platina.uz
Jamiyat

Prezident Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tabrik yoʻlladi

Davlat rahbari dunyoning siyosiy va harbiy xaritasida shiddatli oʻzgarishlar yuz berayotganini qayd etdi, harbiy qudratni takomillashtirishga toʻxtaldi.  

Prezident Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tabrik yoʻlladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi yoʻlladi.

Prezident hozirgi vaqtda dunyoning siyosiy va harbiy xaritasida shiddatli oʻzgarishlar yuz berayotganini qayd etdi.

Turli mintaqalarda geosiyosiy vaziyat tobora murakkablashib, ziddiyat va qonli toʻqnashuvlar kuchaymoqda. Zamonaviy texnologiyalar, yangi avlod qurol-yarogʻlari paydo boʻlmoqda, jangovar harakatlar olib borishning strategiya va taktikasi yanada takomillashmoqda.

"Milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarogʻ va harbiy texnika, jumladan, sunʼiy intellekt asosida robotlashtirilgan majmualar bilan taʼminlash, qoʻshinlarni boshqarish hamda qaror qabul qilish jarayonlariga ilgʻor axborot texnologiyalarini yanada keng joriy etish ham doimo eʼtiborimiz markazida boʻladi.

Harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilishga doir ishlarning samarasini oshirib, ularning turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan ishlarni kuchaytiramiz. Bu borada davlat va fuqarolik institutlari hamda keng jamoatchilikning faol ishtirok etishiga alohida ahamiyat qaratamiz", deydi prezident.

"Har bir harbiy xizmatchi xalq bilan armiya – bir tanu bir jon ekanini, uning ortida 38 millionlik xalq togʻdek tayanch boʻlib turganini doimo his etishi, shundan cheksiz kuch, ruh va madad olishi kerak.

Gʻayrat-shijoatda tengsiz boʻlgan harbiylarimiz yovlar oldida hech qachon bosh egmagan qoʻrqmas va oʻtyurak ajdodlarimizning oʻlmas merosini oʻrganib, ulardan ibrat va saboq olib, Vatan oldidagi muqaddas burchini bundan buyon ham sharaf bilan ado etadilar, deb ishonaman", deya taʼkidlaydi davlat rahbari.

Avval prezident bir guruh harbiylar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini taqdirlagandi.

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid