platina.uz
Siyosat

TIV Afgʻonistonda oʻzbek tili cheklanayotgani boʻyicha xabarlarga izoh berdi

Afgʻonistonlik rasmiylar ushbu xabarlar haqiqatga toʻgʻri kelmasligini, mamlakat hududida oʻzbek tilining ishlatilishiga nisbatan hech qanday cheklov yoʻqligini taʼkidlagan. 

TIV Afgʻonistonda oʻzbek tili cheklanayotgani boʻyicha xabarlarga izoh berdi

Tarmoqda Afgʻonistonda oʻzbek tili cheklanayotgani boʻyicha xabarlar tarqaldi. Oʻzbekiston TIV bunga izoh berdi.

Ayrim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda oʻzbek tilining Afgʻonistonda qoʻllanilishiga goʻyoki cheklovlar joriy etilayotgani haqidagi xabarlar berilgan. Mazkur maʼlumotlar jamoatchilikda tabiiy ravishda muayyan xavotir uygʻotdi.

Mazkur masalaga aniqlik kiritish maqsadida Tashqi ishlar vazirligining masʼul vakillari tezkor ravishda Afgʻoniston Tashqi ishlar vazirligi bilan vaziyatga oydinlik kiritdi.

Afgʻonistonlik rasmiylar ushbu xabarlar haqiqatga toʻgʻri kelmasligini, mamlakat hududida oʻzbek tilining ishlatilishiga nisbatan hech qanday cheklov yoʻqligini qatʼiy taʼkidlab, Afgʻoniston hukumati va xalqi birodar oʻzbek xalqi hamda tiliga chuqur hurmat bilan munosabatda ekanini alohida qayd etgan.

Afgʻoniston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili maʼlum qilishicha, hozirgi vaqtda mamlakat boʻylab oliy taʼlim muassasalari va umumtaʼlim maktablari peshtoqlaridagi yozuvlarni yagona standart asosida tartibga solish ishlari olib borilmoqda. Mazkur amaliyotga koʻra, taʼlim muassasalari peshtoqlaridagi yozuvlar butun mamlakat boʻylab uch tilda — pushtu, dariy va ingliz tillarida aks ettiriladi. Shu bilan birga, mamlakatning shimoliy hududlari, jumladan Samangan universiteti uchun istisno tariqasida yozuvlar pushtu, dariy va oʻzbek tillarida berilishi belgilangan.

"Shuningdek, yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro ishonch va doʻstona munosabatlarning yorqin ifodasi sifatida Afgʻoniston hukumati tomonidan tarixda ilk bor Jouzjon davlat universitetida joriy yildan boshlab magistratura bosqichida “Oʻzbek tili va adabiyoti” fakultetini tashkil etish rejalashtirilayotgani maʼlum qilindi", deyiladi TIV izohida.

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid