Grenlandiya yetakchisi orol AQShga qoʻshilishni istamasligini aytdi
Daniya va Grenlandiya rahbarlari orol sotilmasligini qatʼiy taʼkidlab keladi. Bu esa Tramp maʼmuriyati rasmiylarining barcha variantlar, jumladan harbiy choralarni ham koʻrib chiqilayotgani haqidagi bayonotlariga sabab boʻldi.

Nilsen: Grenlandiya AQShGA qoʻshilishni istamaydi.
Grenlandiya rahbariyati AQShning hududni qoʻlga kiritish ehtimoli haqidagi bayonotlarini rad etib, Daniya, NATO va Yevropa Ittifoqiga sodiq qolishini maʼlum qildi.
“Agar hozir va shu yerda AQSh bilan Daniya oʻrtasida tanlov qilishimizga toʻgʻri kelsa, biz Daniyani tanlaymiz” — dedi Grenlandiya bosh vaziri Yens-Frederik Nilsen seshanba kuni Kopengagenda boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida. “Biz NATONI tanlaymiz. Biz Daniya Qirolligini tanlaymiz. Biz Yevropa Ittifoqini tanlaymiz.”
Nilsen Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen bilan birga chiqish qildi. AFP xabariga koʻra, Frederiksen “eng murakkab davr hali oldinda ekanini koʻrsatuvchi koʻplab alomatlar bor”, dedi.
Prezident Donald Tramp Daniyaga qarashli, yarim avtonom hudud boʻlgan Grenlandiyani milliy xavfsizlik sabablarini keltirgan holda AQSh tomonidan sotib olish istagini bir necha bor bildirgan.
“Agar biz Grenlandiyani olmasak, Rossiya yoki Xitoy uni oladi, va men bunga yoʻl qoʻymayman” — dedi Tramp.
“Men ular bilan kelishuv tuzishni istardim. Bu osonroq”, — deya qoʻshimcha qildi u. “Ammo baribir, qanday boʻlmasin, Grenlandiya bizniki boʻladi.”
Biroq Daniya va Grenlandiya rahbarlari Grenlandiya sotilmasligini qatʼiy taʼkidlab kelmoqda. Bu esa Tramp maʼmuriyati rasmiylarining barcha variantlar, jumladan harbiy choralarni ham koʻrib chiqilayotgani haqidagi bayonotlariga sabab boʻlgan.
“Bitta narsa hammaga aniq boʻlishi kerak: Grenlandiya AQShGA tegishli boʻlishni istamaydi. Grenlandiya AQSh tomonidan boshqarilishni istamaydi. Grenlandiya AQShning bir qismi boʻlishni xohlamaydi”, — dedi Nilsen kecha bergan bayonotida.
Daniya 75 yildan ortiq vaqtdan beri AQShning NATOdagi eng ishonchli ittifoqchilaridan biri hisoblanadi. Frederiksen AQSh haqida gapirar ekan, “eng yaqin ittifoqchimiz tomonidan mutlaqo qabul qilib boʻlmaydigan bosim boʻlyapti”, dedi.
AQSh Senatidagi demokratlar va ayrim respublikachilar Grenlandiyaga qarshi harbiy harakatlarga qarshi ekanini bildirdi. Virjiniyalik demokrat senator Tim Keyn "Face the Nation with Margaret Brennan" dasturida Grenlandiyada har qanday harbiy harakat "falokatli” boʻlishini aytdi.
Respublikachi senator Rend Pol oʻtgan hafta “CBS Mornings” dasturida Grenlandiyani harbiy yoʻl bilan egallashga urinishlarning har qanday koʻrinishiga qarshi chiqishini aytdi. Biroq u Grenlandiyani sotib olish gʻoyasiga qarshi emasligini, AQSh tarixda hududlarni sotib olganini eslatib oʻtdi.
AQSh Konstitutsiyasiga koʻra, urush eʼlon qilish huquqi faqat Kongressga tegishli. Oʻtgan hafta Senat Tramp maʼmuriyatining Venesuelaga nisbatan keyingi harbiy zarbalar berish imkoniyatlarini cheklashga qaratilgan rezolyutsiyani ilgari surdi. Besh nafar respublikachi barcha demokratlar bilan birga rezolyutsiyani qoʻllab-quvvatladi, bu esa Grenlandiya boʻyicha harbiy harakatlarga yetarli siyosiy qoʻllov yoʻqligini koʻrsatdi.
Demokrat senator Ruben Gallego esa oʻtgan hafta “Trampning Grenlandiyaga bostirib kirishini toʻsish” uchun qonun loyihasi kiritishini aytdi.
Politico nashriga koʻra, 12 yanvar kuni Vakillar palatasidagi ikki partiyadan boʻlgan bir guruh qonunchilar NATO aʼzolariga qarshi harbiy harakatlarni taqiqlashga qaratilgan qonun loyihasini taqdim etdi.
“Ular bizning ittifoqchilarimiz”, — dedi u. — “Ittifoqchilarga bunday munosabatda boʻlish mumkin emas. Bu shunchaki uyat. Qolaversa, grenlandiyaliklarning aksariyati grenlandiyalik boʻlib qolishni istaydi. Ular amerikalik boʻlishni xohlamaydi. Ammo ular bizning ittifoqchimiz boʻlishni xohlaydi. Bu esa Yevropadagi doʻstlarimiz orasida katta gʻazab va ranjish uygʻotmoqda" deya qoʻshimcha qildi u.