Shomurodov Oʻzbekistonning JChdagi vazifasiga toʻxtaldi
Terma jamoa sardori FIFA saytiga intervyu berdi. "Oʻzbekiston kuchli jamoa ekanini butun dunyoga koʻrsatmoqchimiz", deya taʼkidladi hujumchi.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodovga koʻra, jamoa JCh-2026da pley-offga chiqishni maqsad qilmoqda.
Shomurodov FIFA rasmiy saytiga intervyu berdi.
“Oʻzbekiston kuchli jamoa ekanini butun dunyoga koʻrsatmoqchimiz", deya taʼkidlagan hujumchi tuygʻuni soʻz bilan ifodalash juda qiyin. Nafaqat biz futbolchilar, balki butun Oʻzbekiston bu yoʻllanmani juda xohlardi. Natijadan keyin hamma juda xursand boʻldi, chunki bu xalqimiz va muxlislarimiz uchun naqadar muhim ekanini hammamiz tushunardik.
Saralashdan chiqqanimizdan soʻng, nafaqat Oʻzbekistondan, balki Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridan ham koʻplab futbol muxlislari tabriklashdi. Hatto Qozogʻiston prezidenti bizning prezidentimizni tabriklaganini eshitganman. Agar Jahon chempionatida yaxshi oʻyin koʻrsatsak, Oʻzbekiston terma jamoasining muxlislari butun dunyoda paydo boʻladi", deydi u.
"Qurʼa oldidan ham kim bilan tushishimiz unchalik muhim emasligini bilardim. Bizning vazifamiz — guruhdan chiqish, qolganini taqdir hal qiladi. Albatta, bor kuchimizni beramiz. Biz vatanimizni himoya qilamiz va shu sababli qattiq ishlaymiz. Oʻzbekiston kuchli jamoa ekanini butun dunyoga koʻrsatmoqchimiz", deya taʼkidlagan hujumchi.
Uning aytishicha, dunyo Oʻzbekistondan chiqqan futbolchilar Yevropa klublarida oʻynay olishini koʻrdi. Bu nafaqat terma jamoaga, balki butun oʻzbek futboliga foyda keltirmoqda.
" Bolaligimda Jahon chempionatiga chiqa olmaganimizda muxlislar qanchalik xafa boʻlganini eslayman. Bugun esa muvaffaqiyatlarimiz va davlatimiz rahbarining sportga, xususan futbolga boʻlgan eʼtibori tufayli muxlislar munosabati butunlay oʻzgardi.
Endi Jahon chempionatida ishtirok etishimiz aniq boʻlgach, koʻplab oʻzbekistonliklar ham AQShga borishni rejalashtirmoqda. Ularning tribunadagi qoʻllab-quvvatlashi bizga katta kuch va yangi choʻqqilarga chiqish uchun motivatsiya beradi”, — dedi Shomurodov.
Eslatib oʻtamiz, qurʼa natijalariga koʻra, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi “K” guruhida Kolumbiya, Portugaliya hamda Kongo DR, Yamayka yoki Yangi Kaledoniya terma jamoalaridan biri bilan kuch sinashadi.
Uchrashuvlar Mexiko, Xyuston va Atlanta shaharlarida boʻlib oʻtadi.