Toshkentda haydovchilardan noqonuniy pul undirib kelgan jinoiy guruh aniqlandi
"Bichok" laqabli shaxs va uning sheriklari Damas haydovchisini urib, kalitni tortib olishgan, undan 810 dollar mablagʻ undirishgan.

Toshkentda haydovchilardan noqonuniy pul undirib kelgan jinoiy guruh qoʻlga olindi.
Ichki ishlar vazirligi Tezkor qidiruv departamenti va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan tovlamachilik bilan shugʻullanib kelgan uyushgan jinoiy guruhlar faoliyatiga chek qoʻyish boʻyicha tadbirlar oʻtkazildi.
Toshkent viloyatida yashovchi fuqaroning arizasiga koʻra, bir guruh shaxslar Toshkent viloyatidan Toshkent shahrining Yashnobod tumani yoʻnalishida taksi xizmatini koʻrsatuvchi haydovchilarga tahdid qilib kelishgan. Ular haydovchilarning haq-huquqlarini toptab, noqonuniy ravishda oʻzboshimchalik bilan "oylik toʻlov" joriy qilishgan.
Tezkor tadbir davomida jinoiy guruh yetakchisi — 1989 yilda Toshkent shahrida tugʻilgan, muqaddam uch marta sudlangan A.Sh. U. (laqabi "Bichok") va uning sheriklari qoʻlga olindi.
Ular Damas rusumli avtomashina haydovchisini urib, tan jarohati yetkazishgan, haydovchining tirikchilik manbai boʻlgan avtomashina kalitini zoʻrlik bilan tortib olishgan. Ariza muallifini hayoti va sogʻligʻiga zarar yetkazish bilan qoʻrqitib, undan ikki oylik toʻlov sifatida 810 AQSh dollarini olishgan.
Keyingi toʻlovlarni toʻlay olmaganligi sababli, uning yoʻnalishga chiqishini taʼqiqlab qoʻyishgan.
Mazkur holat yuzasidan jinoiy guruh aʼzolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi "v" bandi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Ushbu jinoiy guruh harakatlaridan aziyat chekkan fuqarolardan zudlik bilan yaqin atrofdagi ichki ishlar boʻlimlariga yoki 102 qisqa raqamiga qoʻngʻiroq qilishlarini soʻralgan.