Maduro AQSh sudida ayblovlarni inkor etdi
Aybdor deb topilgan taqdirda hokimiyatdan agʻdarilgan Venesuela yetakchisi bir necha oʻn yillik qamoq jazosiga hukm etilishi mumkin.

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro Nyu-Yorkda oʻtgan ilk sud majlisida ayblovlarni rad etdi.
Manxettendagi federal sudda Nikolas Maduro va uning rafiqasi Silia Flores qoʻyilgan ayblovlar boʻyicha oʻzlarini aybsiz deb eʼlon qildi.
Sudga oyoqlari kishanlangan, tarjimon quloqchinlari taqqan holda sudya qarshisiga chiqqan Maduro oʻzini Venesuelaning “qoʻlga olingan” rahbari sifatida tanishtirdi va ayblovlarni rad etdi. Sud ishi Elvin Hellershtayn tomonidan koʻrib chiqilmoqda.
“Men aybsizman. Men halol odamman”, — dedi Maduro sudyaga.
Maduro sudyaga unga nisbatan tuzilgan ayblov xulosasini koʻrganini, biroq hali toʻliq oʻqib chiqmaganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, hujjat mazmuni advokat bilan qisman muhokama qilingan. Maduroning himoyachisi sifatida mashhur ishlar bilan tanilgan advokat Barri Pollak ishtirok etmoqda.
Prokurorlar Maduroni "narkoterrorizm fitnasi" tashkil etishda ayblamoqda. Shuningdek, Maduro va Floresga kokainni AQShga olib kirish boʻyicha fitna, uni saqlash hamda pulemyotlar va portlovchi qurilmalarni saqlash va egallashga urinish boʻyicha fitna ayblovlari qoʻyilgan.
Agar aybdor deb topilsa, hokimiyatdan agʻdarilgan Venesuela yetakchisi oʻnlab yillar davomida qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
Ayblov xulosasida, shuningdek, Maduroning rafiqasi Silia Flores ham AQShga noqonuniy giyohvand moddalarni olib kirish boʻyicha fitna uyushtirishda va qurolga oid jinoyatlarda ayblanmoqda. U eri bilan birga AQSh harbiy xodimlari tomonidan qoʻlga olingan. Flores ham sudda oʻzini aybsiz deb eʼlon qildi.
“Aybdor emasman. Mutlaqo aybsizman”, — dedi Flores sud majlisida tarjimon orqali.
Maduro va Flores Nyu-Yorkka olib ketilayotgan paytda AQSh prezidenti Donald Tramp Qoʻshma Shtatlar Venesuelada toʻliq siyosiy oʻtish jarayoni amalga oshmaguncha mamlakatni vaqtincha boshqarishini eʼlon qildi.
Hozircha Venesuela vitse-prezidenti Delsi Rodriges rasman mamlakat rahbari hisoblanadi. Biroq Tramp agar Rodriges “toʻgʻri yoʻl tutmasa”, uning taqdiri Maduronikidan ham yomon boʻlishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Keyingi sud majlisi 17 mart boʻlib oʻtishi maʼlum qilindi. Ungacha Nikolas Maduro va uning rafiqasi Silia Flores Nyu-Yorkdagi qamoqxonada saqlanadi.