platina.uz
Jahon

BYD elektromobillar savdosi boʻyicha Teslaʼni ortda qoldirdi

2025 yil boshida Ilon Maskning siyosiy faolligi sababli yuzaga kelgan noroziliklar va yil oxirida federal elektromobil soliq imtiyozining tugashi kompaniyaga salbiy taʼsir koʻrsatdi. 

BYD elektromobillar savdosi boʻyicha Teslaʼni ortda qoldirdi

Tesla savdosi 2022 yildan beri eng past darajaga tushdi.

2025 yil boshida Ilon Maskning siyosiy faolligi sababli yuzaga kelgan noroziliklar va yil oxirida federal elektromobil soliq imtiyozining tugashi kompaniyaga salbiy taʼsir koʻrsatdi.

Tesla avtomobillari savdosi 2025 yilda ketma-ket ikkinchi yil pasayib, 2022 yildan buyon eng past koʻrsatkichga yetdi.

Kompaniya avtomobillarining savdosi kompaniya bosh direktori Ilon Mask uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki uning sunʼiy intellektga oid loyihalarini, jumladan, odamsimon robotlar va avtonom (oʻz-oʻzini boshqaruvchi) avtomobillarni moliyalashtirishda u Tesladan keladigan mablagʻlarga tayanishi kutilyotgandi.

Yangiliklarga koʻra, kompaniya yil yakunlari boʻyicha yetkazib berish hajmi 8,6 foizga kamayib, 1,64 million donani tashkil etganini maʼlum qildi.

Xitoylik avtomobil ishlab chiqaruvchi BYD 2025 yilda ilk bor toʻliq yil yakunida elektromobillar savdosi boʻyicha Teslaʼdan oʻzib ketdi: BYD — 2,26 million dona, Tesla esa — 1,64 million dona elektromobil sotdi.

Yil davomida qayd etilgan pasayish yilning uchinchi choragida savdo kutilmaganda oʻsganiga qaramay yuz berdi. Sentabr oyi oxirida muddati tugagan federal elektromobil soliq imtiyozidan foydalanish uchun koʻplab amerikaliklar shoshilinch ravishda Tesla elektromobillarini xarid qilgan edi.

Hozirda yetkazib berish hajmi 2023 yildagi tarixiy eng yuqori koʻrsatkichdan 9,5 foizga kamaygan.

Toʻrtinchi chorakda yetkazib berish 418 227 donani tashkil etdi. Bu oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 15,6 foizga kam boʻlib, Uoll-stritning prognozidan (422 900 dona) past chiqdi. Shuningdek, bu Tesla uchun 2022 yildan beri eng yomon toʻrtinchi chorak natijasi boʻldi.

Ilon Mask AQSh prezidenti Donald Trampning yaqin maslahatchisiga va byudjetni qisqartirish bilan shugʻullanuvchi DOGE jamoasi rahbariga aylangach, ayrim potensial xaridorlar Teslaʼdan voz kechdi.

Mask siyosiy faoliyati sabab kompaniyaga maʼlum darajada salbiy taʼsir boʻlganini tan oldi va oxir-oqibat hukumatdan ketdi.

Savdoga taʼsir qilayotgan yana bir, siyosatdan tashqari omil ham bor: Tesla avtomobillari eskirib bormoqda. Kompaniyaning asosiy modellari dizayni deyarli oʻzgarmagan, soʻnggi paytda taqdim etilgan yagona yangi model esa tor bozor uchun moʻljallangan Cybertruck boʻldi.

Juma kuni erta savdolarda Tesla aksiyalari 0,7 foizga oshdi.

2026 yilda Teslaʼning avtonom avtomobillar strategiyasi qanchalik muvaffaqiyatli boʻlishi koʻpchilikni qiziqtirmoqda.

Kompaniya yaqinda Texas shtatining Ostin shahrida oʻz-oʻzini boshqaruvchi avtomobillar xizmatini ishga tushirdi va bu yil davomida uni sezilarli darajada kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Telegramda kuzatib boring!
© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid