platina.uz
Jamiyat

Fuqarolarni noqonuniy ushlab turib, ularga kuch ishlatgan sobiq IIB xodimi ishi sudda koʻrildi

Xodim koʻchadagi janjal boʻyicha chaqiruvdan soʻng fuqarolarni qonuniy asoslarsiz ichki ishlar binosida ushlab oʻtirgan va ularni urgan. 

Fuqarolarni noqonuniy ushlab turib, ularga kuch ishlatgan sobiq IIB xodimi ishi sudda koʻrildi

Fuqarolarni noqonuniy ushlab turib, ularga kuch ishlatgan sobiq IIB xodimi ishi sudda koʻrildi. Sud ishi nusxasi Platina.uz ixtiyorida mavjud.

Samarqand viloyat sudi kassatsiya instansiyasi sobiq ichki ishlar xodimi S.E.ga nisbatan chiqarilgan hukmni koʻrib chiqib, uni oʻz kuchida qoldirdi. Ish materiallariga koʻra, sobiq xodim oʻz xizmat vakolatlarini suiisteʼmol qilib, fuqarolarning huquqlarini qoʻpol ravishda buzgan.

Maʼlum boʻlishicha, S.E. koʻchadagi janjal boʻyicha chaqiruvdan soʻng fuqarolarni qonuniy asoslarsiz ichki ishlar binosida ushlab oʻtirgan. Natijada, oʻzlariga nisbatan qilinayotgan qonunsiz harakatlardan norozi boʻlgan J.N., T.B. va N.B.lar eʼtiroz bildirishib, uning qonunsiz xatti-harakatlarini oʻzlarining uyali telefonlariga tasvirga olishmoqchi boʻlishgan. S.E. bunga faol qarshilik qilib oʻziga qonun bilan berilgan hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqqan holda qoʻl va oyogʻi bilan ularni urib, asossiz ravishda ularga jismoniy kuch ishlatib, soʻng videotasvir olinayotgan T.B. ning uyali telefonini undan tortib olib, jinoiy harakatlari oshkor boʻlishini oldini olish maqsadida telefon xotirasidan videotasvirni oʻchirib tashlagan.

IIB xodimi oʻziga berilgan davlat vakolatidan fuqarolarni himoya qilish uchun emas, balki ularni qoʻrqitish va jismoniy azob berish yoʻlida foydalangan.

Birinchi instansiya sudi S.E.ni aybdor deb topib, uni muayyan muddatga ichki ishlar tizimida ishlash huquqidan mahrum qilgan va unga nisbatan ozodlikni cheklash jazosini tayinlagan.

Sudlanuvchi va uning advokati jazoni yengillashtirishni soʻrab qilgan murojaati (ichki ishlar tizimiga qaytish boʻyicha taqiqni bekor qilish)da S.E.ning qilmishidan pushaymonligini va oilaviy sharoitini vaj qilib koʻrsatgan.

Lekin ushbu instansiyada uning talabi qondirilmadi. Viloyat sudi Samarqand shahar sudining hukmini oʻzgarishsiz qoldirdi.

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid