platina.uz
Jamiyat

Akmal Shukurov ishini koʻrgan toʻrt sudya qamoqqa olindi

Ular orasida Toshkent shahar sudi raisi oʻrinbosari ham bor. Shukurov bir fuqaroni urib komaga tushirgan va sudyalar tomonidan uning 8 yillik qamoq jazosi bekor qilingandi. Keyinchalik ish qayta koʻrildi va u  5 yil 3 oy muddatga qamaldi. 

Akmal Shukurov ishini koʻrgan  toʻrt sudya qamoqqa olindi

Akmal Shukurov ishini koʻrgan sudyalar qamoqqa olindi. Ular orasida Toshkent shahar sudi raisi oʻrinbosari ham bor.

Fuqaro Akmal Shukurov 2024 yilda bir fuqaroni urib komaga tushirgan va sudyalar tomonidan jazosi yengillashtirilgandi.

Maʼlum boʻlishicha, Bosh prokuratura tomonidan Toshkent shahar sudi raisi sobiq oʻrinbosari Murodjon Mirzajonovga nisbatan Jinoyat kodeksining 231-moddasi 2-qismi, 236-moddasi 2-qismi bilan hamda jinoyat ishlari boʻyicha shahar sudining sobiq sudyalari Odilbek Ilxomjonov, Mirziyod Abidov va Muxtarama Turgunovalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 231-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Ish hujjatlariga koʻra, A.Shukurov juda koʻp miqdorda oʻzganing mulkini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritish, bezorilik, qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish jinoyatlarini sodir etganligi yuzasidan jinoyat ishlari boʻyicha Mirzo Ulugʻbek tumani sudining hukmiga koʻra, Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bilan aybdor deb topilib, unga 8 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Sudlanuvchi A.Shukurov yuqoridagi hukmdan norozi boʻlib, sudga qilgan apellyatsiya shikoyati apellyatsiya instansiyasining sudyalari O.Ilxomjonov, M.Abidov va M.Turgunovalar tomonidan koʻrib chiqilib, birinchi instansiya sudining hukmini oʻzgartirish, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qoʻllab, 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirish toʻgʻrisidagi xulosaga kelishgan.

Biroq, Toshkent shahar sudi raisi oʻrinbosari M.Mirzajonov mansab mavqeidan foydalanib, ishni har tomonlama, toʻla va xolisona koʻrilishiga toʻsqinlik qilib, sud ishlariga aralashib, sudyalarga qonunga xilof ravishda taʼsir oʻtkazishi oqibatida, sudyalar O.Ilxomjonov, M.Abidov va M.Turgunovalar uning topshirigʻi noqonuniy ekanligini oldindan bila turib, odil sudlovni amalga oshirish va qaror qabul qilishda mustaqil boʻlsalarda, javobgarlikning muqarrarligi prinsipiga amal qilmasdan, birinchi instansiya sudining hukmini oʻzgartirib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qoʻllab, qamoq ehtiyot chorasini bekor qilgan holda, jazoni uzil-kesil 3 yil 3 oy muddatga ozodlikni cheklashga almashtirib, uni sud zalidan qamoqdan ozod etib, ogʻir oqibatlarga sabab boʻlgan noqonuniy va adolatsiz ajrim chiqarishgan.

Yuqoridagilarga koʻra, jinoyat ishi doirasida shahar sudi raisi sobiq oʻrinbosari M.Mirzajonov hamda jinoyat ishlari boʻyicha shahar sudining sobiq sudyalari O.Ilxomjonov, M.Abidov va M.Turgunovalar ayblanuvchi tariqasida ishga jalb qilinib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

Ishni koʻrgan sudya dekabrda oʻz arizasiga koʻra ishdan ketgani ham xabar berilgandi.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari Bosh prokuratura tomonidan olib borilmoqda.

Maʼlumot oʻrnida, Toshkent shahar prokuraturasining protesti asosida A.Shukurovga oid ish shahar sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati taftish instansiyasida koʻrilib, tegishli ajrim bilan protest qanoatlantirilgan va birinchi instansiya sudining hukmi oʻzgartirilib, apellyatsiya instansiyasining ajrimi bekor qilinib, A.Shukurovga 5 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va sud zalidan qamoqqa olinib, unga nisbatan jazo muqarrarligi taʼminlangan.

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid