Birjada propan narxiga qoʻyilgan yuqori chegara qatʼiylashtirildi
Propan importi bilan shugʻullanuvchi korxonalar hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun boshlangʻich narx 1 tonnasi uchun 7,5 mln soʻmdan oshirilsa, buyurtmalar qabul qilinmaydi

Birjada propan narxiga qoʻyilgan yuqori chegara qatʼiylashtirildi. Bu haqda Spot yozgan.
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi Respublika tovar xom-ashyo birjasida propan narxiga qoʻyilgan yuqori chegarani qatʼiylashtirdi.
Qoʻmitaning 2026 yil 9 yanvardagi tegishli koʻrsatmasi (104/02−15-son) bilan 12 yanvardan boshlab birja savdolarida suyultirilgan gaz sotish narxining har bir sotuvchi boʻyicha boshlangʻich narxiga nisbatan oshirish chegarasi (spred) 20% dan 10% gacha pasaytirildi.
Bundan tashqari, propan importi bilan shugʻullanuvchi korxonalar hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun boshlangʻich narx 1 tonnasi uchun 7,5 mln soʻmdan oshirilsa, buyurtmalar qabul qilinmaydi.
Avvalroq propanning koʻcha va davlat narxi paydo boʻlgani haqida xabar berilgandi. Raqobat qoʻmitasi bayonot berib chiqdi va bu mavzuni yoritganlarning oʻzini ogohlantirdi. Qoʻmita barcha ijtimoiy tarmoq faollarini ichki bozorda narxlar oshishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan har qanday axborotlarni tarqatmaslikka chaqirgan.
