Qoraqalpogʻistonda narkosavdogarlar ushlandi
Ular narkotikni Tojikistondan keltirgan. Qonunchilikka muvofiq bunday jinoyat sodir qilgan shaxslar 10 yildan 20 yilgacha qamalishi mumkin.

DXX narkosavdogarlarni qoʻlga oldi.
DXX Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha boshqarmasi va IIV tezkor xodimlari hamkorligida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Nukus shahrida tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda 1972 y.t., muqaddam sudlangan mahalliy fuqaro 9 g “opiy” moddasini Shumanay tumanida yashovchi, 1965 y.t. mijozga 4 mln soʻmga sotgan vaqtida ularning noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.
Shuningdek, nukuslik narkosavdogarning yonidan qoʻshimcha 5 g “opiy” ham olindi.
Aniqlanishicha, u ajal ogʻusini oʻzining 1981 y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan tanishidan olgan boʻlib, Xoʻjayli tumanida davom ettirilgan tezkor tadbirda mazkur shaxs 20 g “opiy”ni 8 mln soʻmga sotgan vaqtida ushlandi.
Bundan tashqari, uning yonida boʻlgan sumkadan ham 1 kg 176 g “opiy” moddasi olindi.
Maʼlum boʻlishicha, mazkur giyohvandlik vositasi Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan.
Hozirda uchala qonunbuzarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 28,246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Taʼkidlash lozimki, qonunchilikka muvofiq bunday jinoyat sodir qilgan shaxslar 10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishlari mumkin.
Avvalroq Fargʻonada avtomobil bakidan 11 kgdan oshiq narkotik topilgandi.
Bundan tashqari ushbu jarayonda 6945 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari ham yashirilgan.