platina.uz
Siyosat

Diplomatlar va TIV xodimlarining oylik ish haqi koʻpaytirildi

Endilikda elchilar faoliyat yuritayotgan davlatdan eksport tushumlari, turistlar oqimi, qonuniy ish joylariga fuqarolarni yuborish ular uchun KPI boʻlishi belgilandi.

Diplomatlar va TIV xodimlarining oylik ish haqi koʻpaytirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati yuzasidan videoselektor yigʻilishi boshlandi.

Davlatimiz rahbari tashqi siyosat borasida 2025 yil koʻp jihatdan natijador boʻlganini qayd etdi.

Xususan, oʻtgan yili 26 ta xorijiy davlatga oliy darajadagi tashriflar amalga oshirildi. Yangi tariximizda ilk bor Bolgariya, Finlyandiya, Slovakiya, Serbiya, Iordaniya va Paragvay rahbarlarining Oʻzbekistonga tashriflari tashkil etildi.

“Markaziy Osiyo plyus” formatidagi koʻp tomonlama muloqotlar sermahsul boʻldi.

Soʻnggi yillarda 11 ta davlat bilan strategik sheriklik munosabatlari oʻrnatilib, ularning umumiy soni 19 taga yetdi. Qozogʻiston, Ozarbayjon, Tojikiston bilan ittifoqchilik munosabatlari yoʻlga qoʻyildi.

“Ochiq, pragmatik, puxta oʻylangan va tashabbuskor tashqi siyosatimiz natijasida Oʻzbekiston global tinchlik va diplomatiya markazlaridan biriga aylanib boryapti”, – dedi Prezidentimiz.

Xorijiy davlatlarda 2017 yildan buyon 16 ta yangi diplomatik va konsullik vakolatxonasi ochilib, ularning soni 60 taga, diplomatik aloqa oʻrnatilgan davlatlarning soni esa 165 taga yetdi.

Yigʻilishda chet eldagi elchixonalar, konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlar huzuridagi vakolatxonalar shtatlari, ular va Tashqi ishlar vazirligi xodimlarining oylik ish haqi koʻpaytirilgani qayd etildi.

“Lekin barcha diplomatik vakolatxonalarimiz buni toʻgʻri anglab, mavjud imkoniyatlarni toʻliq ishga solyaptimi?

Diplomatik faoliyatni baholashning bitta oʻlchovi bor, u ham boʻlsa – natija!

Shu bois, hozirgi sharoitda elchi degani faqat siyosiy muloqot yurituvchi shaxs emas. Elchi bu – investitsiya va texnologiyalar olib keladigan, yangi eksport bozorlarini ochadigan, transport-logistika yoʻlaklarini ishga soladigan, turistlar oqimini koʻpaytiradigan, qonuniy mehnat migratsiyasi uchun sharoit yaratadigan, eng asosiysi, fuqarolarimiz huquqlarini himoya qiladigan davlat vakilidir”, – dedi Prezidentimiz.

Endilikda elchilar faoliyat yuritayotgan davlatdan eksport tushumlari, turistlar oqimi, qonuniy ish joylariga fuqarolarimizni yuborish ular uchun KPI boʻlishi belgilandi.

Prezidentimiz iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish orqali eksport va investitsiyalar hajmini oshirish zarurligini taʼkidladi.

Zero, iqtisodiy diplomatiya – yangi ish oʻrinlarini yaratish, aholi daromadlari va turmush darajasini oshirish orqali inson qadrini yuksaltirishga xizmat qiladi. Iqtisodiy xavfsizlik esa davlat xavfsizligining asosiy poydevori hisoblanadi.

Ikki va koʻp tomonlama tadbirlar doirasida 2025 yilda umumiy qiymati 160 milliard dollarlik investitsiya loyihalari va savdo shartnomalari boʻyicha bitimlar imzolandi.

Tarixda birinchi bor tashqi savdo aylanmasi 80 milliard dollardan oshib, eksport miqdori 33,5 milliard dollarga yetdi. Xorijiy investitsiyalar ham keskin koʻpayib, 43 milliard dollardan oshdi.

Eʼtiborlisi, oʻtgan yili 75 ta davlatga eksport hajmi qariyb 4,5 milliard dollarga koʻpaygan.

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid