platina.uz
Iqtisod

Ijtimoiy obʼektlar va aholi turar joylarining energiya samaradorligi uchun 150 mlrd soʻm yoʻnaltiriladi

Investitsiya dasturi doirasida 770 ta ijtimoiy obʼekt energiya samaradorlik standartlari asosida modernizatsiya qilinadi. Bunga xalqaro moliya institutlaridan 264 mln dollar mablagʻ jalb etiladi. 

Ijtimoiy obʼektlar va aholi turar joylarining energiya samaradorligi uchun 150 mlrd soʻm yoʻnaltiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 yanvar kuni energiya samaradorlikni oshirish hamda elektr energiyasi taʼminotida bozor mexanizmlarini joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Xalqaro ekspertlarning xulosalariga koʻra, Oʻzbekiston eng koʻp energiya sarflaydigan mamlakatlar qatoriga kiradi. Xususan, respublikamizda binolarning yakuniy energiya isteʼmolidagi ulushi qariyb 50 foizni tashkil etib, bir kvadrat metrga toʻgʻri keladigan energiya sarfi Yevropa mamlakatlariga nisbatan bir necha barobar yuqori.

Shu bois, oʻtgan yilda energiya samaradorlik sohasidagi islohotlarni tizimli yoʻlga qoʻyish maqsadida alohida agentlik tashkil etildi. Ushbu tuzilmaga 2030 yilga qadar iqtisodiyotda energiya sarfini kamida 20 foizga, davlat idoralari va ijtimoiy obʼektlarda esa energiya isteʼmolini 15 foizga qisqartirish vazifasi yuklatilgan.

Taqdimotda agentlikning 2026 yildagi faoliyati rejalari koʻrib chiqildi.

Mamlakatimizdagi binolarning katta qismi oʻtgan asrning 60-70-yillarida qurilgan boʻlib, ularda energiya sarfi darajasi yuqoriligicha qolmoqda. Shu bois, ijtimoiy obʼektlar va aholi turar joylarini energiya samarador obʼektlarga aylantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar rejalashtirilgan. Joriy yilda bunga 150 milliard soʻm subsidiya va kompensatsiya mablagʻlari yoʻnaltiriladi.

Respublikadagi 30 mingga yaqin ijtimoiy obʼektlarning energiya samaradorligini oshirishda xalqaro moliya institutlari ishtiroki va xususiy sektor investitsiyalarini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Joriy yilgi investitsiya dasturi doirasida 770 ta ijtimoiy obʼekt energiya samaradorlik standartlari asosida modernizatsiya qilinadi. Bunga xalqaro moliya institutlaridan 264 million dollar mablagʻ jalb etiladi.

Shu bilan birga, energiyani tejash orqali daromad olish mexanizmlari – energiya servis kompaniyalarining xizmatlarini (ESCO) rivojlantirish va ushbu bozorni shakllantirish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Binolarni energiya auditdan oʻtkazish, energiya samaradorlik standartlari asosida loyihalash va modellashtirishda raqamli texnologiyalar hamda sunʼiy intellekt imkoniyatlarini keng qoʻllash rejalari haqida axborot berildi.

Sanoat sohasida ham energiya tejamkorlikni oshirish boʻyicha aniq rejalar belgilangan. Jumladan, joriy yilda 142 ta toʻqimachilik korxonasiga quyosh panellarini oʻrnatib, 722 million kilovatt-soat elektr energiyasi va korxonalarning 693 milliard soʻm mablagʻi tejalishi kutilmoqda. Shuningdek, ichimlik suvi taʼminoti tizimida 300 ta nasosni yangilash rejalashtirilgan.

Markazlashgan issiqlik taʼminoti tizimidagi mavjud muammolarga ham alohida eʼtibor qaratildi. Ayni paytda issiqlik qozonxonalari va tarmoqlarining bir qismi eskirishi oqibatida energiya yoʻqotishlari yuqori darajada qolmoqda. Shu bois, joriy yilda issiqlik qozonxonalari va tizimlarini modernizatsiya qilish, ularni “yopiq tizim”ga oʻtkazish doirasida 400 ta individual issiqlik punktlarini oʻrnatish va kamida 100 kilometr issiqlik tarmoqlarini yangilash koʻzda tutilgan.

Mutasaddilarga binolarni qurish, taʼmirlash va rekonstruksiya qilishda energiya samaradorlik standartlari va taʼsirchan qoidalarni ishlab chiqish topshirildi.

Taqdimotda elektr energiyasi sohasida raqobatli bozor mexanizmlarini joriy etish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Xususan, past kuchlanishli elektr tarmoqlarini xususiy sektorga berish ishlari Samarqand viloyatidan boshlanib, keyingi bosqichda Andijon, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahriga kengaytirilishi rejalashtirilgan. Bu orqali tarmoqlarni yangilashga investitsiyalarni jalb etish orqali yoʻqotishlarni keskin kamaytirish koʻzda tutilgan.

Elektr energiyasining ulgurji bozorini shakllantirish ishlarining borishi toʻgʻrisida axborot berildi.

Hozirgi kunga qadar yiliga 10 million kilovatt-soatdan koʻp elektr isteʼmol qilayotgan ulgurji isteʼmolchilar roʻyxati tuzildi. Ushbu korxonalar uchun elektr energiyasini ulgurji bozorda “soatbay” shakllangan narxlarda toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida xarid qilish tizimini joriy etish taklif etildi.

Bugungi kunda energetika va kommunal sohalar boʻyicha alohida regulyatorlarni tashkil etish ishlari olib borilmoqda. Xorijiy tajribadan kelib chiqib, bu borada yagona regulyatorni tashkil etish taklifi bildirildi.

Prezidentimiz mazkur takliflarni maʼqullab, energiya samaradorlikni oshirish, resurslardan oqilona foydalanish va energetika bozorida raqobat muhitini shakllantirish muhimligini taʼkidladi hamda mutasaddilarga tegishli topshiriqlarni berdi.

Prokuratura va ichki ishlar organlari oldiga muhokama qilingan sohalarda qonun talablariga qatʼiy rioya etilishini va javobgarlikning muqarrarligini taʼminlash, belgilangan chora-tadbirlarning soʻzsiz ijrosini taʼminlash yuzasidan hokimliklar bilan yaqindan ishlash vazifasi qoʻyildi.

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid