Oʻzbekistonda gepatit “S” virusiga qarshi dori ishlab chiqariladi
Misr kompaniyalaridan biri ushbu tashabbusni bildirdi, Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga bu loyihalarni boshlashni topshirdi.

Misr kompaniyalaridan biri Tuproqqalʼada 2 ming gektar choʻlni foydalanishga kiritish va pivot uskunalarini ishlab chiqarish, yana bir yirik kompaniya gepatit “S” virusiga qarshi dori vositasini Oʻzbekistonda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish tashabbusini bildirgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga ushbu loyihalarni boshlashni topshirgan.
Yangi eksport yoʻnalishi sifatida 50 dan ortiq davlatga ega, iqtisodiyoti 3 trillion dollarga teng boʻlgan Afrika qitʼasi bilan savdo-iqtisodiy hamkorlik kuchaytiriladi.
Shuningdek, Qatar oʻzidagi erkin iqtisodiy zonalarda investorlar uchun jozibador soliq imtiyozlari joriy qilgan, elektr energiyasi, suv va boshqa kommunal xizmatlar xarajatining 20-30 foiziga subsidiya beradi.
"Agar Qatardagi sanoat zonalarida oʻzimizni mahalliy korxonalarni ishlab chiqarishini tashkil qilsak, ushbu davlat orqali 60 million aholisi boʻlgan Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi", dedi davlat rahbari.
Qatardagi elchi va boshqa mutasaddilarga bu borada mahalliy korxonalar bilan ishlab, loyihalarni boshlash topshirildi.
Joriy yilda Misr tajribasi asosida Kitob tumanida 5 gektardan 100 tonna “super-super elita” kartoshka urugʻligi olindi. Misrlik investorlar buni 1 ming gektarga yetkazishga tayyor.