Hyundai avtomobil zavodlari uchun yangi odamsimon robotni taqdim etdi
Atlas roboti inson oʻlchamidagi toʻliq aylanuvchi boʻgʻinlari orqali 50 kg gacha yuk koʻtara oladi. U −20°C dan +40°C gacha boʻlgan haroratlarda ishlay oladi.

Hyundai avtomobil zavodlari uchun yangi odamsimon robotni taqdim etdi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Hyundai AQShda quriladigan yangi zavodda yiliga 30 mingtagacha robotni ommaviy ishlab chiqarishni maqsad qilgan.
Seulda joylashgan avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya dastlab yangi Atlas robotlarini yuqori darajada takrolanuvchi vazifalarni bajarishga jalb etishni rejalashtirmoqda.
Jumladan, avtomobillarga oʻrnatilishidan oldin ehtiyot qismlarni maʼlum ketma-ketlikda joylashtirish kabi ishlar shular jumlasidandir.
Keyinchalik, 2030 yilga borib, robotlar yanada murakkab yigʻuv jarayonlariga ham jalb qilinadi. Bu haqda Hyundai Las-Vegasda boʻlib oʻtayotgan CES texnologiya koʻrgazmasi doirasida bergan bayonotida maʼlum qildi.
Atlas roboti inson oʻlchamidagi toʻliq aylanuvchi boʻgʻinlari orqali 50 kg gacha yuk koʻtara oladi. Shuningdek, u −20°C dan +40°C gacha boʻlgan haroratlarda ishlay oladi.
Ushbu robotlar AQShning Jorjiya shtati, Savanna shahridagi zavodda ham qoʻllanilishi rejalashtirilgan.
Avtomobil sanoati mehnat xarajatlarini kamaytirish va ishchilar xavfsizligini oshirish maqsadida yigʻuv liniyalarini avtomatlashtirish boʻyicha yetakchi sohalardan biri boʻlib kelmoqda. Sunʼiy intellekt yordamida avtomobil ishlab chiqaruvchilar yangi daromad manbalari yaratish, shuningdek, qoʻlsiz boshqaruv kabi innovatsiyalar orqali avtomobil ichidagi tajribani yaxshilash imkoniyatlarini koʻrmoqda.
Xitoyning elektromobil ishlab chiqaruvchisi Xpeng Inc. oʻtgan yili Iron nomli robotini katta shov-shuv bilan taqdim etib, aksiyalarining keskin oshishiga erishgan edi. Tesla Inc. esa Optimus robotini ishlab chiqmoqda. Kompaniya rahbari Ilon Mask bu robot “barcha davrlarning eng yirik mahsuloti” boʻlishi va kelajakda Tesla qiymatining 80 foizini tashkil etishini aytgan.
Toyota Motor Corp. ham rivojlangan robototexnika dasturiga ega boʻlib, 2024 yilda Hyundai bilan hamkorlikda sunʼiy intellekt asosidagi robotlarni ishlab chiqishni tezlashtirishga kelishib olgan.
Robotlar uzoq yillardan beri payvandlash va logistika kabi oddiy vazifalarda qoʻllanib kelinadi. Biroq hozir kompaniyalar robotlar yanada murakkab ishlarni bajara olishi uchun texnologik yutuqlarga umid bogʻlamoqda. Sunʼiy intellektning jadal rivoji soha boʻyicha optimistik prognozlarni kuchaytirmoqda.
Goldman Sachs Group Inc. robotlar bozori 2035 yilga borib 38 milliard dollarga yetishini taxmin qilmoqda. Morgan Stanley esa 2050 yilga kelib bu koʻrsatkich 5 trillion dollarga yetishi va oʻsha paytda dunyoda 1 milliarddan ortiq odamsimon robot ishlatilishini prognoz qilmoqda.
Hyundai kompaniyasi gumanoid robotlar kelajakda jismoniy sunʼiy intellekt bozorining eng yirik segmentiga aylanishini kutayotganini va Atlas modelini ommaviy ishlab chiqarib, uni sanoat obʼektlarida keng miqyosda joriy etishni maqsad qilganini bildirdi.
Avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniya 2019 yilda Robototexnika laboratoriyasini tashkil etgan, ikki yildan soʻng esa Boston Dynamics’ni sotib olgan. Mazkur kompaniya Spot nomli robot-it va omborlarni toʻldirish uchun moʻljallangan Stretch robot qoʻli bilan tijoriy muvaffaqiyatga erishgan.
Hyundai kelgusi besh yil ichida Janubiy Koreyada sunʼiy intellekt, robototexnika va boshqa yangi texnologiyalarga 86 milliard dollar sarmoya kiritishni, shuningdek, 2028 yilgacha AQShda yana 26 milliard dollar investitsiya qilishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, kompaniya Nvidia Corp. bilan strategik hamkorlikni kuchaytirishni rejalashtirgan. Ushbu chip ishlab chiqaruvchi kompaniya texnologiyalari innovatsiyalarni tezlashtirish va samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi. Ikki kompaniya oktabr oyida Janubiy Koreyada 3 milliard dollarlik sunʼiy intellekt klasterini barpo etish boʻyicha kelishuv imzolagan.