AQSh 66 ta xalqaro tashkilot tarkibidan chiqadi
Ularning 31 tasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzilmalari sanaladi.

AQSh 66 ta xalqaro tashkilotdan chiqadi.
Mamlakat prezidenti Donald Tramp AQShni 66 ta xalqaro tashkilotdan chiqarish haqida memorandumni imzoladi.
66 ta xalqaro tashkilotning 31 tasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) tuzilmalari sanaladi, Tramp ularni moliyalashtirish va ishtirokni toʻxtatish toʻgʻrisidagi hujjatni imzoladi.
"Ushbu tashkilotlarning aksariyati AQSh suvereniteti va iqtisodiy qudratiga zid boʻlgan radikal iqlim siyosati, global boshqaruv va mafkuraviy kun tartibini targʻib qiladi", deyiladi Oq uy veb-saytidagi bayonotda.
Xabarda tashkilotlar roʻyxati keltirilmagan.
Bayonotga koʻra, amerikalik soliq toʻlovchilar "kam daromad olayotgan bir paytda" xalqaro tashkilotlarni moliyalashtirishga "milliardlab mablagʻ sarflangan".
Oq uy matbuot xizmati Donald Trampning ikkinchi muddati boshlanganidan beri AQSh allaqachon Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST), Parij iqlim kelishuvi, BMTning Inson huquqlari kengashi va Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlar uchun BMTning yordam va ishlar agentligidan (UNRWA) chiqib ketganini taʼkidladi.