platina.uz
Tahlil

Donald Tramp dunyo xaritasini qanday oʻzgartirmoqchi?

Amerika yana imperiyaga xos ambitsiyalar davriga qaytyaptimi?

Donald Tramp dunyo xaritasini qanday oʻzgartirmoqchi?
Fotokollaj: Platina.uz

2026 yil boshida jahon siyosati sahnasida bir obraz yana yaqqol koʻrina boshladi. Bu – kuchli davlatning ochiq manfaatparastlik siyosati, diplomatiya ortida yashirilmagan, balki toʻgʻridan-toʻgʻri aytilgan daʼvolar, tahdidlar va bosimlar orqali ifodalanadigan siyosatidir.

Donald Tramp AQSh prezidenti sifatida ikkinchi marta hokimiyatga kelgach, uning tashqi siyosati yanada keskin, shaxsiy uslubga xos va tranzaksion tus oldi: “foyda bor joyda – AQSh bor, foyda yoʻq joyda – foyda keltirishga majburlash mumkin”.

Bu siyosat jahon xaritasini rasman qayta chizishni emas, balki amalda taʼsir doiralarini qayta taqsimlashni nazarda tutadi.

“Nazorat” tushunchasi: XXI asrda hududni bosib olish shart emas

Darrov aniqlashtirib olish lozim, Donald Tramp maʼmuriyatida biror hudud yoki davlatni “nazoratga olish” – klassik istilochilik yoki anneksiyani anglatmaydi. Bu – zamonaviy geosiyosiy boshqaruv modeli boʻlib, bir qator vositalar yordamida maqsadga erishiladi.

Masalan, harbiy kuchni qoʻllash tahdidi yoki cheklangan operatsiyalar qoʻllaniladi. Ammo bu soʻnggi chora. Avvaliga iqtisodiy sanksiyalar va savdo urushlari boshlanadi. Shuningdek, Isroil uchun “shaxsiy imtiyoz” hisoblanmish “oʻz xavfsizligini taʼminlash” bahonasida boshqa davlat hududiga qoʻshin kiritish ham AQShning hozirgi maʼmuriyati tashqi siyosat arsenalidan mustahkam oʻrin ola boshlagan.

Albatta, bugungi voqelikda biror davlatni bosib olish shart emas, shunchaki bu yerdagi mahalliy elitalarga bosim yoki ularni “quloq soladigan” rahbarlar bilan almashtirish ham yaxshi samara bermoqda va koʻp bora sinovdan oʻtgan klassik vosita hisoblanadi.

Donald Tramp sevadigan yana bir uslub – strategik infratuzilmalar ustidan nazorat oʻrnatishdir. Bu muhim dengiz boʻgʻizlari, kanallar, koʻpriklar, dengiz portlari, harbiy bazalar, kommunikatsiyalar va boshqalar boʻlishi mumkin.

Taʼkidlash kerak, bunday yondashuv AQSh tarixida ilk marta kuzatilayotgani yoʻq. XX asrda Lotin Amerikasida, Yaqin Sharqda va Osiyoda bunday misollar juda koʻp uchragan. Farqi shundaki, avval Amerika siyosatchilari buni diplomatik oʻram va demokratiya niqobi ostida taqdim etgan boʻlsa, Donald Tramp ochiq aytmoqda va diplomatik yumshatishdan deyarli foydalanmayapti.

Grenlandiya: Arktika uchun kurash va suverenitet sinovi

Garchi Tramp hozirgacha koʻplab davlatlarning yeri va resurslariga “koʻz olaytirgan” boʻlsa-da, ayni paytda Grenlandiya mavzusi – Tramp siyosatining eng ramziy misollaridan biri boʻlib qolmoqda.

Nega aynan Grenlandiya? Chunki Arktika – yangi savdo yoʻllari ochilayotgan hududdir. Bu yerda yerosti boyliklari (noyob metallar, neft, gaz) mavjud. Qolaversa, AQSh Grenlyandiyaga qoʻshin tortib borishi ham shart emas, u yerda allaqachon Amerika harbiy infratuzilmasi mavjud.

Ammo eng asosiysi, Grenlandiya – joʻgʻrofiy-strategik ahamiyatga ega. Shu bois, Rossiya va Xitoyning Arktikadagi faolligi Vashingtonni jiddiy xavotirga solmoqda.

Hozirgacha Tramp bir necha marta Grenlandiyani AQSh nazoratiga oʻtkazish niyatini eʼlon qilgan. 2026 yil yanvar oyidagi bayonotlar esa ilk bor “xohlashsa ham, xohlamasa ham” degan iboralar bilan yangradi.

