Prezident Shavkat Mirziyoyev qator qurilish loyihalari bilan tanishdi
Xiva shahrida Kongress markazi va tarixiy-etnografik bogʻ barpo etilishi rejalashtirilgan. Urganch aeroportida infratuzilma kengaytirilib, yoʻlovchilar va yuklarga xizmat koʻrsatish sifati oshiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev turizm, transport va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Mamlakatimiz iqtisodiy oʻsishining yuqori surʼatlari, davlatimizning faol tashqi siyosati tufayli xalqaro hamkorlik kengayib, yurtimiz ishbilarmonlik va turizm markaziga aylanib borayotgani infratuzilmani shunga mutanosib rivojlantirishni taqozo etmoqda. Shu bois, zamonaviy transport tarmoqlari, xizmat koʻrsatish obʼektlari va jamoat binolarini barpo etishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Taqdimotda turli hududlardagi bunyodkorlik rejalari koʻrib chiqildi.
Jumladan, Xiva shahrida Kongress markazi va tarixiy-etnografik bogʻ barpo etilishi rejalashtirilgan. Bu inshootlar shaharda yirik xalqaro anjumanlar oʻtkazish va turistlar oqimini koʻpaytirishga xizmat qiladi.
Qurilishi rejalashtirilgan Konfutsiy instituti va Lu Ban ustaxonasida madaniy va maʼrifiy tadbirlar oʻtkazish, yoshlarni zamonaviy kasblarga oʻqitish uchun sharoitlar yaratiladi.
Urganch xalqaro aeroportini modernizatsiya qilish doirasida uning infratuzilmasini kengaytirish, yoʻlovchilar va yuklarga xizmat koʻrsatish sifatini, logistika imkoniyatlarini oshirish orqali hududning transport salohiyatini yangi bosqichga olib chiqish koʻzda tutilgan.
Bundan tashqari, Urganch vokzalidan yangilangan aeroportga alohida temir yoʻl liniyasi tortilishi natijasida yoʻlovchilar uchun qulaylik yanada oshadi.
Shuningdek, mavjud Urganch–Xiva avtomobil yoʻlini obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish hamda unga muqobil boʻladigan yangi avtoyoʻl qurish rejalari taqdimot qilindi.
Fargʻona shahrida ekspomarkaz qurish loyihasi ham muhokama qilindi. Mazkur majmuada xalqaro koʻrgazmalar, biznes forumlar va yirik tadbirlar oʻtkazish uchun zarur sharoitlar yaratilishi, bu esa hududning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Shuningdek, Burxoniddin Margʻiloniy ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish loyihasi taqdimot qilindi. Markazda maʼnaviy meros va ilmiy tadqiqotlar yoʻnalishida xalqaro darajadagi faoliyatni yoʻlga qoʻyish, zamonaviy ilmiy maktab shakllantirish koʻzda tutilgan.
Buxoro davlat universiteting yangi zamonaviy kampusini barpo etish boʻyicha takliflar ham koʻrib chiqildi. Universitetda professor-oʻqituvchilar va talabalar uchun qulay taʼlim va ilmiy muhit yaratish zarurligiga eʼtibor qaratildi.
Rejalashtirilgan loyihalardan biri – Toshkent shahrida zamonaviy badiiy gimnastika majmuasi. Ushbu markazda yoshlarning iqtidorini yuzaga chiqarish va professional badiiy gimnastikachilarni tayyorlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.
Prezident loyihalarni amalga oshirishda sifat, qulaylik va zamonaviy talablarga qatʼiy rioya qilish, shaharsozlik madaniyatini yuksaltirish hamda aholi ehtiyojlarini inobatga olish muhimligini taʼkidlab, mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berdi.