Saida Mirziyoyeva intervyusi: Oʻzbekiston islohotlarining ichki mantigʻi va inson hayotini yaxshilashga qaratilgan davlat modeli
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning intervyusi Oʻzbekistonda davlat boshqaruvi tobora ochiq muloqot, oshkora baholash va muammolarni yashirmasdan aytish tamoyiliga tayanayotganini koʻrsatdi. Platina.uz intervyu haqida qisqacha sharh tayyorladi.

Prezidenti administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Alter Ego loyihasiga oʻzining ilk katta intervyusini berdi. Boshlovchi Kirill Altman bilan muloqotda u hokimiyat tizimidagi oʻrni, otasi — prezident Shavkat Mirziyoyev bilan munosabati, ish uslubi, soʻnggi toʻqqiz yil ichidagi oʻzgarishlar va davlat xizmati uning uchun nimani anglatishi haqida ochiq gapirdi.
Odatda bunday yuqori martabali davlat mulozimining ochiq intervyu berishi mintaqada juda kam uchraydigan noyob voqea hisoblanadi. Bundan anglashiladiki, Oʻzbekiston rahbariyati ochiqlik siyosatida tobora oldinga intilmoqda va bu amaliy harakatlar bilan oʻz tasdigʻini topmoqda.
Bu shunchaki yuqori mansabdagi hukumat arbobi bilan suhbat emas, balki Oʻzbekiston qadam qoʻygan yangi davrning yorqin ifodasidir. Ziyrak kuzatuvchiga intervyu mamlakatning buguni va istiqbolini belgilovchi tub jarayonlarni anglash imkonini beradi.
Suhbatning dastlabki daqiqalaridanoq Saida Mirziyoyeva sobiq ittifoqdan keyingi davr byurokratik elitasining anʼanaviy vakili emas, balki oʻz vazifasi va masʼuliyatini chuqur anglagan, ochiq muloqotga tayyor rahbar ekanligi ayon boʻladi.
Intervyuning eng muhim tezislaridan biri sifatida “Men – xizmatchiman” deb aniq va rasman aytilishi ramziy maʼnoga ega. Bu gapni shov-shuv yoki koʻrgazmali kamtarlik uchun aytildi deb boʻlmaydi. Bu – uning shaxsiy dunyoqarashining asosidir.
Zamonaviy boshqaruv madaniyati vakili sifatida Saida Mirziyoyeva tizim, jamoalar, maʼlumotlar, nazorat va masʼuliyat haqida xalqaro yetakchilar va ekspertlar hamjamiyatlari tushunadigan tilda gapiradi. Uning nuqtai nazari kabinetda oʻtirib shakllanmagan, balki butun tizimni, undagi cheklov va sustkashliklarni,shu bilan birga progressiv va ortga qaymas islohotlar zarurligiga qatʼiy ishonchni ham qamrab oladi. Uning barcha fikrlari mantiq, shaxsiy tajriba va davlat boshqaruvi jarayonlarining murakkabligini chuqur anglashga asoslangan.
Prezident bilan bajarilayotgan missiya haqida suhbat
Shaxsiy faoliyati haqidagi samimiy fikrlarga boy boʻlishiga qaramay, bu intervyu faqat Saida Mirziyoyeva haqida emas. Suhbat koʻproq Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan bajarilayotgan missiya, mamlakat yetakchisi bilan har kuni birgalikda tizimli faoliyat olib borish haqida.
Saida Mirziyoyeva koʻp yillar davomida Prezident bilan yelkama-yelka ishlab, islohotlar jarayonini ichkaridan turib kuzatgani va unda ishtirok etganiga alohida urgʻu berdi. Intervyuning katta qismi Shavkat Mirziyoyevning rahbarlik uslubiga bagʻishlan. Uning tizimni chuqur bilishi, talabchangligi, masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishi va islohotlarda inson manfaatlariga ustuvorlik berishi (mintaqada kam uchraydigan holat) taʼkidlangan.
“Aslida, mana toʻqqiz yildirki, men har kuni ertalabdan kechgacha u kishi bilan yelkama-yelkaman. Mening shaxsiy hayotim yoʻq hisobi. Kunim administratsiyada boshlanadi, ish tugashi bilan esa uyga yuguraman. Dadam bilan baʼzan birga qaytamiz. Baʼzida esa men uyga shoshilaman, hamma nevaralari bobosini kutib olishi uchun bolalarni yigʻaman”, deydi u.
Qizigʻi shundaki, u Prezident haqida gapirganda faoliyatini maqtash uchun emas, balki toʻliq boshqaruv uslubi nuqtai nazaridan soʻzlaydi. Oʻzbekiston yetakchisi davlat tizimining barcha darajalarida faoliyat yuritgani va nafaqat eski modelni zamon talablariga moslashtira olgani, balki uni demontaj qilishni boshlab, rivojlanishni yangi bosqichga olib chiqishga erisha olgani aytib oʻtiladi.
Saida Mirziyoyeva yangi siyosatning asosiy tub burilishiga toʻxtalib oʻtdi: “U paxta qulligiga chek qoʻydi”. Intervyudagi bu lahza siyosiy iroda, qarshilik koʻrsatishga tayyorlik va strategik qarashni talab qilgan oʻtmish bilan aloqani uzish ramzi sifatida yangradi.
Suhbat davomida Prezident shaxsi abstrakt islohotchi sifatida emas, balki bosqichma-bosqich va prinsipial oʻzgarishlarni amalga oshiradigan arxitektor sifatida ochiladi. U oʻz missiyasini mamlakat va har bir fuqaroga xizmat qilishda koʻradi. Islohotlar faqatgina aniq odamlarning hayotini toʻgʻridan-toʻgʻri yaxshilagan taqdirdagina maʼnoga ega boʻlishiga ishonch Shavkat Mirziyoyev siyosatining asosiy motivi sifatida xizmat qiladi.
Bu kontekstda Saida Mirziyoyevaning “Prezident uchun har bir hayot, har bir shaxs muhim” degan fikri mantiqan juda oʻrinli. Bu tezis suhbat davomida ekologik va taʼlim mavzularidan tortib iqtisodiyot va ijtimoiy siyosatgacha uzluksiz aks etadi. Mazkur gʻoya Prezident Mirziyoyevning reformatorlik siyoasti poydevorini shakllantiradi va islohotlarning bosh maqsadi insonga qaratilganini koʻrsatadi.
Suhbatda Oʻzbekiston hozirda faol va ongli transformatsiya jarayonida boʻlib, iqtisodiy, ijtimoiy va institutsional erkinlashuv jarayonlarining surʼati va chuqurligi boʻyicha mintaqadagi yetakchilardan biriga aylanayotgani aniq qayd etilgan.
Cuhbat davomida resurslar, infratuzilma va oʻtmishdan qolgan murakkab meros kabi cheklovlar ochiq eʼtirof qilinadi. Ana shu jihat suhbatning ishonchlililigini oshirib, islohotlar faqat gʻalabalar zanjiridan iborat emasligi, uzoq va murakkab jarayon ekanligini koʻrsatadi.
Umuman olganda, intervyu shunchaki navbatdagi yangilik yaratish uchun tashkil etilmagan. Bu Markaziy Osiyoda islohotlar nafaqat iqtisodiy hisob-kitoblarga, balki hukumatning jamiyat oldidagi masʼuliyatini chuqur tushunishga ham asoslangan yangi, zamonaviy boshqaruv modeli paydo boʻlayotganini ifodalaydi.
Saida Mirziyoyevaning obrazida shaxsiy pozitsiya, Prezident yonidagi ongli missiya va davlatning strategik maqsadlari yagona nuqtada birlashib, kelajakka nisbatan qatʼiy tasavvur xosil qilganini koʻrish mumkin. Bu oʻz kelajagini ongli va izchil ravishda qurayotgan Oʻzbekistonning surʼatidir.
Intervyu haqida Saida Mirziyoyeva oʻzining fikrlarini ham yozib qoldirdi:
“Suhbat davomida shaxsiy hayotim va ijtimoiy-siyosiy faoliyatimga oid dolzarb hamda jamoatchilikni qiziqtirgan savollarga javob berishga harakat qildim.
Ishonamanki, bunday uchrashuvlar ommaviy axborot vositalari bilan ochiq va samarali muloqot madaniyatini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi”, dedi Saida Shavkatovna.