Ayrim harbiy xizmatchilarning oylik maoshlari koʻtariladi
30 yildan ortiq ish stajiga ega boʻlgan harbiy xizmatchilarga pensiya hisoblashda hisobga olinadigan pul taʼminoti miqdori 75 foizdan 100 foizgacha oshiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan Xavfsizlik kengashi yigʻilishida qator vazifa va imkoniyatlar belgilab olindi. Jumladan:
- muddatli harbiy xizmatning yangi modeli shakllantirilishi belgilandi, bunda har bir harbiy xizmatchi armiyadan qaytganda kasbiy koʻnikmalar va real istiqbollarga ega boʻladi;
- "Bir million dasturchi" va "Sunʼiy intellekt sohasida besh million yetakchi" dasturlari doirasida har yili 5 ming nafar muddatli harbiy xizmatchilar oʻqitiladi;
- muddatli harbiy xizmatni oʻtash davrida oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi uchun shart-sharoitlar yaratiladi, shuningdek, harbiy xizmatdan qaytgandan keyin oʻqishi qoʻllab-quvvatlanadi, shu jumladan sertifikat xarajatlari qoplanadi va foizsiz taʼlim kreditlari beriladi;
- muddatli harbiy xizmatdan qaytganlarni ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish choralari kengaytirilmoqda, shu jumladan ularning tadbirkorligi qoʻllab-quvvatlanadi va ishga joylashishda qoʻshimcha imtiyozlar beriladi;
- harbiy xizmatchilarning xizmat va turmush sharoitlari yanada yaxshilanadi, harbiy xizmatchilar, ularning oilalari va harbiy pensionerlarni ijtimoiy himoya qilishga alohida eʼtibor qaratiladi:
- 1 apreldan boshlab ofitserlarning koʻp yillik xizmati uchun ustama haqi 2 baravarga oshiriladi;
- kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilar va serjantlarning ish haqi 10 foizga oshiriladi;
- hududiy mudofaa organlarining harbiy boʻlmagan xodimlari mehnatiga haq toʻlash joriy yilda 20 foizga, kelgusi yilda yana 50 foizga oshiriladi;
- 30 yildan ortiq ish stajiga ega boʻlgan harbiy xizmatchilarga pensiya hisoblashda hisobga olinadigan pul taʼminoti miqdori 75 foizdan 100 foizgacha oshiriladi;
- maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya maqsadida joriy yilda harbiy qism va muassasalar 1 million nusxada badiiy adabiyotlar bilan taʼminlanadi;
- armiyada sportni rivojlantirish davom ettiriladi, jumladan, yoshlarning qiziqishiga javob beradigan zamonaviy yoʻnalishlar joriy etiladi;
- yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, bunda raqamli makon xususiyatlarini hisobga olish muhimligi taʼkidlandi.
Avvalroq sakkiz yil oldin qabul qilingan Mudofaa doktrinasi hamda 1997 yilda qabul qilingan Milliy xavfsizlik konsepsiyasini qayta koʻrib chiqish vaqti kelgani koʻrsatib oʻtilgandi.
