“Besh million sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihasi amalga oshiriladi
U bir million dasturchi loyihasining mantiqiy davomi boʻladi. 100 nafar oʻqituvchiga 1 000 AQSh dollari ekvivalentida pul mukofotlari beriladi.

5 million sunʼiy intellekt yetakchilari loyihasi amalga oshiriladi.
“Yoshlarni IT sohasiga jalb qilish, ularning raqamli bilim va koʻnikmalarini oshirish orqali yuqori daromadli kasblarga yoʻnaltirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat qarori (849-son, 31.12.2025 y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, “Bir million dasturchi” loyihasining mantiqiy davomi sifatida “Besh million sunʼiy intellekt yetakchilari” loyihasi amalga oshiriladi.
Har yili mazkur loyiha doirasida eng yuqori natijalarga erishgan ishtirokchilarni taqdirlash boʻyicha milliy tanlov oʻtkazib boriladi.
Bunda tanlov gʻoliblari pul mukofotlari va qimmatbaho sovgʻalar, jumladan:
- 100 nafar oʻqituvchi 1 000 AQSh dollari ekvivalentida pul mukofoti;
- 10 nafar oʻqituvchi xorijiy sayohatga yoʻllanma;
- 500 nafar yoshlar noutbuk;
- 500 nafar yoshlar qimmatbaho sovgʻalar;
- 3 ta oliy taʼlim tashkiloti pul mukofoti;
- 2 ta umumtaʼlim maktabi “Prezident sovgʻasi” – elektromobil bilan taqdirlanadi.
Shuningdek, “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasi doirasida yoshlarga quyidagi imkoniyatlar yaratiladi:
- raqamlashtirish sohasida zamonaviy kasblarga, jumladan, IT-loyiha boshqaruvchisi, startap loyihasi boshqaruvchisi hamda xorijiy tillarga bepul oʻqish;
- xalqaro professional darajadagi IT-sertifikatlarni olish boʻyicha oʻquv kurslarida bepul taʼlim olish.