Kannavaro qator yangi oʻyinchilarni termaga chaqirishga qaror qildi
Ular orasida Oybek Bozorov va Quvondiq Roʻziyev ham borligi aytilgan. Terma 22 yanvardan 2 fevralgacha Qatarning Doha shahrida mashgʻulot oʻtkazadi.

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro yanvar oyidagi oʻquv-mashgʻulot yigʻinida sinovdan oʻtish uchun yangi oʻyinchilarni, jumladan, Oybek Bozorov va Quvondiq Roʻziyevni chaqirishga qaror qildi.
Murabbiy 2026 yilgi Jahon chempionati oldidan zaxira jamoasini shakllantirishga tayyorgarlik koʻrmoqda.
Oʻzbekiston milliy futbol terma jamoasi bosh murabbiyi, italiyalik murabbiy Fabio Kannavaro boʻlajak oʻquv-mashgʻulot yigʻiniga bir nechta yangi oʻyinchilarni chaqirishga qaror qildi.
TopPodcast maʼlumotlariga koʻra, ular orasida bir necha yillardan beri milliy terma jamoaga chaqirilmagan Oybek Bozorov, shuningdek, Quvondiq Roʻziyev va Ikrom Alibekov bor. Championat.asia maʼlumotlariga koʻra, roʻyxatda OKMK vakili Aziz Xolmurodov ham bor.
Manbalarga koʻra, Kannavaro 2026 yilgi Jahon chempionati uchun zaxira tarkibini shakllantirish maqsadida yanvar oyidagi oʻquv-mashgʻulot yigʻini davomida yangi oʻyinchilarni keng koʻlamli sinovdan oʻtkazishni rejalashtirmoqda.
Oʻzbekiston milliy terma jamoasi 22 yanvardan 2 fevralgacha Qatarning Doha shahrida mashgʻulot oʻtkazadi.
