Navoiyda avtobus YTHga uchradi: ikki kishi halok boʻldi
Turli koʻrinishdagi tan jarohatlari olgan 9 nafar fuqarolar tibbiyot muassasalariga yotqizilgan.

Navoiyda avtobus YTHga uchradi: ikki kishi halok boʻldi. Bu haqda Navoiy IIB xabar berdi.
Joriy yilning 5 yanvar kuni taxminan Tomdi tumani “Tomdibuloq” OFY hududidan oʻtgan A-379 “Navoiy-Uchquduq” xalqaro ahamiyatga molik avtomobil yoʻlining 167-168 km.lari oraligʻida yoʻl-transport hodisasi sodir etilgan.
Dastlabki surishtiruvlarga koʻra salonida 47 nafar yoʻlovchisi boʻlgan “Zhong Tong Bus” rusumli (texnik jihatdan soz boʻlgan) avtobusni “Zarafshon-Navoiy” yoʻnalishi boʻylab boshqarib borayotgan 1986 yilda tugʻilgan fuqaro Sh.X. (haydovchi 17 yillik stajga ega) rul boshqaruvini yoʻqotib, yoʻnalishi boʻyicha yoʻlning oʻng tomoniga chiqib ketib agʻdarilib, YTH sodir etgan.
Hodisa oqibatida yoʻlovchi sifatida ketayotgan 2 nafar fuqaro olgan tan jarohatlari sababli voqea joyida vafot etgan.
Turli koʻrinishdagi tan jarohatlari olgan 9 nafar fuqarolar tibbiyot muassasalariga yotqizilgan.
Hozirda vaziyatni toʻliq oʻrganish, jabrlanganlar va ularning oila aʼzolariga yordam koʻrsatish hamda ogʻir oqibatlarga olib kelgan shart-sharoitlarga huquqiy baho berish maqsadida Navoiy viloyati IIB tomonidan voqea tafsilotlari oʻrganilmoqda.