Erondagi namoyishlar: sabablar va oqibatlar
Xalqaro sanksiyalar taʼsirida oʻnlab yillardan beri izolyatsiyada qolish mamlakat iqtisodiyotiga ulkan zarba berdi. Aholi farovonligi tushib ketdi.

Deyarli butun dunyo yangi yilni bayram va yangi umidlar bilan kutib olishga shaylanayotgan payt – 28 dekabr kuni Eron aholisi hukumat siyosatidan noroziligini izhor qilib koʻchalarga chiqdi. Avvaliga tinch namoyishlar tarzida boshlangan jarayon keyin qonli toʻqnashuvlar va tartibsizliklarga aylanib ketdi. Mana 10 kundan oshdiki, Eronda hukumatga qarshi keng koʻlamli namoyishlar davom etmoqda.
Norozilik sabablari
Qaysarlik bilan oʻz yadroviy dasturidan voz kechmayotganligi bois xalqaro sanksiyalar taʼsirida oʻnlab yillardan beri izolyatsiyada qolish mamlakat iqtisodiyotiga ulkan zarba berdi. Aholi farovonligi tushib ketdi. Inflyatsiya misli koʻrilmagan darajaga chiqdi – milliy valyuta rial keskin va tez qadrsizlana boshladi. Hukumat murosa oʻrniga Rossiya bilan yaqinlashuv va Putin masalahatlariga quloq solish yoʻlini tanladi. Tarixdan maʼlumki, ruslar bilan hamkorlik qilgan davlatlar oxir-oqibat diktatura va zulm tuzumida yashovchi qashshoq va yopiq davlatlarga aylangan. (Kuba, Suriya, Shimoliy Koreya va boshqa ayrim Osiyo va Afrika davlatlari).
Buning ustiga Isroil bilan boʻlgan urush oqibatlari fonida qariyb 50 foizli inflyatsiya sababli kelib chiqqan namoyishlar hozirgacha 285 tuman va 92 shaharni qamrab oldi. Avvaliga savdo doʻkonlari sohiblari boshlagan namoyishlarga keyinchalik ziyoli va talabalar va hatto marginal qatlamlar ham qoʻshilib ketdi. Natijada oʻnlab insonlar halok boʻldi, ming nafardan ortiq kishi hibsga olindi. Oxirgi 10 kun ichida oʻldirilgan soni 36 nafarga yetgan, 2.000 dan ziyod kishi qamoqqa olingan. Politsiya va harbiylar hatto tibbiyot muassasalariga ham zarbalar beryapti. Hokimiyat koʻzdan yosh chiqaruvchi gaz ishlatmoqda, politsiya namoyishchilarni oʻqqa tutmoqda, internet cheklanmoqda. 2022 yilda 22 yoshli kurd qizi Maxsa Aminiyning politsiya uchastkasida oʻldirilishi tufayli kelib chiqqan norozilik namoyishlaridan xulosa chiqargan shia rejimi avvvaliga namoyishchilar bilan murosa yoʻlini tanladi.
Oʻziga xos yon bosishlarga rozi boʻldi. Garchi yashash minimumi taxminan 266 dollar boʻlgan bir paytda aholiga 7 dollar miqdorida ramziy yordam ham taklif qilindi. (Eronda inflyatsiya shu darajada ulkanki, shu 7 dollar ham rialda 1 million boʻladi!) Biroq keyinchalik norozilik namoyishlari koʻlami ogrtgach Eron hukumati zoʻravonlik yoʻliga oʻtdi. Bu aholini battar gʻazablantirib yubordi.
Iran International maʼlumotlariga koʻra, Eron hokimiyati namoyishlarni bostirish uchun Eron tarafdori boʻlgan iroqlik shia qurolli guruhlarining taxminan 800 nafar jangarilarini jalb qilmoqda.
Oliy rahbar Xomanaiy namoyishlarni qatʼiy bostirish bilan tahdid qilgan keskin bayonotlariga qaramay, eʼtiroz aksiyalari toʻxtamayapti va geografik jihatdan kengayib boryapti. Koʻplab shaharlarda «Diktatorga oʻlim» degan shiorlar yangramoqda, ayrim hududlarda esa yoʻllarni toʻsish va fuqarolik boʻysunmasligi aksiyalari qayd etilmoqda.
Jahon munosabati va hukumatning “B” rejasi
Dunyo hamjamiyati Erondagi namoyishlarni diqqat bilan kuzatmoqda. Donald Tramp namoyishlar shafqatsiz tarzda bostirilgan taqdirda AQShning kuch ishlatishi mumkinligini ochiq aytmoqda. Tehron esa bu bayonotni «nomaqbul» deb atab, qattiq javob berishini maʼlum qildi va Gʻarbni milliy valyutani zaiflashtirishda aybladi. Siyosatshunoslar vaziyat nazoratdan chiqib ketishi va Venesuela ssenariysi boʻyicha keskinlashishi xavfi borligidan ogohlantirmoqda. Bu esa namoyishlarni bostirish muvaffaqiyatsiz boʻlgan taqdirda Oyatullo Homanaiyni Moskvaga evakuatsiya qilish rejalari haqidagi xabarlar fonida aytilmoqda. Shu tariqa barcha diktatorlar – Vladimir Putin doʻstlarining oxirgi manzili Moskva boʻlishi anʼanaga aylanmoqda. Eron dron va raketalar bilan yordam bergan – ishongan togʻi Rossiya hukumati esa har doimgidek Ukraina bilan band. Isroil hujum qilganida ham yordam bera olmagan Moskvaning endi ham biror foydasi tegishi dargumon.
The Times nashri xabar berishicha, agar mamlakatdagi namoyishlarni bostirish hokimiyatga nasib etmasa, Eron rahbari Xomanaiy Moskvaga qochish rejasini allaqachon ishlab chiqqan. Nashr manbalariga koʻra, «uning uchun boshqa joy yoʻq».
Qolaversa, Buyuk Britaniya parlamentariysi va xavfsizlik boʻyicha sobiq vazir Tugendxatning aytishicha, mamlakatdan katta hajmda oltin olib chiqib ketilmoqda. Uning taʼkidlashicha, bu hukumat ehtimoliy inqiroz va qulashiga tayyorgarlik koʻrayotganidan dalolat beradi.
«Biz Rossiyaga tegishli yuk samolyotlari, ehtimol qurol-yarogʻ va oʻq-dorilarni tashiyotgan holda, Tehronga qoʻnib kelayotganini koʻryapmiz. Shu bilan birga, mamlakatdan katta hajmda oltin olib chiqilayotgani haqida ham xabarlar kelmoqda», — dedi Tugendxat parlament majlisida soʻzlagan nutqida.
Parlament aʼzosi bu holat Islom respublikasining «agʻdarilishdan keyingi hayot»ga tayyorligini aks ettirayotganini taʼkidladi.
Shu bilan birga, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putindan Tehronga Isroil tomoni Eronga hujum qilish niyatida emasligi haqida xabar yetkazishni soʻragan. Bu haqda Isroilning Kan 11 telekanali diplomatik manbalarga tayanib xabar berdi. Nashr maʼlumotlariga koʻra, Isroil va Eron oʻrtasidagi keskinlik fonida Putin va Netanyahu soʻnggi paytlarda bir necha bor telefon orqali muloqot qilgan. Maqolada aytilishicha, Netanyahu Putindan Eronni «biz ularga hujum qilmaymiz», deb ishontirishni soʻragan. Bu mutlaqo mantiqiy bayonot! Agar mamlakatni ichkaridan parchalab yuborish mumkin boʻlsa, nima uchun urush uchun qurol-yaroqqa kuch va pul isrof qilish kerak?
Shuningdek, 5 yanvar kuni isroillik jurnalist Hallel Bitton Rozen «Isroil va Qoʻshma Shtatlar Eronda rejimni agʻdarish yoki uni almashtirishdan juda katta manfaatdor. Shu bois men Venesuelani Eron oldidan oʻtkazilgan soʻnggi repetitsiya, deb hisoblayman» - degani ham eʼtiborga molik.
Oxirgi muvaffaqiyatlar
Shu kunlarda norozilik toʻlqini oʻnlab shaharlarni qamrab olmoqda. Namoyishchilar, shuningdek, Malekshohi shahri ustidan ham nazorat oʻrnatgan. Erondagi namoyishlar real qadrsizlanishi va sanksiyalar hamda Isroil bilan boʻlgan urush oqibatlari fonida qariyb 50 foizli inflyatsiya bilan bogʻliq.
Iroq bilan chegaraga yaqin joylashgan Eronning Abdanon shahri (Ilam viloyati) norozilik namoyishchilari tomonidan toʻliq nazoratga olingani haqida Fox News xabar berdi. Telekanal maʼlumotlariga koʻra, shaharning amalda “egallab olingani” haqida Eron Milliy Qarshilik Kengashi (EMQK) maʼlum qilgan. Abdanondan tashqari Malekshohi shahri ham namoyishchilar nazoratiga oʻtgani aytilmoqda.
«Bugun Eronning gʻarbida joylashgan ikki shaharda muhim voqea sodir boʻldi. Ular amalda namoyishchilar nazoratiga oʻtdi va odamlar koʻchalarda bayram qilmoqda», — dedi Fox News’ga bergan intervyusida EMQKning tashqi ishlar boʻyicha komissiya aʼzosi Ali Safaviy.
Eron Milliy Inson Huquqlari Kengashi prezidenti Maryam Rajaviy ham X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmogʻida post qoldirib, Malekshohi va Abdanondagi namoyishchilarga minnatdorlik bildirdi. Uning soʻzlariga koʻra, ular «rejim kuch tuzilmalarini ortga chekinishga majbur qilgan».
AQSh Davlat departamenti esa oʻz bayonotida “adolat tantanasiga boʻlgan umidni soʻndirmay kelayotgan eronliklarning jasorati va qatʼiyatini olqishlagan”.
Biroq keyinchalik – 7 yanvar kuni Eron davlat propagandasi bu xabarlarni rad etdi. Tasnim va Fars axborot agentliklari Eronda namoyishchilar Malekshohi va Abdanon shaharlarini nazoratga olgani haqidagi xabarlarni yolgʻon deb atadi. Ularda aytilishicha, Eronda namoyishchilar Malekshohi va Abdanon shaharlarini nazoratga olgani haqidagi maʼlumotlar haqiqatga toʻgʻri kelmaydi.
Tayyoriga ayyor alamzadalar
2022 yildagi noroziliklarda ham, Isroil hujum qilganida ham, hozir ham paytdan foydalanib xalqni hukumatga qarshi gijgijlagan bir siyosiy murda – Eronning 1979 yildagi Islom inqilobiga qadar shohi boʻlgan, xalqqa dahshatli va adolatsiz zulmi va maishatparastligi bilan nom yaiqargan va keyin barcha boyliklarini olib, Gʻarbga qochib ketgan marhum Shoh Muhammad Rizo Pahlaviyning oilasi yana OAVda koʻrinib qoldi.
Jumladan, Eronning soʻnggi shohining oʻgʻli butun mamlakat aholisini “Oyatullohlar rejimi”ga qarshi namoyishga chiqishga chaqirdi. Rizo Pahlaviy Eron aholisini 8 va 9 yanvar kunlari bir vaqtning oʻzida namoyishga chiqishga chaqirdi. U bu haqda X ijtimoiy tarmogʻi orqali fors tilida chiqargan video murojaatida maʼlum qildi.
Pahlaviy xalqqa qilgan murojaatida Erondagi namoyishlarni diqqat bilan kuzatib borayotganini bildirgan va “zoʻravon rejim”ning bosimiga qaramay xalqning kurashayotganini eʼtirof etgan. Shuningdek, u Eron xalqini harakatdan toʻxtamaslikka chorlagan.
"Namoyishlarni tartibli va iloji boricha keng doirada saqlash juda muhim. 8 va 9 yanvar kunlari qayerda boʻlsangiz ham ozodlik shiorlari bilan namoyishni boshlang. Sizning javobingizga qarab keyingi chaqiruvlarni eʼlon qilaman", — degan u.
Bundan tashqari, Pahlaviy Eron xavfsizlik kuchlariga ham murojaat qilib, ular tarixiy tanlov oldida turganini, yo “jinoyatchilar” bilan bir tarafda turish, yo xalq bilan boʻlishni tanlashi kerakligini aytib oʻtgan.
"Qurollaringizni odamlarga qarshi ishlatmang, aksincha ularni himoya qiling. Shunda nafaqat milliy burchingizni bajarasiz, balki oʻzingiz va oilangiz kelajagini ham himoya qilgan boʻlasiz", degan Pahlaviy.
Eron shohlari hamkorlik qilgan va hozirda oʻgʻli ham xizmat qiluvchi Isroilning The Jerusalem Post' nashri yozishicha, Erondagi kurd muxolifati vakillari ham aholini umumiy ish tashlash oʻtkazishga va namoyishlarni kuchaytirishga chaqirgan.
Manfaatdorlar, ichki va tashqi dushmanlar
Garchi bu norozilik namoyishlari spontan ravishda boshlangan boʻlsada, u xalqning yillar davomida yigʻilib kelgan norozliklarining vulqon tarzida otilishi tarzida izohlash mumkin. Muammolarning yigʻilib ketgan boʻlsada hal qilinmayotgani xalqning sabr kosasini toʻldirishi tabiiy.
Qolaversa, har qanday norozilik namoyishlarining triggerlari va moliyachilari boʻladi. Ayrim taxminlarga koʻra bu vazifani Isroil va AQSh agentlari uddalayapti. Ayniqsa Isroil Erondagi mavjud rejimning qulashidan kuchli manfaatdor.
Ichki opponentlar sifatida esa sekulyar, aniqrogʻi – islomofob qatlamni, shuningdek, kurd, ozarbayjon va boshqa yirik etnik qatlamlarni koʻrsatish mumkin. Chunki Erondagi shia rejimi forslardan boshqa xalqlarning manfaatlariga koʻz yumib kelgani ular orasida ham norozilik kayfiyatini kuchaytirgan.
Shuningdek, Eronning oʻz mazhabdoshi Ozarbayjonga qarshi borib, uning raqiblari – Armaniston va Rossiya bilan hamkorlik qilishi ham ozarbayjonlarga maʼqul kelmaydi, albatta.
Shu bilan birga, Eron rejimi oʻz shialigini pesh qilib, qolgan 99 foiz musulmonlardan iborat sunniylar yashovchi davlatlar bilan ham doʻstona aloqalar oʻrnata olmadi. Mintaqadagi qudratli sunniy davlatlar – Saudiya Arabistoni va Turkiyani oʻziga raqib sifatida koʻrdi. Bu omil ham Tehron foydasiga oʻynamasligi tabiiy.
Hozirgi vaziyat va prognoz
Eronda kechayotgan hozirgi norozilik namoyishlari oddiy ijtimoiy-iqtisodiy chiqishlar emas, balki yillar davomida yigʻilib kelgan tizimli muammolarning ochiq portlashi hisoblanadi. Inflyatsiya, ishsizlik, sanksiyalar, tashqi urushlar, milliy kamsitish, siyosiy erkinliklarning yoʻqligi va hokimiyatning kuchga tayangan boshqaruvi jamiyatni tubdan charchatdi. Avvaliga iqtisodiy talablar bilan boshlangan noroziliklar qisqa vaqt ichida siyosiy tus oldi va “non” talabidan “rejim”ga qarshi shiorlarga aylandi.
Hozirgi kunga kelib, Erondagi toʻqnashguvlar kuch ishlatar tizimlar bilan toʻlaqonli qurolli toʻqnashuvlarga aylandi. Namoyishchilarning ayrimlari qurollanmoqda. Ularni kim qurollantirayotgani hozircha nomaʼlum. Mamlakatda fuqarolik urushi boshlanishi va rejimning qulashi uchun barcha sharoitlar yetilmoqda.
Hukumatning dastlabki yumshoq pozitsiyadan tezda zoʻravonlikka oʻtishi vaziyatni yanada keskinlashtirdi. Internetni oʻchirish, ommaviy hibslar, oʻq otish va tashqi kuchlarni ayblash anʼanaviy ssenariy boʻlib, u aholining qoʻrqishidan koʻra gʻazabini kuchaytirmoqda. Shu bilan birga, rejimning ichki zaifligi — elita ichidagi ishonchsizlik, moliyaviy zaxiralarni chiqarish, ehtimoliy qochish ssenariylarining muhokama qilinishi — hokimiyatning oʻzi ham vaziyat barqarorligiga ishonmayotganidan dalolat beradi.
Tashqi kuchlar — AQSh, Isroil va Gʻarb davlatlari — ochiq yoki yopiq shaklda vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda va mavjud rejimning zaiflashuvidan strategik foyda koʻrayotgani sir emas. Biroq shuni ham tan olish kerakki, namoyishlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchi — bu tashqi emas, aynan ichki omillardir. Xalq oʻz kelajagi, qadr-qimmati va yashash huquqi uchun koʻchaga chiqmoqda.
Prognoz
Yaqin oylar uchun Erondagi vaziyat boʻyicha uchta asosiy ssenariyni koʻrish mumkin:
Birinchi ssenariy — qattiq bostirish.
Hokimiyat kuch tuzilmalari, xorijdan jalb qilingan proksi guruhlar va ommaviy repressiyalar orqali namoyishlarni vaqtincha bostirishi mumkin. Biroq bu ssenariy barqarorlikni emas, faqat kechiktirilgan portlashni anglatadi. Iqtisodiy inqiroz va ijtimoiy adolatsizlik saqlanib qolar ekan, yangi va yanada shiddatli noroziliklar muqarrar boʻladi.
Ikkinchi ssenariy — nazoratdan chiqqan inqiroz.
Agar namoyishlar kengayib, ish tashlashlar, qurolli qarshilik va xavfsizlik kuchlarining bir qismining xalq tomoniga oʻtishi kuzatilsa, Eron Venesuela yoki Suriyaga oʻxshash uzoq muddatli beqarorlik yoʻliga kirib ketishi mumkin. Bu holatda mamlakat amalda bir nechta taʼsir zonalariga boʻlinib, tashqi kuchlar oʻrtasidagi raqobat maydoniga aylanadi.
Uchinchi ssenariy — rejim ichida transformatsiya.
Eng kam ehtimolli, ammo eng kam qon toʻkiladigan variant — elita ichidagi kelishuv, ayrim siyosiy islohotlar va hokimiyatning qisman yangilanishidir. Biroq hozirgi shia rejimi tabiati va Xomanaiy atrofida shakllangan qattiq vertikal tizim bu ssenariyni deyarli imkonsiz qiladi.
Umuman olganda, Eron tarixiy burilish nuqtasiga yaqinlashmoqda. Bu jarayon qisqa muddatda hal boʻlmasligi mumkin, ammo bir narsa aniq: jamiyat qoʻrquv bosqichidan oʻtib boʻldi. Xalq bir marta ochiq qarshi chiqqan ekan, u endi avvalgidek sukut saqlab, sabr va shukr qilib oʻtirish holatiga qaytmaydi. Erondagi hozirgi namoyishlar — bu rejimning emas, balki butun mintaqaning kelajagini belgilab beruvchi jarayonga aylanib bormoqda.
Abulfayz Sayidasqarov