Ayrim hududlarda koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarishning yangi tizimi ishga tushadi
Eksperiment doirasida uylar holati tahlil qilinib, “yashil, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi, kamida 7 ming xonadondan iborat lotlar shakllantiriladi hamda 5 yillik rivojlantirish dasturlari ishlab chiqiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev koʻp kvartirali uy-joy fondini boshqarish tizimini takomillashtirish va aholiga sifatli xizmat koʻrsatishni taʼminlashga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda mamlakatimizda 44 mingdan ziyod koʻp kvartirali uyda 7,1 million nafar aholi istiqomat qiladi. Ularga 900 dan ortiq boshqaruv servis kompaniyalari va 200 dan ortiq shirkatlar xizmat qiladi. Shuningdek, 856 ta uyda oʻzini-oʻzi boshqarish tizimi joriy etilgan.
Keyingi yillarda koʻp qavatli uylar va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish, umumiy mulkni taʼmirlash va muhandislik kommunikatsiyalarini yangilash boʻyicha muayyan ishlar qilindi, aholiga sifat koʻrsatish darajasi va koʻlami oshdi.
Shu bilan birga, boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati barqarorligi va samaradorligini oshirish orqali xizmatlar sifatini oshirish, qoʻshimcha servis turlarini joriy etish dolzarb ahamiyatga ega.
Mavjud boshqaruv kompaniyalarning aksariyati majburiy badal hisobidan faoliyat yuritmoqda, ularning faoliyatiga investitsiya kiritishga tayyor tadbirkorlar kam. Shuningdek, ekspertlarning dastlabki hisob-kitoblariga koʻra, yirik shahar va viloyat markazlarida boshqaruv servis kompaniyalarining yashirin daromadlari rasmiy tushumlardan kamida ikki barobar koʻp. Bularning barchasi sohaga daromad keltiradigan yangi model ishlab chiqish zarurligini koʻrsatmoqda.
Shu munosabat bilan 2026-2030 yillarda baʼzi shahar va tumanlarda koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarishning klaster tizimini huquqiy eksperiment sifatida joriy etish taklif qilindi.
Eksperiment doirasida uylar holati tahlil qilinib, “yashil, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi, kamida 7 ming xonadondan iborat lotlar shakllantiriladi hamda 5 yillik rivojlantirish dasturlari ishlab chiqiladi. Lotlar va master-rejalar tuman kengashlari tomonidan tasdiqlanadi, boshqaruvchi tashkilotlar esa “Mening uyim” tizimi orqali mulkdorlar tomonidan ovoz berish yoʻli bilan tanlanadi.
Boshqaruvchi tashkilotlar uchun minimal moliyaviy va tashkiliy talablar, jumladan, oʻz mablagʻi, moddiy-texnik baza, 24/7 dispetcherlik xizmati mavjud boʻlishi kabi shartlar belgilanadi. Shu bilan birga, qoʻshimcha daromad manbalari sifatida maishiy xizmat markazlarini tashkil etish, yengil konstruksiyali qurilmalarni barpo etish va ulardan uzoq muddatli foydalanish imkoniyatlari yaratiladi.
Majburiy badallar hamda boshqaruvchi tashkilotlarning xizmatlardan tushadigan barcha qoʻshimcha daromadlari faqat “Mening uyim” billing tizimi orqali hisobga olinadi. Ushbu tartibga rioya etmasdan badallar hisobini yuritish buxgalteriya hisobi va hisobot talablarini buzish hisoblanadi.
Umumiy mol-mulkni ijaraga yoki tekin foydalanishga berish boʻyicha shartnomalar soliq organlarida majburiy tarzda hisobga qoʻyiladi. Belgilangan tartib buzilgan taqdirda, boshqaruvchi tashkilot elektron reyestrdan chiqarib tashlanadi. “Mening uyim” axborot tizimi orqali umumiy yigʻilishni tashabbus qilish, muhokama oʻtkazish, qaror qabul qilish, shartnoma tuzish, hisobot taqdim etish hamda murojaatlarni yuborish va koʻrib chiqish imkoniyatlari toʻliq yoʻlga qoʻyiladi.
Agar har chorak yakuni boʻyicha “Mening uyim” tizimiga hisobot maʼlumotlari kiritilmasa, keyingi oylar uchun majburiy badallarni hisoblash maʼlumotlar kiritilgunga qadar vaqtincha toʻxtatiladi va orqaga qayta hisob-kitob qilinmaydi. Shuningdek, koʻp kvartirali uylarning texnik holati, yer uchastkalari, energiya va suv isteʼmoli boʻyicha maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan “Turar-joy” milliy axborot tizimi bosqichma-bosqich ishga tushiriladi.
Koʻp kvartirali uyni foydalanishga qabul qilishda kadastr pasporti rasmiylashtirilib, u “Turar-joy” tizimida avtomatik aks etishi, oʻrnatilgan quyosh panellari esa umumiy mol-mulk sifatida boshqarish organiga topshirilishi shart etib belgilandi. Ushbu talablar bajarilmagan taqdirda, uy foydalanishga qabul qilinmaydi.
Yana bir masala – sohani raqamlashtirish va sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish. Avvalo, boshqaruv servis kompaniyalarining dispetcherlik xizmatlarida sunʼiy intellekt asosida ishlaydigan tizimlar joriy qilinishi, murojaatlar bilan ishlash va xizmat koʻrsatish tezligi oshirilishi kerakligi qayd etildi.
2026–2030 yillarda sohadagi institutsional islohotlarni davom ettirib, hokimliklar huzurida uy-joy kommunal sohani nazorat qiluvchi hududiy inspeksiyalar tashkil etish, ularning byudjetdan tashqari jamgʻarmalarini shakllantirish, hokimning uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻyicha oʻrinbosari lavozimini joriy etish taklif qilindi.
Davlatimiz rahbari mutasaddilarga qisqa muddatda sohaning investitsiya jozibadorligini oshirish, uy-joy mulkdorlari va boshqaruv servis kompaniyalari uchun birdek manfaatli, iqtisodiy jihatdan barqaror va shaffof tizim yaratish yuzasidan topshiriqlar berdi.