Tojikistondan keltirilgan jami 32 kg narkotik modda toʻxtatib qolindi
DXX tomonidan bojxona va ichki ishlar organlarini jalb qilgan holda tezkor tadbir oʻtkazildi.

Tojikistondan keltirilgan jami 32 kg narkotik modda ashyoviy dalil sifatida olindi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona va ichki ishlar organlarini jalb qilgan holda tezkor tadbir oʻtkazilgan.
Unda Tojikiston Respublikasidan kontrabanda qilingan giyohvandlik vositalari savdosi bilan shugʻullanuvchi, 1984 y.t. fuqaroning Qoʻqon shahridagi yashash xonadoni koʻzdan kechirildi.
Natijada xonadon oshxonasida 4 kg 572 gr “opiy” hamda 1 kg 58 gr “gashish” moddalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Shuningdek, unga tojikistonlik narkosavdogarlar “WhatsApp” messenjeridan yuborgan geolokatsiya orqali – muqaddam Dangʻara tumani hududiga yashirib ketilgan 9 kg 980 gr “opiy” moddasi olindi.
Bundan tashqari, unga giyohvandlik vositalarini qayta ishlab, isteʼmolga tayyor holatga keltirish uchun yordam bergan, Qoʻqon shahrida istiqomat qiluvchi, 1969 y.t. shaxs oʻzining yashash xonadonida narkolaboratoriya tashkil qilganligi aniqlanib, undan ham 7 kg 226 gr “opiy” moddasi olindi.
Boshqa holatda esa Qoʻqon shahri hududida harakatlanayotgan, 1980 y.t. mahalliy fuqaro boshqaruvidagi “Lacetti” rusumli avtotransport vositasi toʻxtatilib koʻzdan kechirilganda, unda muqaddam 34 ming AQSh dollariga sotib olingan 5 kg 22 gr “opiy” moddasi borligi maʼlum boʻldi.
Soʻngra tezkor tadbir davom ettirilib, unga narkotik moddani sotgan, 1985 y.t. hamshahari va uning jinoiy sherigi boʻlgan – 1985 y.t. Tojikiston Respublikasi fuqarosi qoʻlga olindi.
Shuningdek, tojikistonlik fuqaroning Oʻzbekiston tumanidagi xonadonidan ham 2 kg 362 gr “opiy” moddasi olindi.
Qoʻqon shahrida qayd etilgan yana bir holatda “Neksiya” rusumli avtomashina toʻxtatilib, xolislar ishtirokida koʻzdan kechirildi va unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan, 1992 y.t. fuqaroga tegishli sumka ichida 982 gr “gashish” moddasi borligi maʼlum boʻldi.
Aniqlanishicha, u giyohvandlik vositasini muqaddam tojikistonlik narkokurʼerlar tomonidan Qoʻqon shahri hududiga yashirib ketilgan xufiya joydan olgan.
Fargʻona shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa 2000 y.t. shaxs Tojikiston Respublikasidan olib kelingan 989 gr “gashish” moddasini xaridorga 150 mln soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Tergov harakatlari olib borilmoqda.