkidlandi.

Bundan buyon elchilar “kabinet diplomatiyasi”dan voz kechib, xorijdagi vatandoshlarimiz ishlayotgan qurilish maydoniga, yotoqxonaga, talabalar auditoriyasiga borib, ularning muammosini oʻrganib, yechimi boʻyicha ishlashi shartligi qayd etildi.

Mutasaddilarga xorijda ogʻir vaziyatga tushib qolgan fuqarolarimiz uchun bepul koll-markaz tashkil etib, murojaatlarini tegishli vazirliklar bilan tezkor hal qiladigan tizim yaratish topshirildi.

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid