“Oʻzbekneftgaz” rahbariga yana bir oʻrinbosar lavozimi joriy etildi
Davlat rahbari tizimdagi har qanday noqonuniy holatni tezkor aniqlash va oldini olish boʻyicha samarali tizim yaratish vazifasini topshirdi.

Sohadagi korrupsion xavflarni oldini olish maqsadida “Oʻzbekneftgaz” tuzilmasida raisning alohida oʻrinbosari lavozimi kiritilib, komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat xizmati tashkil etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati faoliyatining kelgusidagi vazifalari va rejalari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Davlat rahbari tizimdagi har qanday noqonuniy holatni tezkor aniqlash va oldini olish boʻyicha samarali tizim yaratish vazifasini topshirdi.
Shuningdek, prezident neft-gaz sohasida transformatsiyani chuqurlashtirish, gaz zaxiralari va qazib olish hajmlarini oshirish, moliyaviy intizomni kuchaytirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Taqdimotda “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati oldida turgan eng asosiy vazifa tabiiy gaz zaxiralarini oshirish va qazib chiqarish hajmlarini koʻpaytirish ekani qayd etildi. Kompaniya kunlik gaz qazib chiqarish hajmini 66 million kub metrdan 70 million kub metrga koʻpaytirish, bu yil kamida 25,4 milliard kub metr gaz qazib chiqarish choralarini koʻrishi zarurligi taʼkidlandi.
Nafta ishlab chiqarish hozirda quvvatning 70 foizida amalga oshirilayotgani, mahsulot esa 50 foiz arzon narxlarda eksport qilinayotgani koʻrsatib oʻtildi. Naftadan polimer mahsulotlari ishlab chiqarilsa, qoʻshilgan qiymatni 6 karra oshirish imkoniyati borligini hisobga olib, mavjud quvvatlarni toʻliq ishlatish choralarini koʻrish topshirildi.