Bir yilda mehnat faoliyatidagi baxtsizlik sabab 216 ta oʻlim kuzatildi
Sanoat tarmoqlaridagi eng koʻp baxtsiz hodisalar qurilish sohasiga toʻgʻri keldi. 432 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatilgan.

Oʻzbekistonda bir yilda mehnat faoliyati bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar sabab 216ta oʻlim kuzatildi.
Davlat mehnat inspeksiyasining 2025 yil hisobotiga koʻra, Oʻzbekiston boʻyicha 849 ta mehnat faoliyati bilan bogʻliq baxtsiz hodisa sodir boʻlgan. Shulardan 216 ta hodisa oʻlim bilan, 583 tasi ogʻir oqibatli, 50 tasi guruhiy hodisalar sifatida qayd etilgan. Bu haqda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, jabrlanganlar soni 961 nafarni tashkil etgan boʻlib, ulardan 248 nafari vafot etgan, 680 nafari esa ogʻir jarohat olgan. Shuningdek, 33 nafar fuqaro yengil jarohatlangan.
Hisobotga koʻra, sanoat tarmoqlaridagi eng koʻp baxtsiz hodisalar qurilish sohasiga toʻgʻri kelgan.
-Qurilish - 234 ta
-Yengil sanoat - 47 ta
-Transport - 37 ta
-Qishloq va suv xoʻjaligi - 36 ta
-Energetika - 34 ta
-Sogʻliqni saqlash - 27 ta
-Navoiy KMK - 22 ta
-Olmaliq KMK - 11 ta
-Kimyo sanoati - 11 ta
-Maktabgacha taʼlim - 8 ta
-Boshqa sohalar - 370 ta
Shuningdek, eng koʻp baxtsiz hodisalar Toshkent (153 ta) shahrida yuz bergan boʻlsa, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida bu koʻrsatkich 16 ta tashkil etgan va hududlar bu borada eng ijobiy natijani qayd etgan.
-Toshkent shahri – 153 ta
-Toshkent viloyati – 75 ta
-Andijon – 75 ta
-Qashqadaryo – 93 ta
-Buxoro – 92 ta
-Navoiy – 65 ta
-Samarqand – 53 ta
-Fargʻona – 50 ta
-Sirdaryo – 46 ta
-Qoraqalpogʻiston – 47 ta
-Jizzax – 35 ta
-Namangan – 33 ta
-Xorazm – 16 ta
-Surxondaryo – 16 ta
Bundan tashqari, ushbu holatlar ortidan 432 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatilgan, shuningdek, 241 nafar shaxsga maʼmuriy jarima qoʻllangan.