Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishiga bir qadam qoldi
Faqat bitta ikki tomonlama muzokara raundi yakunlanmagan boʻlib, u Tayvan bilan bogʻliq.

JSTGA aʼzo boʻlishga bir qadam qoldi: Oʻzbekiston 29 ta yangi qonun hujjat tayyorlamoqda va eksport bojlari boʻyicha soʻnggi muhokamalarni boshladi.
Oʻzbekiston Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlish uchun muzokaralarni yakunlashda atigi bitta davlat bilan kelishuvga erishishi qoldi.
JST masalalari boʻyicha Prezidentning maxsus vakili Azizbek Urunov Linkedin sahifasida JST ga aʼzo boʻlishga bir qadam qolganini maʼlum qildi. U 2025 yil yakunlarini sarhisob qilar ekan, ushbu davrni Oʻzbekistonning JSTga qoʻshilishi jarayonida hal qiluvchi va natijalarga boy bosqich sifatida baholadi. Urunovning soʻzlariga koʻra, oʻtgan yil davomida Oʻzbekiston tashkilotga aʼzo boʻlgan 34 davlatdan 33 tasi bilan bozorga kirish boʻyicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagan.
Umumiy hisobda, 40 dan ortiq ikki tomonlama muzokaralar raundi hamda koʻplab ishchi guruh yigʻilishlari oʻtkazilib, ular davomida 200 dan ortiq masala muhokama qilingan.
Yil davomida Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Kanada, Avstraliya va boshqa qator muhim savdo hamkorlari bilan kelishuvlarga erishilgan.
Urunovning taʼkidlashicha, faqat bitta ikki tomonlama muzokara raundi yakunlanmagan boʻlib, u Tayvan bilan bogʻliq.
Milliy qonunchilikni JST talablariga moslashtirish borasida ham katta ishlar amalga oshirilgan. 2025 yilda Oʻzbekiston JSTGA qoʻshilish jarayoni doirasida 30 ta qonun hujjat qabul qildi. Ular orasida toʻrtta qonun, sakkizta prezident farmoni va qarori, Vazirlar Mahkamasining 12 ta qarori hamda oltita idoraviy-normativ hujjat mavjud.
Shu bilan birga, yana 29 ta qonun hujjat loyihasi tayyorlanmoqda. Ular bojxona tartib-taomillari, eksport bojlari, savdoni himoya qilish choralarini joriy etish, intellektual mulk huquqini himoya qilish, texnik reglamentlar, sanitariya va fitosanitariya choralarini hamda savdodagi texnik toʻsiqlarni isloh qilishni nazarda tutadi.
Prezident vakilining aytishicha, Oʻzbekiston tovarlar va xizmatlar boʻyicha savdo majburiyatlarini muvofiqlashtirishda sezilarli yutuqlarga erishib, konsolidatsiya bosqichiga oʻtgan. JST qoidalariga muvofiq eksport bojlari, tranzit erkinligi va savdo tartib-taomillarini soddalashtirish boʻyicha yakuniy muhokamalar boshlangan. Shuningdek, mamlakat tashkilotning tarmoq kelishuvlarida ham faol ishtirok etmoqda.
Qolgan ikki va koʻp tomonlama muzokaralarni yakunlash, ishchi guruhning yakuniy hisobotini tayyorlash, qonunchilikni soʻnggi bor tasdiqlash va Oʻzbekistonning JSTga qoʻshilish jarayonini toʻliq yakunlashga qaratilgan hal qiluvchi choralarni koʻrish 2026 yilga rejalashtirilgan.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston va Rossiya oʻzaro savdo shartlari boʻyicha rasmiy kelishuvga erishgan. Tomonlar tovarlar va xizmatlar bozoriga kirish boʻyicha yakuniy protokolni imzolagan boʻlib, bu Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishi oldidan amalga oshirilgan soʻnggi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.