Xitoyning savdo foydasi tarixda ilk bor 1,2 trln dollarga yetdi
Xitoy eksporti AQSh bozoridagi pasayishni Afrika, Yevropa va Janubi-Sharqiy Osiyo hisobiga qopladi. 2024 yyilda bu koʻrsatkich 992 mlrd dollar edi.

Xitoyning savdo profitsiti 20 foizga oshib, rekord darajaga yetdi.
Xitoy eksporti AQSh bozoridagi pasayishni Afrika, Yevropa va Janubi-Sharqiy Osiyo hisobiga qopladi va mamlakat savdo foydasi tarixda ilk bor 1,2 trillion dollarga yetdi.
Bojxona maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan yil davomida Xitoy eksporti 5,5 foizga oshib, 3,77 trillion dollarga yetdi. Bunga xitoylik avtomobil ishlab chiqaruvchilari va boshqa ishlab chiqaruvchilarning dunyo boʻylab yangi bozorlarga chiqishi sabab boʻlgan. Import hajmi esa 2,58 trillion dollar darajasida deyarli oʻzgarishsiz qoldi. 2024 yil yakunlariga koʻra, Xitoyning savdo foydasi 992 milliard dollardan oshdi.
Dekabr oyida Xitoy eksporti dollar hisobida oʻtgan yilga nisbatan 6,6 foizga oshdi. Bu iqtisodchilar kutganidan yuqori boʻlib, noyabrdagi 5,9 foizlik yillik oʻsishdan ham yuqori natija boʻldi. Dekabr oyida import hajmi ham yillik hisobda 5,7 foizga oshdi, noyabrda esa bu koʻrsatkich 1,9 foizni tashkil etgan edi.
Xitoy savdo foydasi ilk bor noyabr oyida 1 trillion dollarlik marradan oshdi. Solishtirish uchun, oʻtgan yilning dastlabki 11 oyida bu koʻrsatkich 1,08 trillion dollarga yetgan.
Iqtisodchilar savdo kelishmovchiliklari va geosiyosiy keskinliklarga qaramay, eksport bu yil ham Xitoy iqtisodiyotini qoʻllab-quvvatlashda davom etishini kutishmoqda.
“Biz 2026 yilda ham eksport iqtisodiy oʻsishning asosiy drayverlaridan biri boʻlib qolishini kutyapmiz”, — dedi BNP Paribas bankining Xitoy boʻyicha bosh iqtisodchisi Jaklin Rong.
Tramp lavozimga qaytgach va dunyodagi ikkinchi yirik iqtisodiyot bilan savdo urushini kuchaytirgach, oʻtgan yilning katta qismida Xitoyning AQShGA eksporti keskin kamaydi. Biroq bu pasayish Janubiy Amerika, Janubi-Sharqiy Osiyo, Afrika va Yevropadagi boshqa bozorlarga yetkazib berish hajmining oshishi hisobiga asosan qoplandi. 2025 yil yakunlariga koʻra, Xitoyning AQShga eksporti 20 foizga kamaydi. Shu bilan birga, Afrikaga eksport 26 foizga oshdi. Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga eksport 13 foizga, Yevropa Ittifoqiga 8 foizga, Lotin Amerikasiga esa 7 foizga koʻpaydi.
Tahlilchilarning taʼkidlashicha, kompyuter chiplariga, boshqa elektron qurilmalarga hamda ularni ishlab chiqarish uchun zarur materiallarga boʻlgan kuchli global talab Xitoy eksportini qoʻllab-quvvatlagan asosiy omillardan boʻldi. Oʻtgan yili avtomobil eksporti ham oʻsdi.
Xitoy bojxona boshqarmasi raisi oʻrinbosari Van Jun Pekinda jurnalistlarga bergan bayonotida 2026 yilda tashqi savdo muhiti oʻta murakkab va qiyin boʻlishini aytdi. Shu bilan birga, u Xitoyning tashqi savdo asoslari mustahkamligicha qolayotganini taʼkidladi.
Xalqaro valyuta jamgʻarmasi rahbari oʻtgan oy Xitoyni iqtisodiy nomutanosibliklarni bartaraf etishga va eksportga qaramlikni kamaytirib, ichki talab hamda investitsiyalarni oshirishga chaqirdi.
Xitoy rahbariyati isteʼmolchilar va biznes xarajatlarini oshirishni iqtisodiy siyosatning ustuvor yoʻnalishiga aylantirgan. Biroq hozirgacha koʻrilgan choralar cheklangan samara berdi. Soʻnggi oylarda joriy etilgan davlat subsidiyalari isteʼmolchilarni eski texnikalarni yangilariga, masalan, energiya tejamkor maishiy texnika va avtomobillarga almashtirishga undadi.
Fransiyaning Natixis investitsiya banki katta iqtisodchisi Gari Ng 2026 yilda Xitoy eksporti taxminan 3 foizga oʻsishini kutmoqda. Bu 2025 yildagi 5,5 foizlik oʻsishdan past. Import oʻsishi sekin boʻlishi sababli, u joriy yilda ham Xitoy savdo foydasi 1 trillion dollardan yuqori darajada qolishini prognoz qilmoqda.