Solovyov "tahdidi": u mintaqa jamoatchiligi tomonidan qanday kutib olindi?
Bu safar propagandachi har doimgidek Ukraina va Gʻarb mavzusini chaynamadi, haqorat geografiyasi Armaniston va Markaziy Osiyo tomonga oʻzgardi.

Rossiyadagi «Solovyov Live» studiyasida Rossiyaning oxirgi ittifoqchilarini ham junbushga soluvchi tahdidlar yangradi. Rus propagandasi rupori Vladimir Solovyov ogʻzidan postsovet makonida allaqachon quloq oʻrganib qolgan iboralar uchib chiqdi: «taʼsir doirasi», «milliy xavfsizlikka tahdid»,«SVO» ni (maxsus harbiy operatsiya, yaʼni urushni) boshlash vaqti keldi».
Bu safar Solovev har doimgidek Ukraina va Gʻarb mavzusini chaynamadi, haqorat geografiyasi Armaniston va Markaziy Osiyo tomonga oʻzgardi.
“Biz uchun Armanistonda sodir boʻlayotgan voqealar Venesuelada boʻlayotganlardan ancha ogʻirroq va ogʻriqliroqdir. Armanistonni yoʻqotish — bu ulkan muammo. […] Xalqaro huquqqa ham, xalqaro tartibga ham tupurish kerak. Agar milliy xavfsizligimiz uchun Ukrainada SVOni boshlash zarur boʻlgan boʻlsa, xuddi shu mulohazalardan kelib chiqib, taʼsir doiramizning boshqa nuqtalarda ham SVOni boshlashga nega qodir boʻlmasligimiz kerak? — dedi Solovyov.
Aslida bu kabi gaplar birinchisi emas va afsuski oxirgisi ham boʻlmasligi mumkin. Masalan, Zaxar Prilepin Oʻzbekistonni Rossiyaga qoʻshib olish haqida, Mixail Smolin 1917 yilgacha oʻzbek va qozoqlar millat sifatida mavjud boʻlmagani, bular rus inqilobidan keyin sunʼiy yaratilgan millatlar ekanligi haqida gapirgan edi.
Qozogʻiston shimolidagi yerlarga daʼvolar, ularni Rossiyaga qoʻshib olish haqidagi takliflarku, rus OAV orqali muntazam yangrab keladi. Hatto Rossiya prezidenti Putin ham 1994 yildayoq «Qrim, sharqiy Ukraina va shimoliy Qozogʻiston — Rossiya uchun xorij emas, asl rus hududlari” degan edi.
Propaganda “shaxsiy fikr” doirasidan chiqqanida
Rasman olganda, Solovyov — na vazir, na general, na Xavfsizlik kengashi aʼzosi. Lekin zamonaviy Rossiyada propagandist — alohida mavqega ega shaxs. U qaror qabul qilmaydi, ammo qarorlar qabul qilish mumkin boʻlib qoladigan reallikni tayyorlaydi.
Bu ilgari ham boʻlgan. Avval — «notinch qoʻshnilar» haqidagi gaplar. Keyin — «taʼsirni yoʻqotish». Undan soʻng — «harbiy zarurat». Va faqat oxirida — raketa va motam xabarlari va tobutlar kela boshlaydi. Har holda Ukrainaga bosqin shunday boshlangan edi: Ukrainaning goʻyoki dushman ekanligi avval ichkarida - ruslarga uqdirildi, keyin esa ukrainlarga uqdirishga urinildi. Ammo korrupsiya va oʻgʻirliklar bois hamma ishni oʻlda joʻlda bajaradigan rus mutaxassislari shu yerda ham qovun tushirishdi: Putinga “propaganda oʻz samarasini bermoqda - ukrainlar rus bosqinchilarini gullar bilan kutib olishga tayyor”, qabilida raport berildi, ammo real vaziyat boshqacha boʻlib chiqdi.
Qolaversa, rasmiy Moskva diplomatik noziklik koʻtarmaydigan fikrlari va munosabatini propagandistlar orqali eʼlon qilishi endi sir emas. Avtoritar tizimlarda aynan televeboshlovchilar koʻpincha hokimiyat hozircha (!) rasman aytishga “xijolat” boʻladigan fikrlarni ommaga tashlaydi. Avval bu ishni oʻtkir millatchi va shovinist Vladimir Jirinovskiy bajarar edi. Jirinovskiydan keyin, estafeta tayoqchasi Solovev qoʻliga oʻtdi.
Shu bois ayrimlar oʻylaganidek, Solovevning fikrlari uning shaxsiy fikri emas -Rossiyada shaxsiy va mustaqil fikr taqiqlanganiga ancha boʻldi – bu Moskvaning rasmiy fikrlari. Zero, diktatura oʻrnatilgan va soʻz erkinligi butunlay toʻsilgan Rossiyada davlat televideniyesi orqali faqat hukumat ruxsat bergan yoki aytishni buyurgan soʻzlar aytiladi xolos.
Eng dahshatlisi, bu soʻzlarning xavfi - urush ertaga boshlanishida emas. Balki mavjud chegaralarni tan olmaslik, qoʻshni davlatlar suverenitetini muzokara obʼekti sifatida koʻrsatish va mintaqadagi mamlakatlarini Rossiyadan tashqarida himoya izlashga majbur qilish va mensimaslikda koʻrinadi.
Yerevan: birinchi boʻlib “yoʻq” degan shahar
Solovevning soʻzlari Armanistonda ayniqsa ogʻir qabul qilindi. Urush, hududiy yoʻqotishlar va sobiq ittifoqchilardan qattiq koʻngli qolgan mamlakat uchun bunday bayonotlar endi shunchaki «teleshovqin» emas.
Armaniston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchisi chaqirtirildi (ha, chaqirtirib, choyga taklif qilinmadi!).
Armaniston Tashqi ishlar vazirligida maʼlum qilishlaricha, Rossiya elchisiga davlat telekanali efirida aytilgan bayonotlar munosabati bilan chuqur norozilikni ifoda etuvchi nota protesti topshirilgan. Vazirlik taʼkidlashicha, bunday bayonotlar Moskva bilan Yerevan oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarga mutlaqo mos kelmaydi.
Bu hissiy harakat emas, balki sovuq diplomatik signal edi: SVO haqidagi har qanday gap suverenitetga tahdid hisoblanadi.
Arman OAVlarida boshqa mavzular koʻtarildi — Rossiya propagandasi ittifoqchilar bilan “obʼektlar” oʻrtasidagi farqni yoʻqotayotgani haqida qarashlar bildirildi. Koʻchalarda Rossiya davlat telekanallari efirini cheklash talab qilingan norozilik namoyishlari boʻlib oʻtdi. Ilk bor ochiqchasiga shunday fikr aytildi: xavf faqat eski dushmanlardan emas, eski “doʻstlar”dan ham kelishi mumkin.
Armanistonning yana bir yutugʻi – bu yerda taʼlim faqat arman tilida beriladi. Rus tilida dars oʻtiladigan maktablar deyarli tugatilgan. Shu bois Armanistonda “beshinchi kolonna” yoxud moskvaraparast manqurtlarning – ehtimoliy vatan xoinlarining koʻpayishidan xavotir olmasa ham boʻladi.
Maʼlumot uchun: Rossiya va Armaniston rasman yaqin ittifoqchilar hisoblanadi — har ikki davlat ham KXShT va Bojxona ittifoqi aʼzosidir. Biroq Ozarbayjon bilan boʻlgan mojaro fonida, Rossiya amalda ittifoqchisini qoʻllab-quvvatlashdan bosh tortgani ortidan, rasmiy Yerevan AQSh va Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni tobora faol izlay boshladi. Shu bilan birga, Rossiya telekanallari efirlarida Nikol Pashinyan hukumatining harakatlari muntazam ravishda tanqid qilib kelinmoqda.
Markaziy Osiyo: xavotirli sukut yoki asabiy munosabat
Markaziy Osiyo poytaxtlarida rasmiy bayonotlar kam boʻldi. Ammo aynan shu sukutning oʻzi juda mazmunli edi.
Qozogʻiston va Oʻzbekistonda jamoatchilik munosabati diplomatik reaksiyadan koʻra keskinroq boʻldi. Mutaxassislar va sharhlovchilar Solovyovning soʻzlarini mintaqani kuch ishlatib qayta boib olish gʻoyasini singdirishga va qoʻrqitishga urinish deb baholadilar. 2022 yil yanvar voqealari, KXShT qoʻshinlari kiritilishi va tashqi kuchlarga bogʻliqlik yana esga olindi.
Jumladan, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, siyosiy fanlari doktori, professor Sherzodxon Qudratoʻja Solovyovning chiqishini «tormozsiz propaganda» deb atadi.
„Bizning Osiyo“ formulasi – tasodifan aytib yuborilgan ibora emas, sof mustamlakachi tili, bunday davlatlar obʼektga, chegaralar esa shunchaki toʻsiqqa aylanadi.
... Albatta, Solovyov xuddi bulbuligoʻyo kabi, aytgan gapining oqibatiga javob bermasdan baland ovozda, avjli qilib, chirangancha sayramoqda, deyish ham mumkin. Yana bu Rossiya oliy doiralarining pozitsiyasi emasligi, mamlakat ichki aholisiga taʼsir koʻrsatish uchun navbatdagi propagandistik nomer ekaniga ishonging keladi. Lekin yaqin tarix bunaqangi «xonishlar» shunchaki gap sifatida qolib ketmayotganini tez-tez isbotlab turibdi», – deyiladi postda.
Mafkurani mustahkamlash kerak
Jamoatchilik faoli Aziza Umarova Solovyovning ushbu chiqishidan soʻng efirlardan olib tashlangan «Otamdan qolgan dalalar» filmini ekranlarga qaytarish tashabbusini ilgari surdi.
Film Togʻay Murodning romani asosida suratga olingan boʻlib, u oʻtmish va oddiy odamlar hayoti haqidagi nihoyatda lirik, taʼsirchan va rostgoʻy badiiy muloqotning kam uchraydigan namunasidir. Bunday asarlar maktablarda tarix darslarining bir qismi boʻlishi, shuningdek, televideniye efirlarida yangrab turishi kerak – chunki aynan ular maʼnaviy immunitetni shakllantiradi va bunday bayonotlarning mazmun-mohiyatini anglashga yordam beradi», – deb yozgan u oʻzining Facebook’dagi sahifasida.
“Doʻstmisan dushmanmisan?”
«Yuksalish» harakati raisi, deputat Bobur Bekmurodov esa Solovyovning fikrlariga «tupurishi»ni aytgan.
Zamon oʻzgardi. Xalqlar taqdiri telestudiyalardagi baqir-chaqirlar yoki «katta ogʻalar»ning koʻrsatmasi bilan hal qilinadigan davrlar tarix axlatxonasiga ketganiga ancha boʻldi.
Sarhadlarimiz — bizning or-nomusimiz. Mustaqilligimizga boʻlgan har qanday tahdid «itoatkorlik» bilan emas, millatimizning birdamlikdagi qatʼiy zarbasi bilan qarshi olinadi.
Bunday provokatsiyalar faqat va faqat qoʻshnilarni dushmanga aylantiradi.
Bizda oʻz uyimizni himoya qilish uchun iroda ham, resurs ham, jasorat ham yetarli! Mustaqilligimiz abadiy boʻlsin!», degan deputat.
“Alamazada Moskva” yoxud munosib javob
Iqtisodchi Otabek Bakirov esa X ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida bu chiqishni «qimorbozlardan kaltak yegan mushtumzoʻrning alamini tinch ketayotgan odamlardan olishi»ga qiyoslagan.
U Markaziy Osiyo davlatlari bunday poʻpisa-yu bayonotlarni javobsiz qoldirmasligi, birgalikda nota berish kerakligini taʼkidlagan.
Sobiq deputat, Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisi maslahatchisi Rasul Kusherbayev bu yoʻl bilan Solovyov Markaziy Osiyo davlatlariga ochiqchasiga tahdidga oʻtayotganini qayd etib, Oʻzbekiston TIVni holat boʻyicha keskin munosabat bildirishga chaqirgan.
