Grenlandiya masalasi: Vens Trampni jiddiy qabul qilishga chaqirdi
AQSh vitse-prezidenti Daniya va Yevropani Grenlandiyani Xitoy va Rossiyadan himoya qila olmayotganlikda aybladi.

AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens Yevropa davlatlarini Grenlandiyani Rossiya va Xitoy manfaatlaridan yetarli darajada himoya qilmayotganlikda aybladi.
AQSh vitse-prezidenti Vens Daniya va Yevropani Grenlandiyani himoya qila olmayotganlikda aybladi.
“Mening Yevropa yetakchilari va boshqalar uchun maslahatim shuki, AQSh prezidentini jiddiy qabul qilishlari kerak”, — dedi Vens Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda Grenlandiya masalasi yuzasidan savolga javoban.
Oʻtgan hafta oxirida AQSh harbiylari Venesuela yetakchisi Nikolas Maduroni qoʻlga olganidan soʻng, prezident Donald Tramp Grenlandiyani qoʻlga kiritish haqidagi daʼvatlarini yana kuchaytirdi. Bu jarayonda harbiy kuch ishlatish ehtimoli ham istisno qilinmayotgani aytildi.
Vens, ayniqsa, Trampning AQShga Grenlandiya “raketaga qarshi mudofaa” uchun zarur degan qatʼiy fikriga Yevropa munosabat bildirishini talab qildi.
“Biz yevropalik doʻstlarimizdan ushbu hudud xavfsizligini jiddiyroq qabul qilishlarini soʻrayapmiz. Agar ular buni qilmasa, AQSh bunga majbur boʻlib aralashadi”, — dedi u.
AQSh 1951 yilda imzolangan shartnoma asosida Daniya roziligi bilan Grenlandiyada harbiy bazalar tashkil etish huquqiga ega. Ushbu kelishuv doirasida AQSh Pituffik kosmik bazasini boshqarib kelmoqda.
Biroq 8 yanvar kuni eʼlon qilingan The New York Times gazetasiga bergan intervyusida Tramp Grenlandiyadan shunchaki shartnoma doirasida foydalanish emas, balki uni toʻliq egalik qilishni istashini bildirdi.
“Oʻylaymanki, egalik qilish hujjat yoki ijara orqali erishib boʻlmaydigan imkoniyatlarni beradi. Egalik sizga oddiy kelishuv bilan qoʻlga kiritib boʻlmaydigan narsalarni taqdim etadi” — dedi Tramp.
Associated Press xabariga koʻra, payshanba kuni Daniyaning AQShdagi elchisi Jesper Moller Sorensen va Grenlandiyaning Vashingtondagi bosh vakili Yakob Isbosetsen Oq uyning Milliy xavfsizlik kengashi vakillari bilan uchrashib, Trampning Grenlandiyani qoʻlga kiritish tashabbusini muhokama qilgan.
Xabarlarga koʻra, ushbu haftada Grenlandiya va Daniya vakillari AQSh qonunchilari bilan bir qator uchrashuvlar oʻtkazib, Trampni bu rejadan qaytarish uchun yordam soʻrashgan. AQSh davlat kotibi Marko Rubio esa kelasi hafta Daniya rasmiylari bilan uchrashishi kutilmoqda.
8 yanvar kuni Daniya mudofaa vaziri Troels Lund Poulsen DR telekanaliga bergan intervyusida AQSh bilan muzokaralarni “Grenlandiya boʻyicha zarur muloqot” uchun imkoniyat sifatida baholadi.
Shu kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen bilan telefon orqali muloqotda Grenlandiya boʻyicha oʻz pozitsiyasini yana bir bor tasdiqladi.
“Daniya masalasiga toʻxtalar ekan, bosh vazir Grenlandiya boʻyicha oʻz pozitsiyasini qayta taʼkidladi”, — deyiladi Dauning-strit bayonotida.
Avvalroq Buyuk Britaniya va uning yevropalik ittifoqchilari Grenlandiyaning hududiy yaxlitligini himoya qilishdan toʻxtamaslik majburiyatini olgan qoʻshma bayonot eʼlon qilgan edi. Bu bayonot AQShga yoʻllangan signal sifatida baholangan.