Aziz Voitov va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi apellyatsiya instansiyasida koʻrilmoqda
Oʻtgan yili sentabrda ularga nisbatan sud hukmi eʼlon qilingan edi.

Bugun sobiq qishloq xoʻjaligi vaziri Aziz Voitov va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi navbatdagi apellyatsiya instansiyasida koʻrib chiqildi.
Qayd etish kerak, ushbu ish hali yana davom etyapti. 2025 yil sentabr oyida jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tumani sudi A.Voitov va boshqalarga (jami 62 kishi) oid jinoyat ishini birinchi instansiyada koʻrib chiqish boʻyicha sud jarayonini tugatib, sud hukmini eʼlon qilgandi.
Oʻshanda A.Voitov Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi va boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.
Unga nisbatan yetkazilgan moddiy zararning oʻrni toʻliq qoplangani sababli 3 yil muddatga boshqaruv tizimi, rahbarlik va mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik lavozimlarini egallash huquqidan mahrum qilgan tarzda bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari miqdorida jarima va har oylik ish haqining 30 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan edi.
Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidovning Platina.uz’ga maʼlum qilishicha, sud ishi yakuni boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlar beriladi.