Jurnalist Ilyos Safarov esa «bu shunchaki hayp emas, balki Rossiya propagandasining eng tajovuzkor va xavfli yoʻnalishlarini ifodalovchi siyosiy signal» ekanini qayd etdi. U Oʻzbekistonda oʻtgan yildan amalga kirgan tartib boʻyicha rus propagandachisini persona non grata deb eʼlon qilishni taklif etgan.
“Qoʻyinda saqlanayotgan ilon”
Jurnalist va jamoatchilik faoli Nikita Makarenko dunyoda Rossiyadan boshqa hech bir davlatdagi rasmiy nashr vakili Oʻzbekiston suverenitetiga daxl qilmasligi, Solovyov oʻziga aytish buyurilgan gaplarni aytayotganiga eʼtibor qaratgan.
«Ozarbayjon misolida «Rus uyi» kabi tashkilotlar, yurtimizdagi targʻibot OAVlari va ularga xayrixoh boʻlgan «beshinchi kolonna» faoliyatini juda sinchkovlik bilan koʻrib chiqish kerak. Bu tashkilotlarning barchasi Oʻzbekistondagi rusiyzabon ozchilikning manfaatlarini ifodalamaydi. Ular imperialistlarning manfaatlarini ilgari surmoqdalar. Biz, rusiyzabon Oʻzbekiston fuqarolari, tinch, suveren Oʻzbekiston gʻoyasi atrofida jipslashib, mustamlakachi «xoʻjayinlar»siz, oʻz mustaqil hayotimizni qurishimiz va oʻz uyimizni himoya qilishimiz kerak», – deydi u.
Yana bir jamoatchilik faoli Xushnudbek Xudoyberdiyev esa “Ukrainaga urush ochishdan avval ham shunaqa boʻlgan edi, uzoq yillar davomida rus propagandasi Ukraina davlati qadimdan mavjud boʻlmagani, bunaqa millat yoʻqligi, Ukrainani qoʻshib olish kerakligi haqida tinimsiz gapirgan va keng jamoatchilikka shu gʻoyalarni targʻib qilgan. Natijasini esa mana 4 yildan buyon koʻryapmiz. Xayriyatki, jasur ukrain xalqi oʻz davlatini bosqinchilar qoʻliga qoʻshqoʻllab tutqazib qoʻymadi, oxirgi tomchi qoni qolgungacha himoya qilishyapti. Qahramonlarga sharaflar boʻlsin!”, degan post qoldirdi.
“Hozircha razvedka”
Facebook ijtimoiy tarmogʻidagi Alex Ulko ismli foydalanuvchining fikr bildirishicha, Solovevning soʻzlari hali urush eʼlon qilish emas. Bu orqali rus propagandasi MO xalqalarini shunchaki qoʻrqitib qoʻymoqchi. “Bizdan uzoqlashsang yomon boʻladi”, degan mujdani singdirmoqchi. Shuningdek, MO xalqlarining bunday soʻzlarga reaksiyasini sinab koʻrmoqchi. Taraflarni aniqlashoʻtirib olmoqchi.
Alex Ulko’ning bildirishicha, Rossiya MOga harbiy bosqin uyushtirishi shart emas. Shunday ham uzoq yillardan beri “sudraluvchi ekspansiya”ni amalga oshirib kelmoqda. Yaʼni taʼlim, mafkura va iqtisodiyot hamda siyosatga oʻz taʼsirini oʻtkazishga urinmoqda, energetik resurslarni va infratuzilmangi qoʻlga olishga urinmoqda.
Ukraina: “tanish ssenariy”
Kiyevda Solovevning soʻzlari yangilik sifatida koʻrilmadi. Sodda qilib aytganda “biz kutgandik, biz bilgandik” deb qoʻya qolishdi. Chunki Ukrainada bunday nutqlar shunchaki ritorika emas, balki urush ssenariysining boshlangʻich bosqichi sifatida oʻrganiladi.
Ukraina tajribasi oddiy qoidaga oʻrgatdi: agar Moskvada «tarixiy taʼsir doiralari» haqida gap ketsa, demak kimdir xarita ustida allaqachon qizil strelkalar tortmoqda. Shu bois ukrain diplomatlari va tahlilchilari Rossiyaning oʻz ittifoqchilariga urush ochishi istisno emas, balki tabiiy xulq atvor ekanini yana bir bor taʼkidlashdi xolos.
Ozarbayjon: sovuq hisob-kitob
Boku rasmiy jihatdan jim qoldi, ammo mintaqa bu tilni tushundi. Ozarbayjon allaqachon Turkiya bilan harbiy-siyosiy yaqinlashuvga, ittifoqlarni diversifikatsiya qilishga va Moskvaga bogʻliqlikni kamaytirishga dov tikkan.
Solovyovning bayonotlari bu yerda bugungi tahdid sifatida emas, balki kelajak uchun ogohlantirish sifatida qabul qilindi: agar Rossiya postsovet respublikalarida oʻz taʼsirini yoʻqota boshlasa, ularni kuch bilan qaytarib olishga urinishi mumkin.
Qolaversa, Ozarbayjonning javob harakatlari boshqalar uchun ham namuna boʻlishi lozim – u AZAL samolyoti halokati va Rossiyada ozarbayjon fuqarolarining nohaq qamoqqa olinishi va oʻldirilishi va kaltaklanishi bilan bogʻliq mojarolarga Moskvaga qul kabi yaltoqlanmadi, quchoq ochib, ogʻiz-burun oʻpishmadi, haqoratlarni eshitmaganga olib, ichiga yutib ketmadi, balki teng darajada gaplasha oldi va natijada Putinni uzr soʻrashga majbur qildi. Shu bois Solovev oʻz daʼvolarida Ozarbayjonni tilga olishga jurʼat qilmadi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi aks-sado
Ijtimoiy tarmoqlar shunisi bilan ahamiyatliki, ularda feedback, yaʼni jonli munosabat, xalqning kayfiyati va hissiyoti aks etib turadi. Toʻgʻri, turli “jonsiz” botlar, “troll fabrikalari” uyushtirilgan pozitiv yoki negativ izohlar qatlami ham mavjud. Qolaversa ular butun bir xalqdagi ijtimoiy fikr yoʻnalishini toʻlaqonli aks ettira olmasligi ham mumkin. Shunday boʻlsada ular mavjud yoʻnalishlarni kuzatish uchun yordam beradi.
Koʻpchilik Solovevning fikrlari uning shaxsiy fikri emas, balki hukumatning nuqtai nazaridir, degan fikrda.

“Avval Jirinovskiy xoʻjayinining topshirigʻi bilan gapirar edi. Endi Solovev xoʻjayinining buyrugʻi bilan sayrayapti” , degan izoh yozgan ulardan biri.
Ayniqsa Rossiya bilan bevosita chegaradosh Qozogʻistonda yashovchi (profil nomi va avatar suratiga koʻra taxmin - muallif) foydalanuvchilarning munosabati qiziqarli. Solovev soʻzlariga befarq qolmagan foydalanuvchilardan biri shunday yozadi:

“Turkiya, Ozarbayjon va barcha bizning turkiy mamlakatlarimiz biz tomonimizda turishadi. AQSh ham Rossiyaning ikkinchi front ochishiga jim qarab oʻtirmasa kerak.
Bunga javoban boshqa bir foydalanuvchi “hech kim biz tomonimizda boʻlmaydi. Turkiya Gʻazoga ham oʻtmadiku. Hamma shunchaki qarshi ekanini izhor qiladi. Turkiya qurol bilan taʼminlashi mumkin, ammo oʻrtada Eron borligi bois, agar tuzum oʻzgarmasa, logistika tufayli katta yordam bera olmaydi. Ehtimol Oʻzbekiston va Qirgʻizistondan koʻngilli yollanma guruhlari kelishi mumkin”
“Iloho biz shu hujumsiz ham birlashaylik”, deya istak bildirgan yana bir sharh muallifi.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari MO davlatlari rahbarlari uchun eslatma tarzida ham postlar qoldirgan.

