Tramp maʼmuriyati Grenlandiya boʻyicha kelishuv loyihasini tayyorladi
Vashington orol aholisining turmush darajasini yaxshilaydigan Erkin Uyushma Shartnomasini muhokama qilgan. AQSh prezidentining daʼvolari Yevropa siyosatchilarida ham xavotir uygʻotgan.

AQSh prezidenti Donald Tramp maʼmuriyati Grenlandiya boʻyicha kelishuv loyihasini ishlab chiqmoqda, uni orol rasmiylariga taklif qilishi mumkin. Bu haqda Britaniyaning The Economist jurnali yozgan.
Nashrning yozishicha, Vashington Grenlandiya aholisining turmush darajasini yaxshilaydigan Erkin Uyushma Shartnomasini muhokama qilmoqda.
AQSh allaqachon Mikroneziya, Marshall orollari va Palau bilan shunga oʻxshash kelishuvlarga ega: Vashington moliyaviy yordam koʻrsatadi, sheriklar esa mudofaa masalalarini unga topshiradi, ichki oʻzini oʻzi boshqarishni saqlab qoladi.
The Economist nashrining taʼkidlashicha, Tramp maʼmuriyatining Grenlandiya siyosati ikkita maqsadni koʻzlaydi: Daniya va Grenlandiya oʻrtasidagi kelishmovchiliklarni kuchaytirish va Kopengagenni chetlab oʻtib, orol rasmiylari bilan kelishuvga erishishga urinish.
Biroq, jurnal orolning "toʻliq anneksiya qilinishi" ehtimoldan yiroq deb hisoblaydi va AQShning daʼvolari Yevropa rahbarlari orasida xavotir uygʻotganini taʼkidlaydi.
Nashrning taʼkidlashicha, Grenlandiyada AQSh harbiy bazasi allaqachon joylashgan va Daniya bilan mavjud kelishuvlar AQSh qoʻshinlari sonini cheklamaydi. Garchi sezilarli darajada koʻpaytirish Kopengagenning roziligini talab qilsa-da, janob Tramp 4 yanvar kuni Qoʻshma Shtatlar milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan Grenlandiyani nazorat qilishiga muhtojligini aytdi. Uning taʼkidlashicha, "orol atrofida Rossiya va Xitoy kemalari bor edi".