Toshkentdagi koʻpqavatli uyda pichoq koʻtarib yurgan shaxs jazolandi
U sovuq quroli boʻla turib, yarim tunda qoʻshnisining eshigini taqillatib, uni bezovta qilgan.

Toshkentdagi koʻpqavatli uyda pichoq koʻtarib yurgan shaxs jazolandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda nomaʼlum shaxs pichoq koʻtargan holda koʻp qavatli uy yoʻlagida pichoq koʻtarib harakatlanganligi aks etgan video tarqaldi.
Joriy yilning 5 yanvar kuni tungi soat 01.35 larda 1984 yilda tugʻilgan O.S. mast holatda boʻla turib, Yashnobod tumanidagi koʻp qavatli uylardan birida qoʻshnisi D.Yu.ning eshigini taqillatib, uni bezovta qilgan.
U jamoat joyida boʻla turib, sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan ashyoni qonunga xilof ravishda olib yurib, jamoat tartibini buzgan. Ushbu holat yuzasidan tuman ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan tezkorlik bilan chora koʻrilgan va huquqbuzar maʼmuriy tartibda ushlangan.
Yashnobod tumani IIO FMB tomonidan fuqaro O.S.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183 (“Mayda bezorilik”), 185 prim.2 (“Sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan ashyolarni olib yurish”), 194 (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) moddalari bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Toʻplangan hujjatlar jinoyat ishlari boʻyicha Yashnobod tumani sudiga yuborilgan. Sud tomonidan ushbu shaxsga maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.