Aftidan Tramp bu rejaga jiddiy kirishgan. Hatto, grenlandiyaliklarning “ogʻzini moylash”, AQShga moyilligini oshirish maqsadida bu yerdagilarning har biriga pul berishga ham tayyor. AQSh davlat kotibi Marko Rubio tasdiqlaganidek, Amerika Grenlandiyani “bosib emas, sotib olmoqchi”.

Reuters manbalari maʼlumotlariga koʻra, toʻlovlar aniq miqdori va ularning logistikasi hozircha nomaʼlum. Amerikalik rasmiylar Grenlandiya aholisiga bir martadan toʻlanadigan mablagʻlarni yuborish imkoniyatini muhokama qilgan, bu esa ularni “Daniyadan ajralib, ehtimol, Amerika Qoʻshma Shtatlariga qoʻshilishga” undashga qaratilgan.

Maʼlumotlarga koʻra, toʻlov miqdori har bir kishi uchun 10 mingdan 100 ming AQSh dollarigacha boʻlishi mumkin. Orol aholisi taxminan 57 ming kishi, u Daniyaning avtonom hududi hisoblanadi.

Agentlikning qayd etishicha, bu faqat Oq uy koʻrib chiqayotgan taktikalardan biri. “Biroq bu aholi uchun ortiqcha pragmatik va hatto haqoratli tuyulishi mumkin”, deyiladi maqolada.

Oʻtgan hafta AQSh prezidenti Tramp Venesueladagi harbiy operatsiya fonida yana bir bor Grenlandiya AQSh uchun “mutlaqo zarur”ligini taʼkidladi. Amerika rahbarining soʻzlariga koʻra, orol “rus va xitoy kemalari bilan oʻralgan”. Trampning Grenlandiya boʻyicha maxsus elchisi Jeff Lendri Vashingtonda “kimnidir egallab olish” maqsadi yoʻqligini aytib, AQSh “iqtisodiy qudrat va himoya”ni taklif etayotganini maʼlum qildi.

Eslatib oʻtadigan boʻlsak, The Times gazetasi avvalroq Tramp maʼmuriyati Grenlandiya ustidan toʻrt usul bilan nazorat oʻrnatishi mumkinligini yozgan: kuch bilan taʼsir qilish, orolni sotib olish, erkin assotsiatsiya toʻgʻrisida kelishuv taklif qilish yoki kombinatsiyadan foydalanish – masalan, Grenlandiyaning Daniya hududi sifatidagi maqomini saqlab, AQShning harbiy va iqtisodiy taʼsirini kuchaytirish.

Grenlandiya va Daniyaning javobi

Trampning taklifiga Grenlandiya hukumati “Biz sotiladigan mulk emasmiz” deya javob berdi. Daniya esa “suverenitet – muhokama qilinmaydigan masala” ekanini eslatib qoʻydi. Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen AQShning Grenlandiyani anneksiya qilish huquqi yoʻqligini bildirdi. Yevropa Ittifoqi va NATO doirasida bu bayonotlar xavfli pretsedent sifatida baholandi.

Zero, bu yerda gap faqat bir orol haqida emas. Gap – biror kuchli davlat oʻz ittifoqchisiga tegishli hududga nisbatan ochiq daʼvo qila oladimi-yoʻqmi, degan savol ustida ketmoqda.

Venesuela: mamlakatni kim va qanday boshqaradi?

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi oʻgʻirlab ketilib, terrorchilik, narkotiklarni AQShga oʻtkazish va diktaturada ayblanib, Nyu-Yorkda sud qilinayotgan shu kunlarda Venesuelada vaziyat hamon keskin boʻlib qolmoqda. Iqtisodiy inqiroz va siyosiy beqarorlik ortidan mamlakat deyarli gumanitar krizis holatiga tushgan.

Avvalroq, Donald Tramp maʼmuriyati bir necha marotaba Nikolas Maduroni korrupsiya, demokratiyani zaiflashtirish va mintaqaviy xavfsizlikka salbiy taʼsirida ayblab, Qarakasdagi hukumatni oʻzgartirish zarurligini taʼkidlagan edi. Endilikda Tramp nafaqat bu davlat neftini qazib olish va sotish ustidan nazorat oʻrnatish, balki mamlakat aholisining farovonligini oshirish ustida aniq qadamlar qoʻyishga vaʼda bermoqda. Shuningdek, Venesuela neftini Rossiya va Eronga sotish taqiqlab qoʻyilgani ham keskin qaror sifatida baholandi.

Ammo eng asosiy masala – Venesuelani kim boshqaradi, degan savolni hal qilishdir.

