"Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan diplomat" faxriy unvoni taʼsis etiladi
Tashqi siyosat faoliyati konsepsiyasini yangilab, uning ustuvor yoʻnalishlarini qayta koʻrib chiqish zarurligi taʼkidlandi.

Jahonda boʻlayotgan geosiyosiy oʻzgarishlar, xalqaro munosabatlar tizimidagi beqarorlik, mintaqaviy qarama-qarshiliklar va global iqtisodiy transformatsiyalar har bir davlatdan tashqi siyosatni doimiy ravishda qayta koʻrib chiqishni, uni milliy manfaatlar va zamon talablariga moslashtirib borishni taqozo qilmoqda.
“Soʻnggi yillardagi ochiq, pragmatik va muvozanatli tashqi siyosatimiz natijasida Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi oʻrni va nufuzi oshib bormoqda.
Shu bilan birga, global xavfsizlik arxitekturasidagi oʻzgarishlar, yangi iqtisodiy ittifoqlar, savdo yoʻnalishlari, texnologiyalar va energiya bozorlaridagi transformatsiyalar tashqi siyosatimizdan yanada faol, aniq maqsadli va natijaga yoʻnaltirilgan yondashuvni talab etmoqda”,
– dedi Prezidentimiz.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Respublikasining Tashqi siyosat faoliyati konsepsiyasini yangilab, uning ustuvor yoʻnalishlarini qayta koʻrib chiqish, milliy manfaatlarni himoya qilish va xalqaro maydonda mamlakatimizning oʻrnini mustahkamlashga qaratilgan aniq vazifalarni belgilab olish zarurligi taʼkidlandi.
“Yangi konsepsiya mamlakatimizning uzoq muddatli strategik maqsadlarini, ichki islohotlarimiz mantigʻini, iqtisodiy diplomatiya, xavfsizlik, investitsiya, eksport, transport-logistika, suv va iqlim masalalaridagi milliy manfaatlarimizni yaxlit va oʻzaro bogʻliq holda aks ettirishi lozim”,
– dedi davlatimiz rahbari.
Ishlarni samarali tashkil qilish uchun elchixonalarning har biriga yiliga qoʻshimcha 100-200 ming dollardan mablagʻ berilishi belgilandi. Diplomatlarimizning xizmatlarini munosib eʼtirof etish maqsadida "Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan diplomat" faxriy unvonini taʼsis etish taklif etildi.