Zelenskiy Ukrainaning qudratli xavfsizlik xizmati rahbarini ishdan oldi
2022 yildan beri UXXga rahbarlik qilib kelgan Vasil Malyuk Rossiyaga qarshi muvaffaqiyatli operatsiyalarni boshqargan.

Zelenskiy Ukrainaning qudratli xavfsizlik xizmati rahbarini almashtirdi.
Vasil Malyukning lavozimidan olinishi bir qator yuqori martabali harbiy qoʻmondonlar tomonidan keskin tanqid qilindi.
Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) asosan ichki xavfsizlik va qarshi razvedka bilan shugʻullanadi. Rossiyaning 2022 yildagi keng koʻlamli bosqinidan buyon esa u Rossiya hududining ichkarisida amalga oshirilgan suiqasdlar va diversiya hujumlarida ham muhim rol oʻynab kelmoqda.
2022 yildan beri UXXga rahbarlik qilib kelgan Vasil Malyuk Rossiyaga qarshi muvaffaqiyatli operatsiyalarni boshqargani hamda Rossiya bilan aloqador boʻlishi mumkin boʻlgan ikki tomonlama agentlardan tozalagani bilan obroʻ qozongan.
Kadrlar almashinuvi urush boshlanganidan beri Prezident Zelenskiy tomonidan amalga oshirilgan uzoq oʻzgarishlar zanjirining navbatdagisi boʻldi.
Malyukning nomi butun Ukraina boʻylab tanilgan. Xususan, oʻtgan yil iyun oyida u jasoratli “Oʻrgimchak toʻri” operatsiyasini muvofiqlashtirgan. Ushbu hujum davomida 100 dan ortiq ukrain dronlari Rossiya hududining ichkarisidagi harbiy aviabazalarga zarba bergan. Uning oʻrniga tayinlangan Yevgeniy Xmara ham mazkur operatsiyani tayyorlashda ishtirok etgan.
UXX rahbari lavozimidan ozod etilganiga qaramay, Malyuk Rossiyaga qarshi maxsus operatsiyalarga rahbarlik qilishda davom etishi soʻralgan. Zelenskiy taʼkidlashicha, Ukrainaga Rossiya kuchlariga qarshi koʻproq assimetrik operatsiyalar zarur va Malyuk bu borada eng yaxshi mutaxassis.
Xmaraning tayinlanishi UXXning kelajakdagi samaradorligi borasidagi xavotirlarni maʼlum darajada kamaytirdi. Biroq sobiq UXX xodimi Ivan Stupakning fikricha, Xmaraning obroʻsi mustahkam boʻlsa-da, uning tajribasi butun UXXni boshqarishga yetadimi-yoʻqmi, hozircha nomaʼlum.
Stupak, shuningdek, Malyukning lavozimdan olinishi sobiq razvedka rahbari Kirill Budanovning Zelenskiyning yangi maʼmuriyat rahbari etib tayinlanishi bilan bogʻliq, deb hisoblaydi.
“Malyuk va Budanov oʻrtasida keskin kelishmovchilik bor”, — dedi u OAVga. Uning fikricha, Budanov Zelenskiy qaroriga katta taʼsir koʻrsatgan va endi Xmara "Budanovning qoʻli ostida" boʻladi.
Boshqa tahlilchilar bu fikrga qoʻshilmaydi. Ukrainadagi Grunt nashri siyosiy tahlilchisi Oleksandr Notevskiy Xmaraning tayinlanishini ijobiy baholab, uning UXXning eng elit boʻlinmalaridan biri — “Alfa”ni boshqargan davridagi muvaffaqiyatlarini taʼkidladi: “U yosh, tajribali va ‘Oʻrgimchak toʻri operatsiyasi mualliflaridan biri.”
UXX bayonotida Xmara 2022 yilda Kiyev viloyatini ozod qilishda, shuningdek Donetsk viloyatining bosib olingan hududlarida Rossiya kuchlariga qarshi janglarda qatnashgan, mukofotlarga sazovor boʻlgan tajribali maxsus operatsiyalar xodimi sifatida taʼriflandi.
Xmaraning tayinlanishi Ukraina parlamenti tomonidan tasdiqlanishi lozim. Parlament bu qarorni rad etishi ham mumkin. Notevskiyga koʻra, boshqa nomzodlar ham koʻrib chiqilmoqda.
Qariyb toʻrt yillik urushdan soʻng Ukraina Rossiya kuchlarini anʼanaviy usullar bilan front chizigʻida va jang maydonida ortga surishda qiynalmoqda. Biroq u neft obʼektlari, qurol-yarogʻ zavodlari hamda “Oʻrgimchak toʻri” hujumidagi kabi aviabazalar va qimmatbaho harbiy texnikani nishonga olishda nisbatan katta muvaffaqiyatlarga erishdi.
Oʻtgan hafta Zelenskiy oʻzining yuqori rahbariyatida jiddiy oʻzgarishlar eʼlon qildi. Mixailo Fedorov yangi mudofaa vaziri lavozimiga nomzod sifatida koʻrsatildi, tashqi razvedka rahbari Oleg Ivashchenko esa Budanov oʻrnini egalladi.
Zelenskiy tomonidan amalga oshirilgan koʻplab kadrlar almashinuvi inqiroz davrida mamlakatga zarar yetkazayotgani uchun koʻpchilik tomonidan tanqid qilinmoqda.