“Yaqinda ular Zelenskiyni goʻyoki Putin qarorgohiga hujum qilishda ayblashdi. Aslida hech qanday hujum yoʻq edi. Buni shunchaki Trampga shikoyat qilish uchun ruslarning oʻzi oʻylab topgan edi.
Kecha esa Putinning oʻzi Solovev tili bilan xuddi shu MO rahbarlariga hujum qilish va SVO bilan tahdid qildi. Bu nimadan darak beradi? Butun dunyoga sharmanda boʻlib, Zelenskiyni qilmagan ishi uchun ayblamaslik kerak edi. Putinning raʼyiga qarash va soʻragan ishlarni qilish kerak emas”, deydi ushbu foydalanuvchi.
Albatta Solovevning tahdidi aynan harbiy bosqinni anglatishiga yoxud bu bosqin ehtimoli borligiga shubha qilganlar ham topiladi.

“Armaniston bilan (bevosita) chegara yoʻq. Putin qanday qilib Armanistonga bostirib kira oladi. Huddagi birgina harbiy baza Yerevanni bosib ololmaydi. Ozarbayjon va Gruziya tanklarni oʻtkazmaydi”, deya izoh qoldirgan shunday skeptiklardan biri.
Katta ehtimol bilan qozogʻistonlik boʻlgan foydalanuvchining fikriga koʻra esa, Xitoy Qozogʻistonni berib qoʻymaydi.

Yana bir sharh muallifi esa Rossiya uchun oʻz tovarlarini tinch Qozogʻiston orqali eksport qilish maqbulligini yozgan.
“Nega non beradigan qoʻlni tishlamoqchi? YeOIHT bojxona poshlinalarining 70 foizi RF gʻaznasiga tushadi. 100 foiz qilishmoqchimi yoki?” deya munosabat bildirgan ushbu muallif.
Shu bilan birga, bu tahdidlardan “urush hidi” kelayotganiga qatʼiy ishonganlar koʻpchilikni tashkil etadi.

Ularning fikricha, Rossiya kelajakda boshqa hududga ham urush ochmoqchi, ichkarida turib muammo tugʻdirmasligi uchun MOlik migrantlarni atay oʻzidan uzoqlashtiryapti, fuqaroligini olib qoʻymoqda.
Illyuziyasiz prognoz
Xoʻsh, doʻppini boshdan olib oʻylab koʻrsak, Rossiyaning yaqin vaqt ichida Armaniston yoki Markaziy Osiyo davlatlariga harbiy bostirib kirishi ehtimoli bormi?
Ayrim tahlilchilarning fikricha, bor, ammo kuchsiz. Rossiya allaqachon urush, sanksiyalar va ichki muammolardan zaiflashgan. Yangi front xalqaro yakkalanishni va Turkiyadan Xitoygacha boʻlgan kuch markazlari bilan toʻqnashuvni anglatadi.
Ammo Solovevning soʻzlari bekorga aytilmadi. Bugun boʻlmasa ertaga, ertaga boʻlmasa indinga roʻy berishi rejalashtirilgan ulkan buzgʻunchi rejaning birinchi bosqichi – aholini tayyorlash va miyasini yuvish, qolaversa fikriy razvedka - reaksiyalarni kuzatish boʻlishi ham mumkin. Yoki hozircha (!) shunchaki qoʻrqitib qoʻyish boʻlishi ham mumkin.
Nima boʻlganda ham Solovevning soʻzlari elitalar, jamiyatlar va armiyalar xotirasida saqlanadi. Va aynan shu soʻzlar tufayli sobiq ittifoqchilar Moskvaga xavfsizlik kafolatchisi sifatida emas, balki ehtimoliy xatar manbai sifatida qarash yanada kuchayadi.
Epilog
Urushlar kamdan-kam oʻq otish bilan boshlanadi. Koʻpincha u studiyada, projektorlar ostida, “oʻz auditoriyasi” uchun aytilgan bitta jumla bilan ham boshlangan.
2026 yil 10 yanvar kuni shunday jumla aytildi. Yerevan, Toshkent, Ostona, Kiyev va Bokuda uni birdek aniq eshitishdi.
Bu tahlil emas edi. Bu ogohlantirish edi...
Abulfayz Sayidasqarov