Saida Mirziyoyeva: "Men shunchaki foydam tegishini xohlayman"
Oʻzbekiston Prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Alter Ego loyihasiga katta intervyu berdi. Unda PA rahbari hokimiyat tizimidagi oʻrni, prezident bilan munosabati, ish uslubi, soʻnggi toʻqqiz yil ichidagi oʻzgarishlar haqida gapirgan.

Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ilk katta intervyusida prezident va otasi Shavkat Mirziyoyev bilan toʻqqiz yildan buyon yelkama-yelka ishlayotgani haqida gapirib berdi.
U oʻzini "xizmatchi" deb atadi. "Men shunchaki foydam tegishini xohlayman", deydi PA rahbari.
Oʻzbekiston Prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Alter Ego loyihasiga katta intervyu berdi.
Mirziyoyeva hokimiyat tizimidagi oʻrni, otasi — prezident Shavkat Mirziyoyev bilan munosabati, ish uslubi, soʻnggi toʻqqiz yil ichidagi oʻzgarishlar va davlat xizmati uning uchun nimani anglatishi haqida gapirdi.
Oʻzini eng koʻp kim sifatida his qilayotgani haqidagi aniqlashtiruvchi savolga Mirziyoyeva toʻgʻridan toʻgʻri javob berdi:
"Men xizmatchiman. Men birinchi navbatda otamga xizmat qilaman, chunki u mening hayotimdagi juda katta figura".
U otasi uni tugʻilganidanoq mustaqil shaxs sifatida tarbiyalagani va unga shunga yarasha munosabatda boʻlganini aytdi. Mirziyoyevaning fikricha, bu uning uzoq kutilgan, qolaversa, ham ona, ham ota tomonidan oiladagi ilk farzand boʻlgani bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Shu sababli har ikki tomon ham unga yosh bola deb emas, balki shaxs sifatida qaragan.
Saida Mirziyoyeva xarakterining shakllanishida aynan otasining oʻrni katta boʻlganini, uni masʼuliyatga va qaror qabul qilishda qatʼiylikka oʻrgatganini taʼkidladi.
Oilada iyerarxiyaga rioya etish va kattalarni hurmat qilish qatʼiy qoida boʻlgan: unga singlisi Shahnoza Mirziyoyeva ham "siz" deb murojaat qilgan. Uning soʻzlariga koʻra, bu oilada shakllangan muhit va tartib-qoidalarning ifodasi boʻlgan.
"Dadam meni" Saida aytdimi — tamom" degan ruhda shakllantirgan. Hamma menga" siz" deb murojaat qilardi, hatto mendan bir yarim yosh kichik singlim ham. U meni doim "siz" lardi… chunki tartib shunday boʻlgandi. Va men anglab yetdimki, ota-onamiz bolaligimizdanoq bizni aynan shu iyerarxiya, yaʼni «katta — bu bosh, katta — bu muhim» degan tartibda tarbiyalagan ekan. Ayni damda men oʻz hayotimni xizmat qilishga bagʻishlayapman, desam boʻladi. Men shunchaki foydam tegishini istayman. Hatto farzandlarimni ham aynan shu ruhda tarbiyalayapman", — dedi u.
Saida Mirziyoyevaning taʼkidlashicha, prezident "odamlarni oʻstirishni" biladi.
"Mana, bir qarashda kichkinagina bola, Shavkatim bilan qanday muloqot qilyapti? Men qarab turib deyman — yo Xudoyim! Shaxsni tarbiyalashni biladigan inson mana shunaqa boʻladi. Va mana meni, jajji qizchani, a? Bizning patriarxal jamiyatimizda nufuzli ayol boʻlish… Juda qiyin".
Mirziyoyevaning taʼkidlashicha, aynan otasi uning kamol topishi uchun shunday sharoit yarata olgan: ilk kunlardanoq uni yoniga olib, jamoatchilik eʼtiboridan va rasmiy maqomdan xoli tarzda oʻzi bilan birga olib yurgan. Aytishicha, u doim otasining yonida boʻlgan, tinglagan, xulosa chiqargan, koʻmaklashgan va qarorlar muhokamasida qatnashgan.