Toʻgʻri, Venesuela oliy sudi mamlakat prezidenti vazifalarini vaqtincha vitse-prezident Delsi Rodrigesga topshirishga qaror qildi. 9 yanvar kuni esa Delsi Rodriges kelasi haftada Vashingtonga safar qilish uchun soʻrov yubordi va u bir qator siyosiy muloqotlarni, jumladan, Oq uyga tashrifni ham oʻtkazishni rejalashtirmoqda. Uning soʻrovi tasdiqlansa, 13 yanvar Rodriges xonim Tramp bilan Oq uyda uchrashishi mumkin.

9 yanvar kuni, shuningdek, AQSh davlat departamenti delegatsiyasi poytaxt Karakasga keldi va diplomatik missiyalarni qayta tiklash imkoniyatlarini baholadi. Bu jarayondan soʻng Venesuela ham oʻz diplomatlarini AQShga yuborishi rejalashtirilmoqda.

Biroq hozircha AQSh mamlakatni bilvosita boshqarishni istayapti. AQSh prezidentining bildirishicha, Vashington Venesuelada hokimiyat xavfsiz almashinishiga qadar rahbarlikni oʻz zimmasiga oladi. Trampning qoʻshimcha qilishicha, agar respublika vitse-prezidenti Delsi Rodriges Vashington bilan hamkorlik qilsa, AQSh Venesuelada harbiy kuchlarni joylashtirishni rejalashtirmayapti.

Avvalroq, AQSh davlat kotibi Marko Rubio Amerika maʼmuriyatining Venesuela boshqaruvida asosiy vazifalarni oʻz zimmasiga olishi xabar qilingan edi. Biroq, Bloomberg agentligining qayd etishicha, Oq uy Venesueladagi 30 million aholi bilan qanday hamkorlik qilish niyatida ekani haqida juda kam maʼlumot bergan. Boshqaruv tuzilmalari tashkil etish va AQSh kontingentini joylashtirish boʻyicha aniq rejalar hozircha taqdim etilmagan.

Meksika: xavfsizlik bahonasida suverenitetga bosim

AQSh-Meksika munosabatlari Tramp uchun doim ichki siyosat bilan bogʻliq boʻlgan. Narkotiklar, migratsiya, chegara – bular uning tashqi siyosat yoʻnalishlari qatorida turibdi.

2026 yilda esa bu ritorika yangi bosqichga oʻtdi. AQSh kartellarga qarshi kurash bahonasida Meksika hududida harbiy harakatlar oʻtkazishi mumkinligini ochiq aytdi.

Oʻz navbatida Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum har qanday bir tomonlama harbiy harakatni rad etdi. Shuningdek, suverenitet buzilishiga yoʻl qoʻyilmasligini bildirgani holda, razvedka va politsiya hamkorligiga tayyor ekanini taʼkidladi.

Ayni paytda Meksika ikki oʻt orasida qolgan: bir tomonda – AQSh bilan iqtisodiy va xavfsizlik aloqalarining taqdiri, ikkinchi tomonda – milliy mustaqillikka tahdid turibdi.

Kolumbiya va Lotin Amerikasi: “Monro doktrinasi”ning zamonaviy talqini

Venesueladagi voqealardan soʻng Lotin Amerikasida ham xavotirlar kuchaydi. Chunki AQSh tarixan bu mintaqani oʻz taʼsir hududi deb bilgan.

Hozirgi kunga kelib, AQSh mintaqada chap kuchlarni xavf deb baholay boshladi. Xitoy va Rossiyaning iqtisodiy kirib kelishiga qarshi choralar kuchaydi. Tabiiyki, xavfsizlik, narkotik va migratsiya masalalari geosiyosiy vositaga aylandi.

Kolumbiya, Panama, hatto Karib havzasi davlatlari AQSh siyosatida keyingi bosim nuqtalari sifatida tilga olina boshladi.

Umuman olganda, AQSh avvaldan Shimoliy va Janubiy Amerikani oʻz manfaatlari hududi deb hisoblab kelgan. Tramp bu doktrinaga yangi jon ato etyapti xolos. Davlat kotibi Marko Rubio ham buni taqsdiqlab, “biz Rossiya, Eron yoki boshqa davlatlarning bizning manffatlar hududimiz boʻlmish Janubiy Amerikaga aralashishlariga yoʻl qoʻya olmaymiz”, deb aytdi.

Eron: kuch siyosati va muqobil reaksiya

Eronga nisbatan Tramp siyosati qatʼiy va keskin. Bular yadroviy dastur boʻyicha bosim, iqtisodiy sanksiyalar, harbiy javob ehtimoli haqida doimiy ishoralar fonida kechmoqda. 2026 yil boshida Erondagi ichki noroziliklar fonida AQSh yana qatʼiy bayonotlar berdi. Hatto Tramp, agar shia rejimi namoyishchilarni oʻldirishda davom etsa, vaziyatga aralishishi mumkinligini taʼkidladi.

