platina.uz
Jamiyat

Ombudsman Qashqadaryodagi mahkum boʻyicha Bosh prokuraturaga talabnoma kiritdi

Mahkumda yurak ishemik kasalligi, infarktdan keyingi kardioskleroz, gipertoniya kasalligi hamda boshqa surunkali kasalliklar aniqlangan. 

Ombudsman Qashqadaryodagi mahkum boʻyicha Bosh prokuraturaga talabnoma kiritdi

Qashqadaryodagi koloniyada ogʻir ahvolda qolgan mahkum boʻyicha Bosh prokuraturaga talabnoma yoʻllandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda 2026 yilning 7 yanvar kuni Qashqadaryo viloyati “Koson” 10-sonli jazoni ijro etish muassasasida jazo oʻtayotgan mahkum Gʻ.M.ning sogʻligʻi va unga nisbatan munosabat bilan bogʻliq xabar eʼlon qilindi.

Mazkur holat darhol Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) tomonidan nazoratga olinib, shu kuni uning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan joyiga chiqib oʻrganildi.

Oʻrganish doirasida mahkum bilan bevosita suhbat oʻtkazildi, uning sogʻligʻiga oid tibbiy hujjatlar bilan tanishildi.

Tibbiy maʼlumotlarga va mahkum Gʻ.M.ning soʻzlariga koʻra, mahkum Gʻ.M. 2023 yilda, yaʼni muassasaga kelishidan avval miokard infarkti oʻtkazgan, yurak toj tomirlarini stentlash amaliyotidan oʻtgan, shuningdek, bosh miya qon aylanishining oʻtkir buzilishi (insult) holatini boshidan kechirgan. Unda yurak ishemik kasalligi, infarktdan keyingi kardioskleroz, gipertoniya kasalligi hamda boshqa surunkali kasalliklar mavjud.

Mahkum Gʻ.M.da 2-guruh nogironligi mavjud va tibbiy koʻrsatmalarga asosan u 2024 yil 17 oktabrdan - 7 noyabrgacha, 2025 yilning 15 fevralidan 11 martigacha, 27 martidan 9 iyuligacha, 5 sentabridan 1 oktabrigacha va 29 oktabridan 26 noyabrigacha 23-sonli mahkumlar uchun ixtisoslashtirilgan kasalxonada belgilangan tartibda statsionar davolangan.

Shuningdek, mahkum Gʻ.M.ning soʻzlariga koʻra u muassasada mehnatga jalb qilinmagan, shifokor xulosalariga muvofiq dispanser hisobida turib, individual sogʻlomlashtirish rejasi asosida doimiy tibbiy nazoratga olingan.

Mahkum Gʻ.M. muassasa masʼul xodimlarining xatti-harakatlari boʻyicha Ombudsman nomiga murojaat qilgan va murojaatida koʻrsatilgan holatlar boʻyicha Ombudsman tomonidan Bosh prokuraturaga tegishli tartibda talabnoma kiritildi, deyiladi xabarda.

Ombudsman mazkur holatni har tomonlama, toʻliq va xolisona oʻrganish taʼminlanishini soʻragan.

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid