Mubashshir Ahmad tibbiy yordamdan shikoyati yoʻqligini bildirdi
U jazoni ijro etish muassasida avvaldan mavjud boʻlgan kasalliklari tufayli sogʻligʻida oʻzgarishlar borligini va tegishli tibbiy yordam olayotganligini qayd etgan.

Ombudsman Mubashshir Ahmad holati boʻyicha maʼlumot berdi.
OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlar asosida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakilining (ombudsman)ning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili viloyatdagi 5-sonli jazoni ijro etish koloniyasiga monitoring tashrifini amalga oshirgan.
Unda ushbu koloniyada jazo muddatini oʻtayotgan mahkum A.T. (Mubashshir Ahmad)ning sogʻligʻi va saqlanish sharoiti oʻrganildi.
Monitoring davomida mahkumlar bilan, shu jumladan mahkum A.T. bilan ham holi tarzda suhbat oʻtkazildi va uning sogʻligʻiga oid tibbiy hujjatlar bilan tanishildi.
Aytilishicha, A.T. muassasada tibbiy yordam koʻrsatilishidan shikoyati yoʻqligini, muntazam ravishda toʻliq tibbiy tekshiruvdan oʻtkazib kelinayotganligini, faqatgina avvaldan mavjud boʻlgan kasalliklari tufayli sogʻligʻida biroz oʻzgarishlar borligini va tegishli tibbiy yordam olayotganligini qayd etgan.
Shuningdek, muassasada oʻz xohishiga koʻra mehnatga jalb etilganligi (oshxona ishlari bilan shugʻullanadi) hamda qonunchilikda belgilangan vaqtlardan tashqari ortiqcha mehnatga jalb etilmaganligini, ish sharoiti mehnatni muhofaza qilish qoidalariga muvofiq ekanini aytib oʻtdi.
Oziq-ovqat taʼminoti va yashash sharoiti boʻyicha ham shikoyat bildirmadi. Uning soʻzlariga koʻra, sogʻligʻidan kelib chiqib, belgilangan norma boʻyicha oziq-ovqat beriladi.
Mahkum A.T. bilan oʻtkazilgan holi tarzdagi suhbatda u hech qanday masalada murojaat qilmadi.
Eslatib oʻtamiz, Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan ushbu muassasaga 2025 yilning noyabr va dekabr oylarida amalga oshirilgan monitoring tashriflari davomida ham mahkum A.T. tomonidan murojaatlar kelib tushmagan.
Oktabr oyida Mubashshir Ahmad 2,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgandi. Internetda unga tegishli sahifalar (kanallar) faoliyati toʻxtatilib, bloklanishi belgilangandi.