Trampning chaqiriqlariga javoban Eronning oliy rahbari Oyatullo Ali Homanaiy tashqi bosimni “inqilobga qarshi urinish” deb atadi. Shuningdek, Eron mustaqil qarorlardan qaytmasligini bildirdi, mintaqadagi ittifoqchilar orqali taʼsirni kuchaytirishini ishora qildi. Bu ziddiyatda AQSh toʻgʻridan-toʻgʻri nazorat oʻrnatishni emas, balki raqibni zaiflashtirishni koʻzlaydi.

Gʻazo sektori: bilvosita nazorat va oqibatlar

Tan olish kerak, Gʻazo sektori masalasida AQSh bu hududni egallashga intilmayapti. Ammo Isroilga harbiy va siyosiy qoʻllab-quvvatlash, BMT va xalqaro jarayonlarda oʻziga xos pozitsiya hamda mintaqaviy ittifoqlar orqali taʼsirga tayanilmoqda. Natijada AQSh siyosati tinchlik jarayonlarini qiyinlashtirdi, deb baholanmoqda.

Maʼlumki, oʻtgan yili Gʻazo aholisini xorijiy davlatlarga koʻchirib yuborish rejasi ish bermagach, Tramp endi bu hududni zamonaviy kurort zonaga aylantirish takliflari bilan chiqmoqda. Ammo buning uchun HAMAS qurolsizlanib, hokimiyatdan ketishi, hudud minalardan hamda vayronalardan tozalanishi talab etiladi. Bu ham, aslida zamonaviy nazoratning yana bir koʻrinishi: hudud emas, qaror qabul qilish muhiti ustidan taʼsir oʻrnatishga intilish taxmin qilinmoqda.

Kanada: qoʻshni va ittifoqchiga nisbatan qattiq ritorika

Kanada AQShning eng yaqin ittifoqchilaridan biri. Ammo Tramp davrida ushbu ikki davlat oʻrtasida savdo kelishmovchiliklari, tariflar tahdidi, siyosiy haqoratli ritorikalar yangradi.

2026 yilga kelib Kanadaga nisbatan hududiy daʼvolar yoʻq, ammo ishonch inqirozi saqlanib qolmoqda. Kanadaliklar uchun bu – shunchaki tashqi siyosat emas, balki milliy oʻzlik masalasi ekanini unutmaslik foydadan xoli boʻlmasdi.

Xalqaro reaksiya: qoida ustunmi yoki kuch?

Donald Tramp siyosati jahonda qator reaksiyalarni keltirib chiqardi. Jumladan, Yevropa – xalqaro huquqni himoya qilmoqda. Kichik davlatlar – xavotirda qolgan. Xalqaro tashkilotlar – kuch siyosatiga qarshi chiqyapti. Ayrim davlatlar AQShga moslashish yoʻlini tanlamoqda. BMT esa har doimgidek “chuqur tashvish izhor qilish”dan naryoqqa oʻtmayapti.

Ammo afsus bilan tan olish kerakki, dunyo asta-sekin qoidalardan kuchga asoslangan tartibga oʻta boshladi.

Xulosa: jahon yangi davr ostonasida

Trampning tashqi siyosati – bu hali toʻliq shakllanib ulgurmagan, ammo yoʻnalishi aniq boʻlgan strategiya deyish mumkin. Bu strategiyada hududlarni egallash shart emas. Asosiy maqsad – qaror qabul qilish ustidan nazorat hisoblanadi. Asosiy vosita esa kuch, bosim va manfaatlardan iborat.

Shu bois, Putin Ukrainaga bostirib kirib, Ikkinchi jahon urushidan keyin erishilgan xalqaro kelishuvlarni buzib, “diplomatiya emas, kuch halq qiladi” degan xavfli pretsedent yaratgani ortidan, Donald Tramp yangi kolonial davrni – dunyo xaritasidagi chegaralarni qayta chizib chiqish davrini boshlab berayotganga oʻxshaydi.

2026 yil – ehtimol, yangi geosiyosiy davrning boshlanishi sifatida tarixga kirishi mumkin. Bu davrda hammada bitta umumiy savol bor: dunyo qoidalarga qaytadimi yoki kuchlilarning gapi qoida boʻladimi?

Javob esa hozirdanoq shakllanmoqda – uni Grenlandiya muzlarida, Meksika chegarasida, Gʻaza xarobalarida va Yaqin Sharq sahrolarida koʻrsangiz boʻladi!

Abulfayz Sayidasqarov

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid