platina.uz
Iqtisod

Propan oʻpqoni: uning koʻcha va davlat narxi paydo boʻldi

Bu holatni oʻrganib, baho berishi kerak boʻlgan Raqobat qoʻmitasi mazkur mavzuni yozganlarning oʻzini aybdor qilib chiqdi.

Propan oʻpqoni: uning koʻcha va davlat narxi paydo boʻldi

Iqtisodchi bloger Otabek Bakirovning aytishicha, propanning bozor va tarifdagi narx farqi 6 trillion soʻmni tashkil qilmoqda.

"Aholiga berilyapti" deyilgan 640,8 ming tonna propan bu 1,2 milliard litr propan degani. Aholiga sotilayotgan propan tarif boʻyicha kilosiga 2 ming soʻm (litriga 1,1 ming soʻm). Chakana shoxobchalarda sotilayotgan propan esa litri allaqachon 7 ming soʻmdan oshib ketdi. Orasida kamida 5 ming soʻm farq bor deb hisoblasak ham, "aholiga beryapmiz" deyilayotgan propandan kamida 6 trillion soʻm yoki 500 million dollar yoʻqotish mavjud. Tasavvur qilayapsizmi, qanaqa katta summa va qanaqa katta korrupsion joziba bor", deb yozgan bloger.

Uning taʼkidlashicha, bu holat xuddi yopiq konvertatsiya payti karrasiga farqlanadigan davlat kursi va koʻcha kursi yaratgan oʻpqon kabidir.

Raqobat qoʻmitasi "tilga kirdi"

Nihoyat propan narxi mislsiz darajada oshib ketishi haqida Raqobat qoʻmitasi bayonot berib chiqdi va bu mavzuni yoritganlarning oʻzini ogohlantirdi.

Qoʻmita maʼlumotiga koʻra, birja savdolarida 2025 yilda jami 358 ming tonna suyultirilgan gaz sotilgan. Bunda sotilgan mahsulotning 61 foizi (219 ming tn) mahalliy va 39 foizi import mahsulot hissasiga toʻgʻri kelgan.

Ushbu koʻrsatkich yanvar-iyul oylarida oʻrtacha 80 foizgachani tashkil etgan boʻlsa, avgust oyidan boshlab ichki bozorda mahalliy mahsulotning hissasi kamayib borib, 2025 yil dekabr (35 foiz) oyi va 2026 yil yanvar oyining oʻtgan davrida 10 foizgacha pasayib ketgan. Yaʼni propan importi 90 foizga yetgan.

Bunga asosiy sabab qilib aholi va ijtimoiy soha obʼektlariga yoʻnaltirilgani koʻrsatilgan. Propan boshlangʻich narxi oʻtgan yil davomida deyarli oshmagani, shuningdek, qoʻmita tomonidan suyultirilgan gaz boshlangʻich narxiga 20 foiz spred (boshlangʻich narxga nisbatan oʻsish chegarasi) va 1 ta savdo sessiyasida 5 tn (muqaddam 10 tn) xarid limiti oʻrnatilgani hisobiga mahalliy mahsulot sotilish narxi 1 tn uchun 7 mln soʻmdan oshmagan. Shu oʻrinda, import mahsulot narxi 8 mln soʻmgacha shakllangan.

"Oʻz navbatida, mahalliy va import mahsulotning boshlangʻich (50 foiz) va sotilish (35 foiz) narxi oʻrtasida 40 foizgacha tafovut mavjud. Biroq soʻnggi oylarda ichki bozorda import mahsulot ulushi va talabning oshishi hisobiga birja savdolaridagi oʻrtacha narx import mahsulot hisobiga shakllanmoqda. Shuningdek, tadbirkorlik subʼektlari tomonidan import mahsulotning boshlangʻich narxlari oshirilishi sababli bugungi kunda 1 tn suyultirilgan gaz mahsuloti oʻrtacha 9,5 mln soʻmgacha sotilmoqda, dekabrga nisbatan oʻsish 20 foiz", deyiladi bayonotda.

Qoʻmitaning alohida taʼkidlashicha, bugungi kundagi vaziyatda chakana narxlar toʻgʻrisida har qanday maʼlumotning yoritilishi yoki narxlar oshishi toʻgʻrisida axborot tarqatilishi ichki bozorda yagona narx shakllanishiga va bozor tamoyillari buzilishiga olib kelishi mumkin.

Shu sababli, qoʻmita barcha ijtimoiy tarmoq faollarini ichki bozorda narxlar oshishiga sabab boʻlishi mumkin boʻlgan har qanday axborotlarni tarqatmaslikka chaqirgan.

"Yaʼni feʼlan propan narxi tinimsiz oshayotganiga propan qimmatlayotgani haqida yozayotganlar "aybdor" koʻrsatilgan va ayni paytda tarmoq faollari narx boʻyicha axborot tarqatmaslikka chaqirilgan. Bunaqasi hali yangi Oʻzbekiston tarixida boʻlmagandi", deya hayratini bildirgan Bakirov.

Ammo keyinroq chiqqan qoʻmitaning bayonoti bu safar jiddiyroq tus oldi.

"Ayrim xoʻjalik yurituvchi subʼektlar propan narxlari asossiz oshirilishiga sabab boʻluvchi manipulyatsiya va muvofiqlashtirilgan harakatlar sodir etgan. Raqobat qoʻmitasi aniqlangan holatlar yuzasidan qonunbuzilish holatlari boʻyicha ish qoʻzgʻatishni boshladi", deyiladi unda.

Bundan tashqari, birja savdolarida narxlarni barqarorlashtirish yuzasidan "korreksiyalashtiruvchi" choralar koʻrilayotgani, shu jumladan, bozor ishtirokchilariga birja savdolariga mahsulotlarni toʻliq hajmda va bir maromda chiqarish boʻyicha koʻrsatmalar yuborilgani aytilgan.

Import propanga qaramlik

Otabek Bakirov Raqobat qoʻmitasining bayonotidan quyidagi asosiy tezislarni keltirib oʻtgan:

"Birinchidan, propan sotuvlarida 2025 yil dekabr oyida importning ulushi 65 foizga, yanvarning dastlabki 10 kunida esa 90 foizga chiqqan. Yaʼni propan boʻyicha Oʻzbekistonning importga qaramligi kritik nuqtaga yetgan va tabiiyki, oʻyin qoidalarini importchi korchalonlar belgilay boshlagan.

Ikkinchidan, qoʻmita garchi tan olmayotgan boʻlsa-da (bunga balki ruxsat yoʻq yoki maʼmuriy resurslari kamlik qiladi), importchilarga nisbatan biron-bir antimonopoliya choralarini qoʻllay olmaydi. Nafaqat qoʻllay olmaydi, import yuqori darajada bir qoʻllarda va oʻzaro bogʻlangan korchalonlar nazoratida konsentratsiyalanganini qayd eta olmaydi. Shuning uchun ham mahalliy va import mahsulotning narxi oʻrtasida 40 foizgacha tafovut shakllangan. Kulgilisi, mahalliy mahsulotga potolok spred bor, importga esa yoʻq, yaʼni bozorning 90 foizini nazoratiga olgan importchilar istalgancha til biriktirib narxlarni shishirishi mumkin.

Uchinchidan, mahalliy propanning aholi va ijtimoiy soha obʼektlariga yoʻnaltirilgani vajini qayta tekshirib koʻrish kerak. Zero gazlashmagan hududlarga propan yetkazilishi muddatlari qisqarib qolgani yoʻq. Gazlashmagan hududlarda odamlarning asosiy energotovari oʻtin va gʻoʻzapoyaligicha qolmoqda. Ehtimolki, gaz qazib olish kritik darajada tushib ketgani uchun propan ishlab chiqarish yo toʻxtagan yo keskin qisqargan (norasmiy manbalarga koʻra). Qoʻmita asosiy ishlab chiqaruvchilar — Lukoil, Saneg, GTL zavodi, Shoʻrtan va Muborakdagi ishlab chiqarish hajmlari bilan bogʻliq axborotni eʼlon qilsa, yanada tushunarli boʻlardi.

Toʻrtinchidan, Raqobat qoʻmitasi ichki bozorda propan narxini barqarorlashtirish maqsadida oʻz vakolati doirasida tezkor chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, AYoQShlarda narxlar ustidan doimiy monitoring oʻrnatgani ham xavotirli, ham yetarli chora emas. Narxlarning oʻsishi birjadan, importchilar oʻyinlaridan boshlanmoqda, chakana sotuvda emas. Baliq boshidan tozalanishi kerak, dumidan emas. Agar shoxobchalar ustidan nazorat boshlansa, bu propanning jismonan yoʻq boʻlishiga olib keladi xolos.

Va nihoyat beshinchidan, aybdorlar va tub sabablar bir chetda qolib, axborot tarqatuvchilarga strelka koʻrsatish nafaqat kulguli va antiiqtisodiy, balki juda xunuk reputatsion va repressiv oqibatlarga olib keladi. Bu shunday oqibatlarki, u yoqqa osongina kirib ketish mumkin, qaytib chiqish esa oʻn yillarga va balki butun bir avlodlarga imkonsiz boʻladi".

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid