Janubiy Koreya sobiq prezidenti uchun oʻlim jazosi soʻraldi
Prokuratura sobiq prezident Yun Sok Yolni sud va qonun chiqaruvchi hokimiyatni egallab olish orqali toʻntarish uyushtirishda aybladi.

Prokurorlar Janubiy Koreya sobiq prezidenti uchun oʻlim jazosini soʻradi.
Janubiy Koreyada maxsus prokurorlar guruhi 2024 yil dekabr oyidagi harbiy holat ishi boʻyicha sobiq prezident Yun Sok Yol uchun oʻlim jazosini talab qildi. Bu haqda Yonhap axborot agentligi xabar berdi.
Yakuniy sud majlisi Seul markaziy okrug sudida boʻlib oʻtdi.
Prokuratura sobiq prezidentni sud va qonun chiqaruvchi hokimiyatni egallab olish orqali hokimiyatni saqlab qolishga intilgan toʻntarish uyushtirishda ayblamoqda.
2024 yil dekabr oyida mamlakatda yirik siyosiy inqiroz roʻy berdi. Yun Sok Yol Janubiy Koreyada "Shimoliy Koreya tarafdorlari boʻlgan davlatga qarshi kuchlarni yoʻq qilish" zarurligini aytib, harbiy holat eʼlon qildi.
Biroq, bir necha soatdan keyin parlament harbiy holatni bekor qildi.
Parlament aʼzolari prezidentni impichment qilish uchun ovoz berishdi. Yun Sok Yol hokimiyatdan chetlashtirildi va keyinchalik hibsga olindi.